15:26 / 05.05.2022
11750
Jizzaxda yo‘lovchi talashgan taksichi boshqa bir taksichini Lacetti mashinasi kapotida sudrab ketdi

Holat bo‘yicha qoidabuzarga tegishli tartibda chora ko‘rilgan. Hodisa yuzasidan hududiy profilaktika inspektori tomonidan qo‘shimcha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumani Gagarin shaharchasida yo‘lovchi talashgan taksichilar o‘rtasida janjal yuzaga kelgani, oqibatda ulardan biri ikkinchisini Lacetti mashinasining kapotida sudrab ketgani tasvirlangan video tarqaldi. Hodisa yuzasidan IIV YHXBB axborot xizmati ma’lumot berdi.

Unda aytilishicha, hodisa yuzasidan viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati YHXB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilgan. Surishtiruvda aniqlanishicha, Mirzacho‘l tumani Gagarin shaharchasida bir qancha haydovchilar yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun maxsus litsenziyaga ega bo‘lmay turib, taksichilik qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda ularning yo‘lovchi (mijoz) talashgani va o‘rtada kelib chiqqan nizoli holat tasvirlangan. Oqibatda Lacetti haydovchisi o‘zga bir shaxsning hayotiga xavf soluvchi hamda yo‘l-transport hodisasini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan harakatni amalga oshirgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Lacetti haydovchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 128-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Shuningdek, fuqarolarning o‘zaro tortishuvli holati bo‘yicha hududiy profilaktika inspektori tomonidan qo‘shimcha surishtiruv olib borilmoqda.

Top