21:44 / 09.05.2022
46055
O‘zbek onasi siymosida qalblarda qolgan ayol – To‘ti Yusupovani xotirlab

To‘ti Yusupova – hayoti ibratga, matonatga to‘la ayol, ona, san’atkor. U hamma o‘zbeklarning qadrli, sevimli buvisi edi. Yaqinlari bilan suhbatlasharkanmiz, xasta farzandini davolatish uchun Amerikada ishlashga majbur bo‘lgan, o‘g‘li vafotidan keyin kelinini turmushga uzatgan, bir emas, besh o‘lim chaqqan joni sinmagan, nabiralar uchun jonfido AYoL siymosi ko‘z o‘ngimizda qaytadan gavdalandi.

O‘zbek teatr va kino san’atining o‘chmas yulduzi, O‘zbekiston xalq artisti To‘ti Yusupova 2022 yil 15 mart kuni 86 yoshida vafot etdi. Kun.uz Xotira va qadrlash kuni arafasida To‘ti ayaning yaqinlaridan uning ham ijoddagi, ham sahna ortidagi hayoti haqida so‘zlab berishlarini so‘radi.

Rixsi Ibrohimova, O‘zbekiston xalq artisti:

— To‘ti Yusupova bilan salkam 70 yilga yaqin birga ijod qildik, birga yashadik, turmushning achchiq-chuchugini birga totdik. Toshxo‘ja Xo‘jayev sahnalashtirgan “Monserra” spektaklida birinchi marta ona rolini shu qadar maromiga yetkazib o‘ynadilarki, undan keyin teatrda ona rollarini doim ularga berishgan.

Teatrga yaqin joyda yashaganlari uchun uylariga ko‘p borardik – eshiklari doim hammaga ochiq edi. Teatr aktyor-aktrisalari juda kamtarona hayot kechirishardi. Hozirgiday to‘ylarga chiqishlar yo‘q edi. Teatrning 40 so‘m oyligi bilan kun ko‘rganmiz. To‘ti opa bilan Mirg‘iyos aka oilasi ham shu maosh bilan uch farzandni katta qilishdi. Bolalari yosh edi, To‘ti opam teatrga chiqqanlarida men qarab turardim ularga.

Muqaddas Xoliqova, O‘zbekiston xalq artisti:

— Uyda o‘rganmagan uy yumushlarigacha, hatto xamir yoyishniyam To‘ti opamdan o‘rgandim. Bola tarbiyasi, insonlar ko‘nglini og‘ritmasdan tushuntirishni ham ulardan o‘rgandim. Shunday tushuntirardilarki, aybingni o‘zingga bildirmay, kesatmay anglatardilarki, beixtiyor tuzatishga harakat qilarding.

“Farzandlarimning biror nojo‘ya ishini sezsam, falonchi dugonamni bolasi shunaqa yomon ish qilib qo‘yibdi. Onasi yer yorilmadi, yerga kirmadi, derdim. Bolalarimga shunaqa ta’sir qilardiki, uyalganidan ko‘zlarini yashirishardi. Qaytib shu ishni qilishmasdi”, derdilar.

Dilnoza Kubayeva, aktrisa:

— To‘ti aya bilan bizni dard birlashtirgandi desam to‘g‘ri bo‘ladi. Boshimga sinov tushib, turmush o‘rtog‘imni yo‘qotib onamning uyiga qaytib kelganimda qo‘ng‘iroq qilganlar. “Bolajonim, endi ishga chiqqin. O‘tganlar o‘tdi endi, men ham ikki farzandimni tuproqqa qo‘yganman. Ish bilan ovunib, qiyin kunlarni mehnat bilan yengib o‘tasan”, deganlar. Bu menga, onamga qattiq ta’sir qilgan, katta dalda bo‘lgan.

Ularni “ena” deb chaqirardim. Turmush o‘rtoqlari Mirg‘iyos Soatov judayam benazir inson edilar. Ayaga nihoyatda mehribon edilar, ularning kuchi birgaliklarida edi. Har qanaqa kunda dodam To‘tixon aya bilan birga edilar.

Oxirgi kunlarigacha hoji onalar davrasida, ahil jamoa orasida bo‘ldilar. Uylarida o‘tirganimizda yetti yot begonalar ham kirib kelaverishardi: “Siz onamga o‘xshaysiz”, “siz buvimga o‘xshaysiz” deb yaqin olib gapirishardi.

