11:31 / 07.05.2022
9915
AQSh Conti guruhi hakerlari haqidagi ma’lumot uchun 10 mln dollar mukofot e’lon qildi 

Conti a’zolarining ichki chatlari sizib chiqqanidan so‘ng, guruh Kreml bilan aloqadorlikda gumonlanmoqda.

Foto: Shutterstock

AQSh Davlat departamenti Rossiyaga aloqador Conti hakerlar guruhi rahbarlarini aniqlash yoki topishga yordam beradigan ma’lumot uchun 10 million dollar mukofot e’lon qildi

Davlat departamenti, shuningdek, hakerlarni hibsga olish yoki sud qilish uchun yetarli bo‘lgan ma’lumot uchun 5 million dollargacha mukofot va’da qildi. FQB ma’lumotlariga ko‘ra, mingdan ortiq odam ushbu guruh hujumlari qurboni bo‘lgan, ular yaratgan dastur yordamida 150 million dollardan ko‘proq pul o‘g‘irlangan. Davlat departamentining 6 may, juma kuni e’lon qilingan bayonotiga ko‘ra, bir dona dastur tufayli yetkazilgan va hujjatlashtirib olingan eng katta zarardir.

«Ushbu mukofotni taqdim etish orqali Qo‘shma Shtatlar butun dunyo bo‘ylab ehtimoliy tovlamachi dasturlar qurbonlarini kiberjinoyatchilar ekspluatatsiyasidan himoya qilishga sodiqligini namoyish etmoqda», — deya ma’lum qildi Davlat departamenti. Hakerlar shu yilning aprel oyida Kosta-Rikadagi davlat idoralariga kiberhujumlar uyushtirganlikda ham gumon qilinmoqda, bu esa soliqni qayta ishlash va bojxona tartib-qoidalariga jiddiy zarar yetkazdi. 

AFP agentligining qayd etishicha, fevral oyida ichki fayllari oshkor bo‘lgunga qadar Conti guruhining tarkibi haqida ma’lumot kam bo‘lgan. Hakerlarning e’lon qilingan ichki xabarlarida Rossiya FXXning mahalliy boshqarmasi joylashgan Sankt-Peterburgdagi Liteyniy shohko‘chasi tilga olingan, deb yozadi Wired. Ishtirokchilar Aleksey Navalniyning zaharlanishi va Qrimning Rossiya tomonidan annexia qilinishini muhokama qilgan. 
 
«Sizib chiqqan suhbatlardan shunday taassurot paydo bo‘ldiki, Conti rahbarlari Rossiya hukumatining so‘zsiz ko‘rsatmalariga amal qilgan holda ishlashga ruxsat berilganligini tushungan. Aftidan, Rossiya hukumati va Conti rahbariyati o‘rtasida ayrim aloqalar mavjud», deb izoh berdi Recorded Future xavfsizlik firmasi tahlilchisi Allan Liska. 

Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari boshlangani ortidan Conti o‘z blogida prezident Vladimir Putinni «to‘liq qo‘llab-quvvatlashini» e’lon qildi va «Rossiyaga qarshi kiberhujum yoki har qanday harbiy harakatni o‘tkazishga qaror qilganlardan muhim infratuzilmalariga zarba berish orqali o‘ch olish» bilan tahdid qildi.

Rossiyaga aloqador hakerlik guruhlari urush boshlanganidan beri Ukrainada 200 dan ortiq kiberhujum uyushtirdi. Buni Microsoft kompaniyasi aprel oyi oxirida hisoblab chiqdi. «Harbiy harakatlardan sal oldin boshlangan davrda kamida oltita Rossiyaga aloqador hakerlar guruhi Ukrainaga qarshi 237 dan ortiq operatsiya o‘tkazdi», deb xabar berdi Microsoft. Kompaniya hujumlarda qaysi guruhlar ishtirok etganiga aniqlik kiritmagan. 

Mavzuga oid
Top