12:01 / 05.05.2022
23649
“Mening fikrim” portaliga “tonirovka” masalasida murojaat yo‘llandi

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga transport vositalari oynalarini qoraytirish uchun belgilangan to‘lovni kamaytirishni so‘rab, murojaat yo‘llandi. Murojaat ovozga qo‘yilishi uchun moderatorlar tasdig‘idan o‘tishi lozim.

Murojaat muallifi O‘zbekistonda issiq mavsum yilda 7 oy davom etishi, ayniqsa yozda harorat yuqori bo‘lishini qayd etgan.

Amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun avtomobil oynalarini qoraytirishga ruxsat olish to‘lovi quyidagicha:

  • orqa yon oynalar – yiliga 4,5 BHM (1 mln 215 ming so‘m);
  • barcha yon oynalar – yiliga 45 BHM (12 mln 150 ming so‘m).

Murojaat muallifi to‘lovlar miqdorini quyidagicha belgilashni taklif etgan:

  • orqa yon oynalar – 0,5 BHM (145 ming so‘m);
  • barcha yon oynalar – 2 BHM (540 ming so‘m).

Muallif, shuningdek, ruxsatnomani 3, 6, 9 va 12 oyga olish imkoniyati yaratilishini ham so‘ragan. Uning hisoblashicha, to‘lovni ruxsatnomaning amal qilish muddati davomida to‘lash mumkin bo‘lishi kerak.

Amaldagi qoidalarga ko‘ra, murojaat matni yuborilgach, portal moderatori (Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti) murojaatni kamida 5 nafar shaxs qo‘llab-quvvatlashi uchun murojaat tashabbuskoriga maxsus havolani jo‘natadi. Yuqoridagi holatda tashabbuskor zarur 5ta ovozni 3 may kuni to‘plagan. Endilikda murojaat 15 kun ichida moderator tomonidan ekspertizadan o‘tkazilishi lozim.

Ishchi komissiya moderatorning ekspertizasidan keyin murojaatni Mening fikrim veb-portaliga joylashtirish to‘g‘risida yoki joylashtirishni rad etish haqida qaror qabul qiladi. Moderatorning ijobiy xulosasi olinmagunga qadar murojaatga ovoz berib bo‘lmaydi.

Ovozga qo‘yilgan murojaatlar 10 mingtadan ortiq ovoz to‘plagan taqdirda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

O‘tgan oyda YHXX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov Kun.uz savoliga javoban “tonirovka” masalasida yengillik berilishi kutilmayotganini ma’lum qilgandi.

Top