17:50 / 05.05.2022
13267

Osiyo o‘yinlari g‘oliblariga pul mukofotlari e’lon qilindi

2022 yil kuzida Xitoyning Hanchjou shahrida Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Unda chempion bo‘lgan O‘zbekiston sportchilariga 5 ming dollar va 81 mln so‘m, kumush va bronza medal olganlari esa mos ravishda 3 ming dollar va 54 mln so‘m hamda 2 ming dollar va 27 mln so‘m beriladi. Murabbiylar, shifokorlar, massajistlar, diyetologlar va boshqalarga beriladigan pul mukofotlari miqdori ham tasdiqlandi.

Foto: Inside the games

Bu – 5 may kuni prezident imzolagan, O‘zbekiston sportchilarini musobaqaga kompleks tayyorlash to‘g‘risida qarorda ko‘zda tutilgan.

Qarorga ko‘ra, XIX Osiyo va IV Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib va sovrindorlar, ularning trenerlari har bir medal uchun quyidagicha rag‘batlantiriladi:

G‘olib va sovrindorlar:

  • oltin medal uchun – 5 000 dollar;
  • kumush medal uchun – 3 000 dollar;
  • bronza medal uchun – 2 000 dollar;

G‘olib va sovrindorlarni tayyorlagan trenerlar:

  • oltin medal uchun – 2 500 dollar;
  • kumush medal uchun – 1 500 dollar;
  • bronza medal uchun – 1 000 dollar;

Boshqa mutaxassislar (shifokor, diyetolog, massajist va boshqalar):

  • oltin medal uchun – 2 000 dollar;
  • kumush medal uchun – 1 000 dollar;
  • bronza medal uchun – 500 dollar miqdorida bir martalik pul mukofotlari.

Bundan tashqari, g‘olib va sovrindorlar, trenerlar qo‘shimcha ravishda mahalliy budjetdan quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

G‘olib va sovrindorlar:

  • oltin medal uchun – BHMning 300 baravari (81 mln so‘m);
  • kumush medal uchun – BHMning 200 baravari (54 mln so‘m);
  • bronza medal uchun – BHMning 100 baravari (27 mln so‘m);

G‘olib va sovrindorlarni tayyorlagan trenerlar:

  • oltin medal uchun – 200 BHM (54 mln so‘m);
  • kumush medal uchun – 100 BHM (27 mln so‘m);
  • bronza medal uchun – 50 BHM (13,5 mln so‘m).
Top