18:15 / 05.05.2022
1900
Shaharlarda tez yordamning kechikishlari 5 yil ichida 10 baravarga qisqargani ma’lum qilindi
Foto: Kun.uz

Prezident raisligida tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmati faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

“Tibbiyot tizimidagi islohotlarimizni odamlar, birinchi navbatda, tez tibbiy va shoshilinch yordamda bo‘lgan o‘zgarishlarni ko‘rgandagina his qiladi.

Inson sog‘lig‘i va uning hayotini saqlab qolishda “oltin soat” oralig‘ida birinchi yordam ko‘rsatuvchi bo‘g‘in, albatta, tez tibbiy va shoshilinch yordam hisoblanadi.

Aytish joizki, ushbu soha umuman e’tibordan chetda qolib ketgan edi.

Mana, so‘nggi besh yilda ushbu hayotiy muhim sohalarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha katta ishlarni boshladik”, dedi prezident so‘zining avvalida.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ta’kidlanishicha, bu davrda:

  • 2 224 ta yangi tez yordam mashinalari olib berilgan yoki transport parkining 80 foizi yangilangan;
  • zamonaviy reanimatsiya mashinalari soni 24 tadan 435 taga ko‘paytirilgan;
  • bitta chaqiriqqa dori-darmon uchun ajratilayotgan mablag‘lar miqdori 16 baravarga, dori-darmon turlari 20 tadan 45 tagacha oshirilgan;
  • viloyat tez yordam markazlarida 40 dan ziyod yuqori texnologik operatsiyalar yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, tez yordam podstansiyalari soni 800 tadan 1 666 taga, tibbiy yordam brigadalari esa 1 890 tadan 2 695 taga yetkazilgan; natijada tez yordamning kechikishlari shaharlarda 10 baravarga qisqargan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Hududlarda 21 ta tumanlararo qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etilgan (yil yakuniga qadar markazlar soni 35 taga yetkaziladi).

Masalan, “Qamchiq” dovonidagi avtohalokatlarda og‘ir tan jarohati olgan bemorlar oldinlari 100 kilometr masofani bosib, Toshkent va Namangan shahridagi shoshilinch markazlarga olib borilgan.

Angren shahri va Pop tumanida ochilgan markazlar hisobiga o‘tgan 3 oyning o‘zida bosh miyada 80 ga yaqin shoshilinch murakkab operatsiyalar o‘tkazilgan.

Yoki Qo‘rg‘ontepa tumanida tashkil etilgan markazda o‘tkir yurak qon-tomir kasalliklari bo‘yicha 68 nafar bemorga shoshilinch operatsiyalar o‘tkazilib, ularning hayoti saqlab qolingan. Oldinlari bu operatsiyalar faqat Andijon shahrida bo‘lgan.

Qayd etilishicha, Shahrisabz, Kasbi, Sirdaryo tumanlarida bunday markazlarni tashkil etish ishlari sust kechmoqda.

Top