23:07 / 05.05.2022
16068
Yirik hisobda g‘alaba qozongan Farrux Rafiqov jamoasi final uchun yaqqol da’vogarga aylandi

Arablar nimani “uyqusizlikning otasi” deb atashadi? Asalarilar nega raqs tushadi? Urush vaqtida fashist samolyotlari Peterburgdagi soborni nega o‘qqa tutmagan? “Zakovat” teleo‘yini bahorgi mavsumining uchinchi o‘yinidagi qiziqarli savollar bilan tanishing.

Foto: Zakovat

Bahorgi mavsum Zakovat o‘yinlari bilimdonlar va muxlislar e’tiboriga yangi mavsum o‘yinlarini havola qilishda davom etmoqda. O‘yindan o‘yinga qiziqish ortayotgan turnirning bu galgi sonida Farrux Rafiqov va uning jamoasi ishtirok etdi. Bahorgi mavsumda ishtirok etayotgan eng tajribali ikki jamoaning biri hisoblangan mazkur jamoa kutilganiday yorqin o‘yin namoyish etdi. Shubhasiz, jamoaning har bir a’zosi o‘z sohasining yetuk va kuchli mutaxassislaridir.

Jamoa a’zolari:

Farrux Rafiqov – muhandis-loyihachi (jamoa sardori);

Azizbek Abdullayev – mustaqil tadqiqotchi;

Umarxon Sharif – muhandis;

Ravshan Ismoilov – UzTelecom aksiyadorlik jamiyati mutaxassisi;

Saidkamol Abdurazzoqov – menejyer;

Shavkat Ulug‘ov – muhandis-texnolog.

Arab tili leksikologiyasi haqidagi savol bilan boshlangan birinchi raund jamoada to‘g‘ri variant bo‘la turib noto‘g‘risi tanlangani bilan esda qoldi. Hisob – 0:1.

Ikkinchi raund savoli Rossiya imperatorlari tamaddi vaqtida ishlatadigan bo‘rtma shisha idishlar haqida bo‘ldi. Bu raundda ham jamoa to‘g‘ri variant qolib noto‘g‘risini berdi – 0:2.

Nihoyat, uchinchi raundda jamoa to‘g‘ri variantni “qochirib” yubormadi. Bu raundda adabiyotga murojaat qilinib, Nodir Normatovning “Ko‘zgudagi ikkovlon” asari voqealari asosida Sibirga surgun qilinganlar haqida savol o‘ynaldi. Jamoa birinchi ochkoni qo‘lga kiritdi – 1:2.

To‘rtinchi raundda tabiat mo‘jizalaridan biri – asalarilar raqsi haqida ajoyib savol yangradi. Asalarilar raqslarini o‘rgangan olim Nobel mukofotiga sazovor bo‘lganini bilardingizmi? Ushbu savolda qiyin ahvolda qolgan jamoa tajribali o‘yinchisi Saidkamol Abdurazzoqovga ishonch bildirdi. “Zakovat” magistrining uncha ishonqiramay bergan javobi to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Hisob tenglashdi – 2:2.

Keyingi raundda Vetnam urush davrida dala gospitallarida saqlangan velosipedlar haqidagi savol o‘rtaga tashlandi. Bilimdonlar qiyinchiliksiz tarozi pallasini o‘zlari tarafga og‘dirdi. Hisob – 3:2.

Oltinchi raundda ikki kishi uchun mo‘ljallangan g‘aroyib qaychi haqidagi savolga muddatidan oldin to‘g‘ri javob berildi – 4:2.

Yettinchi raund savoli butun dunyoga mashhur “If” qal’asi haqida bo‘ldi. Muhokamalarga boy o‘tgan ushbu savol nafaqat bilimdonlarda, balki zaldagilarda ham katta qiziqish uyg‘otdi. Ketma-ket beshinchi savolga to‘g‘ri javob bergan jamoa 5:2 hisobida oldinga chiqib oldi.