Nilufar Nasriddinova, To‘ti Yusupovaning nevara-kelini:

— Haligacha ularni yo‘qotganimizga ko‘nikolmayapman. Ularsiz vaqt o‘tishi ham qiyinlashganday nazarimda.

Vafotlaridan avval “To‘ti Yusupova o‘ldi” deb xabar tarqalganda juda xafa bo‘ldilar. O‘shandan keyin uyimizga juda ko‘p odamlar kelishdi, bu xabarni buvijonimdan yashirishga qancha harakat qilmaylik, iloji bo‘lmadi. Chindan vafot etganlarida esa ko‘pchilik ishonmadi.

Hech qachon bo‘sh o‘tirmasdilar, g‘iybatlar bilan umuman ishlari bo‘lmasdi. Har doim yo tikish bilan, yo rol yodlash, yo bolalarga nimadir pishirish bilan ovora bo‘lardilar. Umrlari faqat mehnatda o‘tdi.

Teatrda o‘tgan umr, sahnada unutilgan dardlar

Zuhra Ashurova, O‘zbekiston xalq artisti:

— To‘ti Yusupova mening qaynonam bilan qo‘shni bo‘lgan. Meni kelin qilishdan oldin surishtirishganda: “Agar Zuhra tegaman desa, indamay kelin qiling” degan ekanlar. O‘zlari qo‘li gul chevar bo‘lganlari uchun hamma to‘y liboslarimni tikib bergandilar.

Har qanday holatda ham sahna uchun mas’uliyatlarini unutmasdilar. Bir yili yoz chillasida Gulistonga borganimizda mazalari qochdi. Spektaklni to‘xtatmoqchi bo‘lganimizda rozi bo‘lmasdan, bir kunda ikki mahallab sahnada rol ijro etdilar. Safarimiz tugaguncha shu ahvolda sahnaga chiqishga o‘zlarida kuch topdilar.

Jamoliddin Nasriddinov, To‘ti Yusupovaning nevarasi:

— Teatr hayotlari edi. Mazalari bo‘lmagandayam teatrdan chaqirishganda “chiqmay qo‘ya qoling, tobingiz yo‘q” desam, ko‘nmasdilar. Shundan keyin menga aytmasdan chiqadigan bo‘ldilar, ruxsat bermasligimni bilib.

Dodam bilan buvimdan juda ko‘p narsa o‘rgandim. Oddiy muomala odobidan tortib eng mayda narsalargacha o‘rganganman. Doim dasturxon atrofida hamma jam bo‘lishini yoqtirardilar. O‘limdan qo‘rqmasdilar, uvolni yomon ko‘rardilar.

Uyga kirganimda kutib olardilar, ketayotganimda duo qilib kuzatardilar. Yo‘qliklariga ko‘nikish juda qiyin bo‘lyapti.

***

Taqdir To‘tixon ayani mudom sinovlarda tobladi. Uning bir necha yillar davomida Amerikada o‘tgan hayoti, undan keyin san’atda o‘z o‘rnini qayta tiklashga bo‘lgan urinishlar aktrisaga ta’sir qilmay qolmadi. Bu haqda hamkasblari va yaqinlari shunday xotirlashadi.

“Amerikaga havas uchun bormadilar”

Rixsi Ibrohimova, O‘zbekiston xalq artisti:

— Ijodkor sifatida cheksiz hurmat-izzatga sazovor bo‘ldilar. Lekin kechirgan hayotlari ancha og‘ir bo‘ldi. Ijod bilan baravar tikuvchilik ham qilardilar, o‘zlarini o‘tga-cho‘g‘ga urardilar, qo‘llari ninalardan qadoq bo‘lardi.

Shunday davrlar bo‘ldiki, ishlash uchun Amerikaga ketishga majbur bo‘ldilar. Hali yurtimiz mustaqillikka erishmagan davrlar edi. U yerdan qaytib kelganlaridan keyin teatrga qaytib olishmadi. U zamonlar qanday bo‘lganini hammamiz bilamiz. Bir-ikki yil yurganlaridan so‘ng, bekor o‘tirmaslik uchun yana Amerikaga ketdilar. Bu hammasi yaxshi hayotdan emas edi. O‘z sog‘liklariniyam ancha yo‘qotdilar.

