23:24 / 07.05.2022
13579

Ukraina «Azovstal» hududidagi tinch aholining barchasi olib chiqilganini ma’lum qildi 

Rossiya mudofaa vazirligi tinch aholi evakuatsiya qilinishi uchun 5, 6 va 7 may kunlari gumanitar yo‘lak ochilishini bildirgan. 

Foto: AP

Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Irina Vereshchuk «Azovstal» korxonasi hududidagi tinch aholi olib chiqilganini ma’lum qildi. 

«Prezident buyrug‘i bajarildi: "Azovstal"dagi barcha ayollar, bolalar va keksa yoshdagilar evakuatsiya qilindi. Mariupol gumanitar operatsiyasining ushbu qismi yakuniga yetdi», - deb yozdi Vereshchuk o‘z Telegram-kanalida

2 may kuni «Azovstal» zavodidan 101 kishi evakuatsiya qilingani aytilgandi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning ma’lum qilishicha, 6 mayga o‘tar kechasi zavod va atrofdagi hududlardan 500 nafarga yaqin tinch aholi vakillari evakuatsiya qilingan. 

Rossiya mudofaa vazirligi tinch aholi evakuatsiya qilinishi uchun 5, 6 va 7 may kunlari gumanitar yo‘lak ochilishini bildirgan. 7 may kuni yana 50 kishi zavod hududidan olib chiqilgani xabar qilindi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 21 aprel kuni Sergey Shoygu bilan Kremlda uchrashgan va «Azovstal» zavodi hududida harbiy harakatlarni to‘xtatishga buyruq bergandi. «Yerto‘lalarda emaklash shart emas. Hududni bloklang, shunday qilingki, pashsha ham uchib o‘tolmasin», degandi Putin.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top