20:14 / 05.05.2022
12177
Buloqboshi tumanida tug‘ruq jarayonidagi chaqaloq o‘limi bo‘yicha mas’ullar lavozimidan ozod etildi

Kun.uz Andijonning Buloqboshi tumanida sog‘lom homila tug‘uruq vaqtida nobud bo‘lgani haqida yozgan edi. Holat yuzasidan tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari va tug‘ruq kompleksi mudiri lavozimidan bo‘shatildi; uch nafar tibbiy xodimga intizomiy jazo qo‘llandi.

Foto: Kun.uz

12 aprel kuni Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi tug‘uruq bo‘limiga homiladorlik vaqti o‘tgan Omina Mamatqulova olib kelingan. Kun.uz ona qornidagi sog‘lom chaqaloq tug‘ruq vaqtida vafot etgani bo‘yicha surishtiruv o‘tkazgan edi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, holatni o‘rganish uchun ishchi guruhi tuzilgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, Buloqboshi tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari S. Jo‘rayeva hamda tug‘ruq kompleksi mudiri S.Yusupova lavozimidan ozod etilgan.

Bundan tashqari, tug‘ruq kompleksi navbatchi vrachi akusher-ginekolog N.Ashurova, doya L.To‘raqulova va kichik tibbiy xodim I.Mamajonovalarga intizomiy jazo qo‘llangan.

Tayyorlangan hujjatlar tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Omina Mamatqulova Kun.uz bilan suhbatda tungi navbatchilikdagi shifokor va yordamchisi uning qiynalayotganini ko‘raturib hech qanday yordam berishmaganini aytgandi.

Shifokorlar tomonidan tug‘uruqni tezlashtirish uchun dori berilgan. Yetarli quvvatga ega bo‘lmagan ona esa jarrohlik amaliyotisiz tug‘uruqni o‘tkazishga majburlangan. Ayol juda ko‘p qon yo‘qotib, hushidan ketgach, operatsiya stoliga yotqizilgan.

5 kilo tug‘ilgan chaqaloq operatsiya jarayonida ona qornidan jonsiz holda olingani qayd etilgan. Biroq bemor va oila a’zolari bola sog‘lom bo‘lgani, aynan tug‘uruqqacha bo‘lgan jarayondagi shifokorlarning beparvoligi oqibatida nobud bo‘lganini ta’kidlagan.

Top