13:05 / 10.05.2022
8000
Toshkent va Farg‘ona vodiysi viloyatlarini bog‘lovchi yo‘l bo‘yida yangi masjid qurilishi boshlandi

Angren shahrida Toshkent bilan Farg‘ona vodiysi viloyatlarini bir-biriga bog‘lovchi katta yo‘l bo‘yida yangi masjid qurilishi boshlandi. Masjidda yo‘lovchilar va sayyohlar, shuningdek ayollar uchun ham sharoitlar yaratish rejalashtirilgan.

Foto: Angren shahar hokimligi

O‘zbekiston Musulmonlari idorasining ma’lum qilishicha, 9 may – Xotira va qadrlash kunida Angren shahrida yangi masjidga ilk g‘isht qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tgan. Tadbirda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Ayupov, Angren shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Nuriddin Abdurahimov, shuningdek, sektor rahbarlari va keng jamoatchilik vakillari qatnashgan.

Foto: O‘zbekiston Musulmonlari idorasi

Ayni vaqtda «Imom Muhammad» deb nom qo‘yilgan masjidning hujjatlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmoqda. Katta yo‘l bo‘yida joylashgan maskanda yo‘lovchilar va sayyohlar uchun shart-sharoitlar yaratilib, ayollar tahoratxonasi va namozxonasi ham qurilishi rejalashtirilgan.

Foto: Angren shahar hokimligi
Top