21:35 / 06.05.2022
30648
O‘zbek sportining 30 yillik tarixidagi eng yaxshilar taqdirlandi

Mirjalol Qosimov, Abdulla Tangriyev va Oksana Chusovitina oxirgi uchta o‘n yillikda O‘zbekistonning eng yaxshi sportchilari sifatida taqdirlandi. Milliy olimpiya qo‘mitasi tashkil etilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanada 30 yillikning eng sovrindor murabbiyi, olimpiadalarda eng ko‘p medal olgan sportchi va federatsiya ham e’lon qilindi. Mukofotlanganlar qatorida Xirosima-1994da chempion bo‘lgan futbolchilar, Salim Abduvaliyev va Ravshan Ermatov ham bor.

Maqolada foydalanilgan barcha suratlar Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati tomonidan taqdim etildi.

6 may kuni Toshkentdagi “O‘zbekiston” xalqaro forumlar saroyida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tashkil etilganining 30 yillik tantanali tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda turli nominatsiyalarda laureatlar taqdirlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Olimpiadalarda eng ko‘p medal keltirgan federatsiya” – O‘zbekiston boks federatsiyasi

Mukofotni Osiyo Olimpiya kengashi prezidenti vazifasini bajaruvchi Raja Randxir Singx va sport vaziri Adham Ikromov topshirdi.

Sovrinni MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov qabul qilib oldi.

“Olimpiya rekordchilarini tarbiyalagan federatsiya” – O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi

Mukofotni sport vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov qabul qilib oldi.

So‘nggi 10 yilliklar kesimida O‘zbekistonning eng yaxshi sportchilari:

  • Mirjalol Qosimov (1991-2001)
  • Abdullo Tangriyev (2001-2011)
  • Oksana Chusovitina (2011-2021)

Mukofotlarni Osiyo Olimpiya Kengashi bosh direktori, Xalqaro suzish federatsiyasi prezidenti Husayn Al Musallam hamda OOK vitse-prezidenti Otabek Umarov topshirdi.

“Olimpiya o‘yinlarida eng ko‘p medalga ega chiqqan sportchi” – Rishod Sobirov

Mukofotni OOK vitse prezidenti Shahzoda Abdulaziz bin Turki al Faysal (Saudiya Arabistoni), XOQ vakili Oliviye Luis Niamkey hamda O‘zbekiston MOQ raisi o‘rinbosari Azizjon Kamilov topshirishdi.

“30 yillikning eng sovrindor murabbiyi” – Marat Qurbonov

Mukofotni OOK vitse-prezidenti Gordon Tang, OOK Xalqaro munosabatlar va MOQlar bilan aloqalar departamenti direktori Vinod Tivari hamda Osiyo boks konfederatsiyasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston MOQ raisi o‘rinbosari Saken Polatov topshirishdi.

Marat Qurbonov salomatligi sabab tadbirga kela olmadi. Uning o‘rniga mukofotni O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Murod Mamadaliyev qabul qildi.

“30 yillikda uzluksiz medallarni qo‘lga kiritgan assotsiatsiya” – O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi

Mukofotni OOK Osiyo o‘yinlari departamenti direktori, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti Haydar Farmon hamda Birlashgan kurash dunyosi (UWW) vitse-prezidenti, O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Axrol Ro‘ziyev topshirishdi.

Sovrinni MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi Salim Abduvaliyev qabul qildi.

“O‘zbek sportini dunyoga targ‘ib qilishdagi xizmatlari uchun” – Ravshan Ermatov

Mukofotni OOK vitse-prezidenti Timur Kulibayev hamda MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov topshirishdi.

“30 yillikning eng shonli terma jamoasi” – futbol bo‘yicha 1994 yilgi O‘zbekiston milliy terma jamoasi

Uzoq yillar ichida birinchi marta, Xirosima-1994 Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozongan futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasining deyarli barcha a’zolari bir sahnada jam bo‘ldi.

“Yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi birinchi medal” – Armen Bagdasarov

Mukofotni OOK vitse-prezidenti Abdulrahmon Tani Al Quvari (Qatar) hamda O‘zbekiston professional boks federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti G‘afur Rahimov topshirishdi.

“O‘zbekistonning eng yosh Olimpiya o‘yinlari chempioni” – Ulug‘bek Rashidov

Mukofotni OOK “Ayollar va sport” komissiyasi raisi Hayat Abdulaziz Al Xalifa, Sport orqali birlashish tashkiloti prezidenti Stefan Foks (Germaniya) hamda O‘zbekiston MOQ raisining o‘rinbosari Sherzod Toshmatov topshirdi.

Top