To‘xtatib bo‘lmayotgan jamoani Jaloliddin Rumiy ijodi haqidagi blits-savollar biroz qiynab qo‘ydi. Blitsning birinchi savolidayoq raund boy berildi – 5:3.

To‘qqizinchi raundga kelib yana jamoa o‘zini o‘nglab oldi. Sankt-Peterburgdagi sobor haqida berilgan qiziqarli savolda Saidkamol Abdurazzoqov yana o‘z so‘zini aytdi. Hisob esa – 6:3, bilimdonlar foydasiga!

Nihoyat, mavsum boshidan buyon ilk bor bilimdonlar jamoasi g‘alaba qozondi. G‘alaba qozonganda ham bu ishga oson va yengil erishdi. Intihosi ibtidosidan yengil va zavqli kechgan o‘yin!

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishing.

1-raund. Savol muallifi - Sulton Nabijonov, Baliqchi tumani.

Boshlovchi: Arabcha «abu» so‘zi – ota ma’nosini bildiradi. U faqat insonlarga emas, hayvonlarga, jonli-jonsiz narsalarga nisbatan ham ishlatiladi. Masalan: "Abu riyoh" – shamol otasi, ya’ni flyugerni shunday atashadi, "Abu nayim" – uyqu otasi, ya’ni uyqu dorisi ataladi. Uyqusizlik otasi sifatida – “Abul  yakson” tilga olinadi. Arablar "Abul yakson" deb uni ham atashadi.

Diqqat savol: "Abul yakson" deb yana nimani aytishadi?

Javobni Farrux Rafiqov beradi: "Abul yakson" deb arablar balki kofeni aytishar.

To‘g‘ri javob: Ular "Abul yakson" deb xo‘rozni aytishadi. Ya’ni, odamlarning uyqusi ularni ovozlari sababli “yakson” bo‘ladi.

Hisob: 0:1

Savol muallifi - Sulton Nabijonov 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi‌‌.

2-raund. Savol muallifi - Saida Usmonova, Toshkent shahri.

Boshlovchi: Marhamat ekranga qarang!

XIX asr Rossiya imperatorlari tushlik va kechki ovqat vaqtida stolda albatta mana shunaqa tagi g‘adir-budur bokallar turgan.

Diqqat savol: Qachon bu bokallarda ichimliklar ichilgan?

Javobni Saidkamol Abdurazzoqov beradi: Idishda yelkanli kema tasvirlangan. Kemaga chiqqanda deylik.

To‘g‘ri javob: Tortiladigan taomga bog‘liq bu narsa, agar tovuq, kurka, kaklik kabi qushlarning go‘shti tortilsa, ular qo‘llari bilan yeyishgan. Ana shunda mana shunday bokallarga suyuqlik quyib ichishgan.

Hisob: 0:2

Savol muallifi - Saida Usmonova 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi‌‌

3-raund. Savol muallifi - Akbarali Yunusov, O‘rta Chirchiq tumani.

Boshlovchi: Nodir Normatovning "Ko‘zgudagi ikkovlon" asarida Sibirga surgun qilinganlar orasida bitta alohida brigada bo‘lganligi yoziladi. Ularning aniq vazifasi ham bo‘lgan ekan. Ular o‘z vazifalarini bajarish uchun ko‘p daraxtlarni kesib, yoqib yuborishlariga to‘g‘ri kelgan ekan.

Diqqat savol: Bu brigadaning vazifasini va nega ko‘p olov yoqishganligini toping.

Javobni Azizbek Abdullayev beradi: Sibirga surgun qilinganlar sovuq o‘rmonda boshqalardan yayov olib ketilgan, albattaki, holsizlikdan vafot etganlar ham bo‘lgan orasida, shularni ko‘mish kerak bo‘lgan. Bundan maqsad, qazish oson bo‘lishi uchun daraxtlarni yoqib, yerni muzini eritib, go‘r qazib ko‘mish bo‘lgan.

