07:42 / 09.05.2022
4469
Toshkent shahri hududlarini rivojlantirishga doir qo‘shimcha choralar qabul qilindi
Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “2022-2026 yillarda Toshkent shahri hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • Toshkent shahrida 2022-2026 yillarda yalpi hududiy mahsulot hajmini 1,6 baravarga, sanoat mahsulotlari hajmini 1,4 baravarga, xizmatlar hajmini 3 baravarga hamda qurilish ishlari hajmini 1,6 baravarga oshirishni nazarda tutuvchi shahar va tumanlar kesimidagi maqsadli ko‘rsatkichlar parametrlari;
  • hududlarda aholi bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida bildirilgan takliflar va aholini uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan mavjud muammolarni tezkor bartaraf etishga qaratilgan hamda amaliy tadbirlarni o‘z ichiga olgan "yo‘l xaritasi";
  • 2022 yilda Toshkent shahrida muhandislik-kommunikatsiya, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish hamda ijtimoiy soha obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha kompleks tadbirlar.

Qaror bilan shunday tartib o‘rnatildiki, unga ko‘ra:

  • har oyda tumanlar sektor rahbarlari xalq deputatlari kengashlarida loyihalar ijrosi yuzasidan hisobot berib boradi;
  • har oy yakuni bilan Toshkent shahar hokimi xalq deputatlari Toshkent shahar kengashida loyiha parametrlarini va ko‘rsatkichlari ijrosi hamda erishilgan natijalarni muhokama qilib boradi;
  • har chorakda O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosarlari tegishli vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va tijorat banklari ishtirokida joylarga chiqqan holda, o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha loyiha vazifalarning bajarilishi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazadi va zarur tadbirlarni belgilaydi;
  • har chorak yakuni bilan loyiha ijrosi Vazirlar Mahkamasi rayosati majlislarida ko‘rib chiqiladi va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan prezident administratsiyasiga axborot kiritib boriladi.
Top