14:31 / 06.05.2022
10338

Qo‘sh kulfat qurbonlari: “Ikki bolamdan ayrildim, endi yolg‘iz o‘g‘limda oqqon”

Ko‘pchiligimiz dunyo orzusi bilan yashayotgan bir vaqtda ayrim ota-onalarning yagona orzusi – bolasi sog‘ayishidan iborat. Ularning so‘zlarini tinglash esa beixtiyor shukronaga yetaklaydi. 

Ikki farzandni tuproqqa qo‘ygan onaning yolg‘iz o‘g‘lida oqqon

Bu oilaning uch farzandidan faqat birgina Amirbek ota-onasi bag‘rida yashaydi. Bir qizini 7 yoshgacha og‘ir xastalikdan davolatib tinkasi qurigan onaning yana bir farzandi kovid tufayli olamdan o‘tdi. Ikki farzandni tuproqqa bergan ota-onaning ko‘z qorachig‘i bo‘lgan yolg‘iz o‘g‘ilda esa oqqon aniqlangan.

“Ota-ona uchun eng og‘ir sinov – farzandi dard chekayotganini ko‘rib turish. Odam o‘zini cho‘kib ketayotgandek his qiladi, hamma narsadan najot axtaradi”, — deya holatidan kuyinadi ona.

Amirbek Bekberganovga oid ma’lumotlar:

Humo: 9860 0803 7613 1688 onasi Zuhra Alimova nomida 

Xasta farzand bilan ijarada sarson ona

“Bolamni shifoxonaga zo‘rg‘a yetkazib keldim: ahvoli nihoyatda og‘ir edi. Shifokorlar hamma imkoniyatlarini ishga solishdi.

Ba’zida og‘ziga toshib ketgan yaralar sabab 10-15 kunlab ovqatlana olmaydi. Uning azoblarini ko‘rib chidab turolmayman”, — Javlonbekning onasi Shahnoza farzandi sog‘ayishi uchun yolg‘iz o‘zi kurashmoqda. Turmushi buzilib ota uyiga qaytgan ayolga o‘z yaqinlari yordam berib kelishadi: “Bitta akam bor: Rossiyadan kelmaydi. O‘sha yerda ishlab bizga yordam beradi”,-deydi ayol.

O‘z boshpanalari yo‘qligi bois oila ijarada yashashga majbur. Betob farzandning dori-darmonlari, parvarishi bilan birga ijara to‘lovlari ham ular uchun katta qiyinchilik keltiradi.

Javlonbek Qosimovga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0417 8944 2630 onasi Shahnoza Akbarova nomida 

“Bolam hali nima ko‘rdi bu dunyoda?”

Endigina 2 yoshni qarshilab, hayotning shirin ne’matlaridan bahra olib ulgurmagan bolakayning badani ninalardan zada bo‘lgan. Qo‘yilgan oqqon tashxisi uni kunda kunora achchiq azoblarga giriftor qiladi. Go‘dakning ko‘zlarida yugurib o‘ynayotgan sog‘lom bolalarga havas, yashash umidi mujassam.

“Endi tili chiqib ko‘zimizni quvnatayotgan pallada shu dard yopishdi. Bolam ko‘chada o‘ynayotgan bolalarga havas bilan termilib o‘tiradi. Faqat shifo so‘rayapman, bolam hali nima ko‘rdi dunyoda?”, — bemorning onasi Zulfiyaning yagona orzusi shu.

Bemorning otasi Kamoliddin sotuvchilik bilan shug‘ullanib ro‘zg‘or tebratadi. 8 jondan iborat katta oilaning butun tashvishi uning gardanida.

Imron Musratovga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 3329 9723 9557 otasi Kamoliddin O‘roqov nomida

Masterkard: 5497 1900 2006 4927 otasi Kamoliddin O‘roqov nomida 

“Uch bolam uch yerda sarson – kasal qizim bilan ovoraman”

Ohangaronlik oilaning to‘ng‘ichi Roza ham mash’um dard bilan 4 yildan beri kurashadi. Oylab shifoxonalarda o‘tayotgan vaqtlarda ahvoli yaxshi emasligi sabab onasi doim u bilan birga.

“Uch bolam uch yerda sarson. Keksa onam qarayapti biriga, yana biri akamnikida. Turmush o‘rtog‘im mavsumiy ishlarda ishlaydi. Bolamni davolatish uchun hamma mollarimizni sotdik. Uy olamiz deb biroz pul yig‘ayotgandik – uniyam ishlatdik. Uyimiz yo‘qligi uchun hozirgacha ijarada yashaymiz. O‘zim ham imkon qadar pul topishga harakat qilaman. Qizim sog‘ayib ketsa bas, qolgani bitar ekan”, — ko‘zyoshlari shashqator onani yupatishga so‘z topilmaydi.

Roza Qo‘chqorovaga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 3329 2426 1203 onasi Gulida Bo‘ronboyeva nomida

Bir-biridan ayanchli to‘rt hikoya sabab qalbda shukrona tuyganda bu bolalar uchun duolar va ozgina himmatni ayamang. Zero ehsonlarimiz bizni dunyo ishlarida yaxshiliklarga ro‘baro‘ qilishi shubhasiz. 

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.
Tasvirchi Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid
Top