To‘g‘ri javob: Og‘ir sharoitda ishlagan mahbuslar orasida o‘lim ko‘p kuzatilgan, ularni ko‘mish bilan shug‘ullangan ushbu brigada. Sibir, sovuq, yerlar muzlagan. Yerni yumshatish uchun esa ancha olov yoqish kerak bo‘lgan.

Hisob: 1:2

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

4-raund. Savol muallifi - Farrux Rajabov, Shofirkon tumani.

Boshlovchi: Diqqatni ekranga qaratinglar!

Ari bir harakatni qaytarmoqda. Asalarilar raqs turlarini, ular harakatlarining ma’nosini o‘rgangan avstriyalik fiziolog olim, Nobel mukofoti sohibi Karl fon Frish, ularni kuzatib ushbu sxemani aniqlagan. Ko‘rib turganingizdek, bir ari raqs tushmoqda. Frish ularni bu raqsidagi ma’noni topgan va Nobelga ega bo‘lgan.

Diqqat savol: O‘rtadagi asalari nega bunaqangi harakatlarni amalga oshiryapti deb o‘ylaysiz?

Javobni Saidkamol Abdurazzoqov beradi: Bizni fikrimizcha nektar qayerda ekanligini topgan bitta ari qolganlariga xabar berishi kerak qayoqdaligini. Mana shu harakatlari orqali yo‘nalishdan tashqari aylanuv masofasi nektargacha bo‘lgan masofani bildiradi.

To‘g‘ri javob: Bu raqs bilan boshqa ishchi asalarilarga u yangi topilgan gulzorni tushuntiryapti. Mana shu yerga borishni sxematik ko‘rsatib bermoqda. Arilar harakati orqali yangi gulzorni qayerdaligini tushuntirib bermoqda.

Hisob: 2:2

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

5-raund. Savol muallifi - Dostonbek Qoraboshev, Sardoba tumani.

Boshlovchi: XX asr 60 yillarida Vetnamdagi urush vaqtida, Vetnam harbiy dala gospitallari ichida 3-4 ta velosipedlar saqlangan. Bu velosipedlar faqat ekstremal holatlarda ishga tushgan.

Diqqat savol: Urush vaqtini ko‘z oldingizga keltiring va ayting, bu kabi velosipedlarni qachon ishlatishgan?

Javobni Saidkamol Abdurazzoqov beradi: Bizning fikrimizcha, 60 yillarni tasavvur qildik. Dala gospitallari deyildi, har doim ham emas, operatsiya bo‘layotgan paytda chiroq bo‘lmay qolsa, o‘zini to‘g‘ri funksiyasida emas, balki velosiped g‘ildiragini aylantirish orqali dinamik ishlatib, chiroq olsa bo‘ladi. Shu chiroq olish deb o‘ylaymiz.

To‘g‘ri javob: Havo hujumlari vaqtida operatsiya bo‘layotgan bo‘lsa, uni tugallab olish uchun velosipedlar orqali, yo‘q bo‘lib qolgan elektr energiya hosil qilinadi.

Hisob: 3:2

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

6-raund. Savol muallifi – Oxunjon Shukurov, Sankt-Peterburg shahri.

Boshlovchi: Marhamat ekranga qarang!

G‘aroyib qaychi surati.

Diqqat savol: Bu qaychi ko‘rinishidan kelib chiqib ayting. Bunday qaychilar kimlar uchun ishlab chiqarilgan?

Jamoa muddatdan oldin javob beradi.

Javobni Ravshan Ismoilov beradi: Agar xotiram pand bermayotgan bo‘lsa, bu ota-onalar bolalariga qaychidan foydalanishni o‘rgatish uchun ishlab chiqarilgan.

To‘g‘ri javob: Yosh bolalarga kesishni o‘rgatish uchun ishlab chiqarilgan. O‘rtasidan bola barmog‘i tiqiladi, ikki yuqori chekkadan onasini qo‘li tiqiladi.

Hisob: 4:2

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

7-raund. Savol muallifi - Ravshanbek Mamajonov, To‘raqo‘rg‘on tumani.

