08:17 / 10.05.2022
8535
NATO Shvetsiya va Finlandiyaning tashkilotga tezlashtirilgan tarzda kirishiga ruxsat bermoqchi

Shimoliy Atlantika alyansi vakili arizalarni tasdiqlash tartibi ikki hafta davom etishi mumkinligini aytdi. Shundan so‘ng qo‘shilish bayonnomalari 30 ta a’zo davlatning har biri tomonidan kelishib olinishi kerak.

Foto: Jan VAN DE VEL / NATO

Agar Shvetsiya va Finlandiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berishga qaror qilsa, tasdiqlash jarayoni bir necha hafta davom etadi. Bu haqda 9 may, dushanba kuni Shimoliy Atlantika alyansining Bryusseldagi vakiliga tayanib, Dpa agentligi xabar berdi.

Ariza topshirishdan qo‘shilish bayonnomalarini imzolashgacha bo‘lgan jarayonning davomiyligi ikki hafta bo‘lishi mumkin. «Biz qaror qabul qilish uchun Madrid sammitini kutmoqchi emasmiz», — degan manba

Mamlakatlarning NATOga a’zo bo‘lish jarayoni tugagandan so‘ng, protokollar alyansga a’zo 30 ta davlatning har biri tomonidan ratifikatsiya qilinishi kerak. Bu bir necha oy vaqt olishi mumkin. Shu bilan birga, Rossiya davlatlarga tahdid solayotganini inobatga olgan holda, NATOning barcha a’zolari ratifikatsiyani imkon qadar tezroq yakunlash uchun harakat qilishi mumkin, deya ta’kidlaydi Dpa. 

Rossiya Ukrainada harbiy harakatlar boshlaganidan so‘ng, Shvetsiya va Finlandiyadagi so‘rovlar natijasi NATOga qo‘shilish masalasi birinchi marta aholining ko‘pchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini ko‘rsatdi. 

Finlandiyada, 9 may kuni Yle radiostansiyasi tomonidan e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, respondentlarning 76 foizi alyansga a’zo bo‘lish tarafdori. Bu barcha davrlarning eng yuqori ko‘rsatkichidir. Respondentlarning 12 foizi qarshi ovoz berdi, yana 11 foiz respondent javob to‘g‘risida qaror qabul qila olmadi. Mart oyida NATOga qo‘shilish qarorini mamlakat aholisining 62 foizi qo‘llab-quvvatlagan. 

Top