10:23 / 05.05.2022
5212
XTV tizimidagi barcha maktablarda autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirish yo‘lga qo‘yilishi mumkin
Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Xalq ta’limi tasarrufidagi ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Loyihada XTV tasarrufidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari, barcha turdagi maktab-internatlar va Mehribonlik uylarida (ta’lim tashkilotlari) autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish taklif etilmoqda. Tashabbus mualliflari – Xalq ta’limi va Sog‘liqni saqlash vazirliklari.

Taklifga ko‘ra:

  • ta’lim tashkilotlarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirish hududiy XTBlar tomonidan o‘tkaziladigan xarid qilish tartibi natijalariga ko‘ra tashkil qilinadi;
  • ta’lim tashkilotida ovqatlantirish autsorsing usulida tashkil etilganda, ijara shartnomasi doirasida autsorserga vaqtincha foydalanishga beriladigan oshxonaning ishlab chiqarish va ovqatlanish xonalari, asbob-uskunalari, idish-tovoqlari va mebelidan foydalanganlik uchun to‘lov “nol” stavka bo‘yicha belgilanadi va ulardan samarali foydalanish, saqlanishi va butligi autsorserga yuklanadi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati:

  • ta’lim tashkilotlaridagi oziq-ovqat mahsulotlari va tayyorlanayotgan taomlar, shuningdek, ularda foydalaniladigan texnologik jihozlarning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga mosligi, oshxona xodimlari tomonidan sanitariya-gigiyena talablari bajarilishiga rioya etilishini aniqlash yuzasidan sanitariya holatini o‘rganib boradi;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda o‘quvchilarning fiziologik yoshiga muvofiq oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘yiladigan talablarni inobatga olgan holda, ularni ratsional kunlik ovqatlantirish me’yorlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
Top