08:25 / 06.05.2022
15873

O‘zbekistonda avtomobillar eksporti kamaydi, import va ishlab chiqarish keskin oshdi

O‘zbekistonda avtomobillar statistikasi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, eksport kamaygan, import va ishlab chiqarish keskin oshgan.

Foto: UzAuto Motors

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning yanvar-mart oylarida 68 905 dona yengil avtomobillar ishlab chiqarilgan. 

Qayd etilishicha, yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmi 2021 yilning mos davri bilan solishtirilganda 24 451 taga oshgan.

2022 yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekiston Ozarboyjon, Tojikiston, Koreya va Livanga 58 dona yengil avtomobillarni eksport qilgan. 

Ma’lum qilinishicha, bu ko‘rsatkich 2021 yilning mos davri bilan solishtirilganda 8 763 taga kamaygan.

2022 yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekiston 21 ta xorijiy davlatlardan qiymati 189,3 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan 8 508 ta yengil avtomobil import qilgan. 

Yengil avtomobillar importi 2021 yilning mos davri bilan solishtirilganda 5 361 taga yoki 2,7 barobarga oshgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonga 3 oyda 455 ta elektromobil import qilingan. Elektromobil importi 2021 yilning mos davriga nisbatan 370 taga yoki 5,4 barobarga oshgan.

Bundan oldin «inomarka»lar asosan qaysi davlatlardan olib kelinayotgani ma’lum qilingandi.

Top