16:30 / 05.05.2022
10531
PTMA tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul tartibi belgilandi

Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘quvchilar 5- va 7-sinfdan boshlab, imtihon asosida qabul qilinadi. Bunday maktablardagi sinflarda o‘quvchilar soni 24tadan oshmaydi. Bolalar faqat o‘z hududidagi ixtisoslashgan maktabda o‘qishi mumkin.

Foto: Kun.uz

Hukumat qarori bilan Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablar to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.

Nizomga muvofiq, ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilish imtihonlar asosida amalga oshiriladi.

O‘quvchilar faqat o‘z hududidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilinadi.

Tanlovda qatnanish uchun qabul komissiyasiga platforma orqali hujjatlar (tug‘ilganlik guvohnomasi, tabel nusxasi, 3x4 rasm, olimpiada g‘olibligini tasdiqlovchi hujjat (bor bo‘lsa) yuboriladi.

Kirish imtihonlari quyidagi fanlardan test shaklida o‘tkaziladi:

  • aniq fanlar yo‘nalishida: matematika, fizika, ingliz tili;
  • tabiiy fanlar yo‘nalishida: biologiya, kimyo, matematika, ingliz tili.

Maktablarda ta’lim aniq fanlar yo‘nalishi bo‘yicha 5-11 sinflar, tabiiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha 7-11 sinflarda amalga oshiriladi.

Har bir sinfda o‘quvchilar 24 nafardan ko‘p bo‘lmaydi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ixtisoslashtirilgan maktablar Prezident ta’lim muassasalari agentligiga o‘tkazilmoqda.

O‘tgan oy imzolangan prezident farmoniga binoan, 2022 yil 1 sentabrgacha vazirlik, idora va tashkilotlar tasarrufida bo‘lgan ta’lim muassasalari negizida MTMA tizimiga kiruvchi 141 ta ixtisoslashtirilgan maktab va 19 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etiladi.

Mavzuga oid
Top