Gulchehra Rustamova, To‘ti Yusupovaning jiyani:

— Pochchamiz qarshi bo‘ldilar ketishlariga, lekin Mirkamol o‘g‘illarini davolatish uchun katta mablag‘ kerak edi. Shu sababdan Amerikaga ketishga majbur bo‘ldilar, havas uchun emas.

Xolam rahmatli juda sodda ayol edi. U yerda bola qaragan ekanlar, ular ham azbaroyi xolamni yaxshi ko‘rib qolganlaridan ketishlarini xohlashmagan ekan. Lekin Toshkentda qiladigan ishlarim ko‘p, deb qaytib kelganlar. Yana ishiga tiklanguncha ko‘p qiynaldi, har xil gap-so‘zlar bo‘lgan.

Farzanddan ham qadrli bo‘lgan Yodgora kelin qismati

Rixsi Ibrohimova, O‘zbekiston xalq artisti:

— Bir kuni g‘alati gap boshlab qoldilar. Kenja o‘g‘illari vafot etgan, kelinlari yolg‘iz qolgan edi. Shu kelinni uzatmoqchi ekanliklarini aytdilar. Shu o‘g‘ildan qolgan bolalar kelajagi uchun bu ishni qilayotganliklarini aytdilar. Shular qiyinchilik ko‘rmasin, yaxshi inson bo‘lsin deb, kelinlarini yaxshi bir insonga turmushga berdilar. Afsuski, kelin yana bir farzandli bo‘lgandan keyin ko‘p yashamadi – vafot etdi. Yana shu bolalarni uy-joyli qilish, ilmli qilish uchun bor kuchini ishga solib, ko‘ngillari sal taskin topdi.

Gulchehra Rustamova, To‘ti Yusupovaning jiyani:

— Kelinimiz Yodgora xolamga qizday bo‘lib qolgandi. Yaxshi ko‘rganlari uchun: “Uyimga kelib, uchta bola tug‘ishdan boshqa nima ko‘rdi?” deb turmushga berishga qaror qildilar. Kelin ham hayron qolib, kezi kelsa xafa bo‘lib menga maslahat qilib yo‘l-yo‘riq so‘radi. Zo‘rg‘a ko‘ndirganmiz turmush qurishga. Lekin u ham uzoqqa bormadi.

Bolalaridan ham ko‘ra kelinga ko‘p siqildi xolam. “O‘zi ota-onasidan yodgorlik edi, Yodgora edi. Yana bunaqa bo‘ldi hayoti, peshonasida shunaqa umr bor ekan” deb kuyundilar.

Shodiya To‘xtayeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist

— Sahna ortida hassaga suyanib turgan bo‘lsalar ham, sahnaga shunaqangi kuchli, matonatli bo‘lib, ovozlarini baralla qo‘yib gapiradigan ayol bo‘lib chiqardilar.

“Dengizdan tomchi” rukni ostida videofilmlardan birida Sevara Tursunova To‘ti ayaga bag‘ishlab ssenariy yozdi. O‘g‘li olamdan o‘tgan ona kelinini erga beradi. Shunda biz qaynona-kelin rolini o‘ynaganmiz. Chidolmasdan ko‘zimdan duv-duv yosh to‘kilardi. Chunki bu ularning dardi edi, bu og‘riqni sahnaga olib chiqishning o‘zi bo‘lmaydi.

Men ularni fidoyi inson, fidoyi aktrisa, fidoyi ona, fidoyi buvi deb bilaman. Aya bilan viloyatlarda s’yomkalarda yuramiz, lekin xayollari nabiralarida bo‘lardi. Tinimsiz qo‘ng‘iroq qilib: “Nima yeding, qorning to‘qmi, darsingni qildingmi?” deb so‘rardilar, ular uchun ota-onasidan ham ko‘proq kuyunardilar.

“Uyimda shum yetimlarim bor. Qanday qilib tinch o‘tiray? Mendan keyin ularning hayoti qanday bo‘ladi?” derdilar. Hayron bo‘lardim, nega unaqa derkanlar deb. Bilsam, ota-onasi yo‘q yetimlarni shunday deb atasharkan. Ularning kuyunchakliklari, mehr va matonatlari hammamizga ibrat bo‘la oladi.

Gulmira Toshniyozova,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid
Top