19:13 / 05.05.2022
5177

Prezident O‘zbekistonning elektron xaritasini yil oxirigacha ishga tushirishni buyurdi

Elektron xaritaga tez yordam va boshqa barcha shoshilinch xizmatlar integratsiya qilinadi. Kelgusi 3 yilda tez tibbiy yordam avtoparkini to‘liq yangilash, barcha tez yordam mashinalarini navigatsiya tizimiga ulash, shu orqali chaqiruvlarga yetib borish vaqtini 3 barobarga qisqarish vazifasi yuklatildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tez tibbiy yordam mashinalarida zamonaviy navigatsiya jihozlarining yo‘qligi, 10 mingta ko‘chalarga haligacha nom, 500 mingga yaqin uylarga raqam berilmagani uchun tez yordam brigadalarining asosiy vaqti manzilni topishga sarflanmoqda. Bu haqda 5 may kungi yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev aytib o‘tdi.

Davlat rahbari 2022 yil oxirigacha:

  • 10 mingta ko‘chaga nom berish ishlarini yakunlash;
  • O‘zbekistonning elektron raqamli xaritasini ishga tushirish;
  • elektron raqamli xaritani barcha shoshilinch xizmatlar bilan integratsiya qilishni topshirdi.

Ma’lum qilinishicha, 2022–2025 yillarda tez tibbiy yordam tizimidagi barcha “Damas” va boshqa eskirgan mashinalar zamonaviy avtomobillarga almashtiriladi.

Xususan, 2022 yilda 890 ta, 2023 yildan boshlab har yili 450 tadan yangi avtomobil, jumladan, reanimatsiya mashinalari olib beriladi. Barcha tez yordam transportlari navigatsiya tizimiga ulanadi.

Bu maqsadlar uchun tez tibbiy yordamga budjetdan ajratilayotgan mablag‘larni ochiq-oshkora sarflash tizimini yaratish, iqtisod qilingan mablag‘larni transport parkini yangilashga yo‘naltirish zarurligi aytildi.

Natijada kelgusi 3 yilda tez tibbiy yordam avtoparki to‘liq yangilanadi. Buning natijasida chaqiruvlarga yetib borish vaqti 3 barobarga qisqarishi kutilmoqda.

“O‘zavtosanoat” oldiga joriy yilda olib berilishi lozim bo‘lgan mashinalarni o‘z vaqtida ishlab chiqarib, yetkazib berish vazifasi qo‘yildi.

Top