14:04 / 05.05.2022
27354

“Yuksalish” harakati 9 may sanasini ortiqcha siyosiylashtirmaslikka chaqirdi

O‘zbekiston “Yuksalish” umummilliy harakati 9 may – Xotira va qadrlash kunini ortiqcha siyosiylashtirmaslik va milliy qadriyatlarga tayangan holda nishonlash chaqirig‘i bilan chiqdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bayonotda bu kun – II jahon urushida qurbon bo‘lgan yarim millionga yaqin o‘zbekistonliklar va umuman Vatan ravnaqi yo‘lida halok bo‘lgan barcha vatandoshlarni xotirlash, o‘zbek xalqining urushdagi va front ortidagi jasoratini anglash, fojialardan xulosa chiqarish kuni ekani qayd etilgan.

“O‘zbekistonda 9 may – Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlanadi. Har yili may oyi boshlarida turli rasmiy va norasmiy doiralarda ushbu kunni siyosiylashtirishga bo‘lgan harakatlar kuzatiladi.

Bizningcha, O‘zbekiston uchun 9 may qanday chuqur qadriyatlarni aks ettirishini xalqaro hamjamiyat tushunishi muhim, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, ushbu kunda insoniyat tarixidagi eng dahshatli va qonli Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yarim milliondan ziyod o‘zbekistonliklarning ruhi xotirlanadi.

Ikkinchidan, 9 may – urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq vatandoshimizning jasoratini, front hududlaridan O‘zbekistonga ko‘chirilgan bir millionga yaqin oila va bolalarni qabul qilgan xalqimizning bag‘rikengligini anglash va qadrlash kuni.

Uchinchidan, bu kunda Jahon urushidan oldin va keyingi tariximizda Vatanimiz tinchligi va ravnaqi uchun jonini fido qilgan barcha ajdodlarimiz xotirlanadi. Hayot bo‘lganlariga esa hurmat va ehtirom ko‘rsatiladi, qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi.

Bir so‘z bilan aytganda, 9 may – fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba kunigina emas, balki xalqimiz urush va tinchlikda ko‘rgan katta fojialardan xulosa chiqarish, bugungi tinchlikning qadriga yetish kuni sifatida jamiyatimiz ong-u shuuridan joy olgan qadriyatdir.

Shuning uchun, 9 may sanasini ortiqcha siyosiylashtirmaslik, andozalashtirishga berilmaslik, vazmin va jamiyatimiz qadriyatlariga tayangan holda nishonlash – eng to‘g‘ri va ma’qul yo‘ldir”, – deyiladi “Yuksalish” harakati bayonotida.

Top