21:23 / 05.05.2022
16263
Firdavs Abduxoliqov “NAESMI”ni 2,7 mlrd so‘m qarz bilan qoldirgani ma’lum bo‘ldi

Sobiq EOAVMAning sobiq raisi Firdavs Abduxoliqov assotsiatsiyani tark etayotganida tashkilotning 2,7 mlrd so‘mlik qarzi bo‘lgan. Bu haqda assotsiatsiyaning yangi rahbari Sherzodxon Qudratxo‘ja ma’lum qildi. Abduxoliqov 19 yil davomida egallab kelgan lavozimini shu yil fevral oyida, korrupsion mojaro ortidan tark etgan edi.

Firdavs Abduxoliqov / Foto: Wikipedia

O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasiga sobiq rais Firdavs Abduxoliqovdan 2,7 mlrd so‘mlik qarz “meros” bo‘lib qolgan. Bu haqda, Qalampir.uz xabariga ko‘ra, tashkilotning yangi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja 4 may kuni o‘tkazilgan assotsiatsiyaning hisobot yig‘ilishida ma’lum qilgan.

Toshkentdagi “Hilton” mehmonxonasida o‘tgan yig‘ilishda qatnashgan nashr muxbirining xabar berishicha, tashkilotning yangi rahbari assotsiatsiya o‘z a’zolaridan 2,7 mlrd so‘m qarzdor ekanini aytib, buni hal qilish uchun iqtisodiy rivojlanish konsepsiyasi ishlab chiqilayotganini bildirgan.

Sherzodxon Qudratxo‘ja O‘zMMAning 4 may kuni "Birlashish nuqtasi" nomi ostida o‘tkazilgan media anjumanida / Foto: O‘zMMA 

Uning so‘zlariga ko‘ra, qarzdorlikning kelib chiqishi shartnomalarning “biroz noto‘g‘ri tuzilgani” va “keraksiz narsalar”, xususan texnikalar xarid qilingani bilan bog‘liq.

“O‘sha paytda biz tuzgan shartnomalar biroz noto‘g‘ri tuzilgan. Bizga homiylik qilib berilmagan, “xizmat ko‘rsatish” deb berilgan. Ko‘pchiligini bizga, shaxsan menga yopish qiyin bo‘lyapti. Chunki bizdan “otrabotka”, “schet faktura” so‘raydi. Biz unaqasiga ham, bunaqasiga ham yopolmaymiz. Vazirlik, tashkilotlar ham belgilangan summadan bor-yo‘g‘i 53 foizini tushirishgan, qolgan pul tushmagan. Lekin men bilaman, sizlar [bu pullardan belgilangan] oyliklarni berib, soliqni to‘lab, xarajat qilib bo‘lgansizlar. Shuning uchun menga ozgina vaqt berasizlar, men bu raqamlarni joyiga qo‘yaman”, deya assotsiatsiya a’zolaridan qarz uchun muhlat so‘ragan Qudratxo‘ja.

U, shuningdek, assotsiatsiyaga eski rahbariyat davrida keraksiz texnikalar olingani, endilikda bu texnikalar Firdavs Abduxoliqov rahbarligidagi Kinematografiya agentligiga sotilayotganini aytgan.

“Mol-mulkimizda keraksiz narsalar bor ekan. Shularni sotuvga qo‘ydim. Bizda saylov payti olingan juda katta miqdorda ekranlar bor. Ularni sotyapmiz, “O‘zbekkino” sotib olyapti. Ishlatilgan “dorojka”lar, ba’zi texnikalar bor. Ochig‘i, menga shularni sizlarga berish orqali qarzdan qutilish taklifi bo‘ldi. Yo‘q, men ularga ishlatilgan “dorojka”, monoblog bermayman, pulini beraman dedim”, degan Sherzodxon Qudratxo‘ja va muammo yechimi uchun a’zolardan unga biroz vaqt berishlarini so‘ragan.

Avvalroq xabar qilinganidek, mazkur yig‘ilishda EOAVMA nomini O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi deb o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Assotsiatsiyaga Abrorjon Po‘latov bosh direktor etib tayinlandi.

O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi – nodavlat-notijorat tashkilot bo‘lib, 18ta nodavlat telekanal, 19ta radiokanal va kabel televideniyesiga a’zo 100ta elektron OAVni o‘z ichiga olgan.

Tashkilotni 19 yil davomida boshqarib kelgan Firdavs Abduxoliqov 2022 yil fevral oyida iste’fo bergan, bu uning davlat amaldori sifatida korrupsion mojaro figurantiga aylanishi fonida ro‘y bergandi.

Kinematografiya agentligi bosh direktori lavozimini egallab kelayotgan Abduxoliqov o‘z oila a’zolariga tegishli telekanalga milliy serial suratga olish bo‘yicha davlat buyurtmasini berib, manfaatlar to‘qnashuviga oid qonunchilikni buzgani uchun sud tartibida ma’muriy jarimaga tortilgan edi.

Mavzuga oid
Top