Boshlovchi: Marhamat ekranga qarang!

Mashhur If qal’asining surati bu. Turistlar bu qal’aga oqib kelishadi. Tarixchi Alen Dekoning yozishicha, turistlarni bu orolga olib kelishlariga, qal’ani mashhur bo‘lishiga ikkita asarning ikkita personaji katta rol o‘ynaydi. Birinchisi "Edmond Dantes" bo‘lsa, ikkinchisi ... Ikkinchisiga ikkinchi qavatdan xona ochib berilgan. Aslida U bu qamoqda bo‘lmagan.

Diqqat savol: Bu mahbus kim?

Javobni Saidkamol Abdurazzoqov beradi: Bittasini o‘zingiz aytib o‘tingiz "Edmond Dantes" bo‘lsa, ikkinchisi, bizni fikrimizcha "Temir niqobli odam" hisoblanadi.

To‘g‘ri javob: Birinchisini aytdim bu – "Edmond Dantes", "Graf Monte Kristo" asari qahramoni. Ikkinchisi AQSh kino ijodkorlari yaratgan "Temir niqobli odam" filmidagi Leonardo Di Kaprio gavdalantirgan «Filipp» roli. Tarixchilar uni hayotda emas, badiiy asarlarda paydo bo‘lgan obraz deyishadi. Shuning uchun ham turistlar uchun ikkinchi qavatda unga xona ochib berishgan. Mana bu yerda "Temir niqobli odam" qamalgan degan ma’noda.

Hisob: 5:2

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

8-raund. Blits. Savol muallifi - Bahodir Haydarov, Shahrixon shahri.

Blits mavzusi: Jaloliddin Rumiy hikmatlari.

1-savol.

Boshlovchi: Tiliga hokim bo‘lmagan insondan do‘st chiqmas. Ko‘ziga hokim bo‘lmagan insondan ... chiqmas.

Diqqat savol: Iborani bitta so‘z bilan to‘ldiring.

Javobni Farrux Rafiqov beradi: Qorovul deylik.

To‘g‘ri javob: Tiliga hokim bo‘lmagan insondan do‘st chiqmas. Ko‘ziga hokim bo‘lmagan insondan yor chiqmas. Uni ko‘zi o‘ynab tursa undan yor chiqmaydi. Jaloliddin Rumiy davrida ham mana shunday muammo bo‘lgan ekan.

Hisob: 5:3

Savol muallifi Bahodir Haydarov 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

9 -raund. Savol muallifi – Adham Qo‘ziboyev, Nurobod tumani.

Boshlovchi: Marhamat ekranga qarang!

Biz sizlarga Sankt-Peterburgdagi sobor suratini ko‘rsatyapmiz. Ikkinchi jahon urushida o‘sha paytdagi Leningrad 900 kun qamal qilingan, atrofdan o‘rab olib nemis artilleriyasi shaharni obdon o‘qqa tutgan. Lekin bu sobor negadir butun qolgan.

Diqqat savol: Nega bu minora omon qolgan?

Javobni Saidkamol Abdurazzoqov beradi: Bizning fikrimizcha nemislarni o‘zlari ataylabdan omon qoldirgan. Chunki o‘sha bombardimon qilinayotgan paytda oriyentir bo‘lib xizmat qilgan.

To‘g‘ri javob: Bu maqbara nemislar uchun oriyentir vazifasini o‘tagan. Shu binoni mo‘ljallab boshqa binolarga o‘q uzilgan. Shuning uchun omon qolgan.

Hisob: 6:3

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

“Zakovat” magistri – Saidkamol Abdurazzoqov o‘yinning eng yaxshi bilimdoni deb topildi va unga 5 million so‘m mukofot beriladigan bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, mavsum o‘yinlarida bilimdonlar har bir to‘g‘ri berilgan javob uchun 1 mln so‘mdan, savol bilan ishtirok etgan muxlislar esa savoli nechanchi bo‘lib topilmaganiga qarab 1 mlndan 6 mln so‘mgacha pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Top