08:23 / 06.05.2022
2046
Bemor bolalarga ta’lim berish uchun «Mehrli maktab» muassasasi tashkil etildi
Foto: Shutterstock

“Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bolalar uchun maktabgacha ta’lim va tarbiya hamda umumiy o‘rta ta’lim berish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi.

Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bolalarga maktabgacha ta’lim va tarbiya hamda umumiy o‘rta ta’lim berish jarayonlarini samarali tashkil etish uchun “Mehrli maktab” davlat ta’lim muassasasi tashkil etildi.

“Mehrli maktab” yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lib, Xalq ta’limi vazirligi huzurida tashkil etiladi. “Mehrli maktab”da quyidagi maktabgacha guruhlar faoliyat ko‘rsatishi mumkin:

  • maktabgacha ta’lim gospital guruhlari – statsionar davolanayotgan, sog‘lig‘i sababli maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bora olmaydigan 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun davolash-profilaktika muassasalarida tashkil etilgan guruhlar;
  • ilk rivojlanish yoshidagi bolalarga mo‘ljallangan o‘yin guruhlari – 1,5 yoshdan 2 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun statsionar davolash-profilaktika muassasalarida tashkil etiladigan guruhlar. Ularda parvarish qilish va nazorat qilish ishlari ota-onalarning faol ishtirokida tashkil etiladi;
  • maktabgacha ta’lim gospital guruhlari, ilk rivojlanish yoshidagi bolalarga mo‘ljallangan o‘yin guruhlari.

Davolanayotganlarni maktabgacha gospital guruhlariga qabul qilish “Mehrli maktab” tomonidan taqdim etiladigan ro‘yxatlar asosida amalga oshiriladi.

Markazda davolanayotganlar uchun alohida ishlab chiqilgan o‘quv rejasi asosida 1–11-sinflar hajmida umumiy o‘rta ta’lim beriladi. Dars mashg‘ulotining davomiyligi boshlang‘ich ta’lim (maktab)ning 1–4 sinflarida – 35 daqiqa, 5–11 sinflarda – 40 daqiqa bo‘ladi. Bunda bir kunlik dars mashg‘ulotlari 1–4 sinflarda 3 soatdan, 5–11 sinflarda 4 soatdan oshmasligi lozim. O‘quv haftasi davomiyligi 5 kunlik asosida olib boriladi.

Mavzuga oid
Top