10:57 / 05.05.2022
16203
Yemagan somsaga to‘langan pul – Navoiyda o‘qituvchilardan bormagan konsertiga chipta uchun pul yig‘ildi 

Karmana tumanidagi umumta’lim maktablarida qiziqchi Zokir Ochildiyevning konsertiga majburiy chipta sotildi. Topshiriqni tuman hokimi o‘rinbosari bergani aytilmoqda.

Foto: Kun.uz

Konsert dasturi 2022 yil 5 may kuni Karmana tumani markazidagi o‘yingohda bo‘lib o‘tishi belgilangan. Chipta narxi 20 000 so‘m. Chiptalar esa o‘qituvchi va o‘quvchilar soniga qarab umumta’lim maktablariga majburiy ravishda tarqatilgan. Kun.uz’ning bir nechta manbasi chiptalar majburiy sotilganini tasdiqladi.

Tumandagi aksariyat maktablarda garchi konsertga borishni istamasa ham o‘qituvchilardan chipta uchun pul yig‘ib chiqilgan. Bunda maktabga berilgan chiptalarning umumiy summasi o‘qituvchilarga teng taqsimlangan. Ayrim maktablarda esa chiptaga pul yig‘ish “operatsiyasi” o‘qituvchilarning dars soatiga qarab amalga oshirilgan.   

“Bizning maktabda metod birlashmalarga beribdi. Biz olmaymiz desak ham majburlashdi. Keyin bormasak ham maktabimizga “ajratilgan” chipta pulini to‘plash uchun 2000-3000 so‘mdan berdik”, — deydi tumandagi 11-maktab o‘qituvchisi.

Kun.uz holat yuzasidan Navoiy viloyati XTB boshlig‘i Marat Shamuratov bilan bog‘landi. Boshqarma boshlig‘iga ko‘ra, chipta sotish topshirig‘ini tuman XTB mudiriga tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Elyor Kenjayev bergan.

“Mening xabarim yo‘q edi. Topshiriqni Karmana tumani hokimining o‘rinbosari beribdi. Hozirgina tuman XTB mudiri bilan gaplashdim. Maktablarga majburiy tarqatilgan chiptalar qaytarib olinadi”, — deya ma’lum qildi Marat Shamuratov.

Bu Karmanada o‘qituvchilardan majburiy pul yig‘ishdagi ilk holat emas. Oldinroq tumanda XTB mas’ullari chet tili o‘qituvchilariga bozor narxi 60 ming so‘m bo‘lgan kitobni 483 ming so‘mdan pullamoqchi bo‘lishgandi. Xalq ta’limi vazirligining o‘rganishidan so‘ng tuman XTB mudiri, metodist va bosh hisobchi ishdan olingan edi.  

Top