18:43 / 06.05.2022
8377

Toshkentda uchta muzeyni rekonstruksiya qilish ishlari turk kompaniyasiga tendersiz topshirildi

Toshkentdagi uchta muzeyni rekonstruksiya qilish bilan Turkiyaning Outdoor Factory kompaniyasi shug‘ullanadigan bo‘ldi. Istisno tariqasida tender o‘tkazilmagan. Bu kompaniya so‘nggi vaqtlarda “Istiqlol” majmuasi, Yangi O‘zbekiston nomli bog‘ va universitet, eski shahardagi sayyohlik markazi va Magic City kabi loyihalarda ham ishtirok etgan.

Outdoor Factory vakili Toshkent muzeylarini rekonstruksiya qilish loyihasini taqdimot qilmoqda. 2022 yil 18 aprel / Foto: Prezident matbuot xizmati

Toshkentdagi O‘zbekiston tarixi muzeyi, Temuriylar tarixi muzeyi va Tabiat muzeyini rekonstruksiya qilish hamda raqamlashtirish ishlari loyihasini Turkiyaning Outdoor Factory kompaniyasi amalga oshiradi.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 29 aprel kuni imzolagan qarordan ma’lum bo‘lishicha, bu loyihalarni bajarish uchun turk kompaniyasi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzishga istisno tariqasida ruxsat berilgan.

Bu muzeylarni rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlari keyingi 5 oy muddatda Toshkent shahar hokimligi mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Ajratiladigan mablag‘ miqdori ko‘rsatilmagan.

Gazeta.uz'ning e’tibor qaratishicha, Outdoor Factory kompaniyasi “Istiqlol” majmuasi va “Yangi O‘zbekiston” istirohat bog‘i, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” universiteti, Toshkentning eski shahar hududida joylashgan turistik markaz (Zarqaynar ko‘chasini rekonstruksiya qilish)ni loyihalash va qurishda, “Texnopark” (sobiq TAPOiCh) hududida joylashgan akvapark loyihacida, Magic City qurilishining ikkinchi bosqichida ham ishtirok etgan.

Outdoor Factory – Toshkentdagi milliardlab so‘mlik qurilish loyihalarini tendersiz qo‘lga kiritayotgan Mimar Group'ning yaqin hamkori hisoblanadi. 2021 yil 9 noyabr kuni ikki kompaniya o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish va hamkorlik memorandumi imzolangan.

Avvalroq, Toshkent shahar hokimligi ochilganiga 15 kun bo‘lgan kompaniya bilan 1 mlrd so‘mlik, xuddi shu tadbirkorga tegishli, biroq avvalroq hokimniki bo‘lgan brend bilan 756,7 mln so‘mlik shartnomalar tuzgan, shuningdek, 1 mlrd so‘mlik Artel maishiy texnikalarini xarid qilgandi.

Bundan tashqari, Toshkent hokimiga aloqador bo‘lgan Eco House-Group qiymati kamida 403 mlrd so‘mlik yirik loyihalarni tendersiz olgani ham ma’lum bo‘lgandi.

Top