16:28 / 11.05.2022
5409
O‘zbekiston Prezidenti tashabbuslari Ispaniya konferensiyasi diqqat markazida
Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Ispaniyaning Malaga shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Terrordan xoli kelajak uchun: Qonun va inson huquqi ustuvorligi asosida fuqarolik jamiyati barqarorligini mustahkamlash” xalqaro konferensiyasida ishtirok etmoqda.

Uch kunlik forumda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish, BMT ixtisoslashgan muassasalari, jumladan Inson huquqlari bo‘yicha kengash, YUNISEF, YuNeSKO, Tsivilizatsiyalar alyansi rahbarlari, Yevropa Ittifoqi, BMTga a’zo davlatlar yuqori martabali vakillari ishtirok etishyapti. Tadbir BMT Aksilterror boshqarmasi va Ispaniya hukumati tomonidan tashkil etildi.

Anjuman doirasida Markaziy Osiyo davlatlarining terrorizmga qarshi kurashish, ushbu ofatga qarshi kurash sharoitida qonun va inson huquqi ustuvorligini ta’minlash sohasidagi tajribasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, BMT ning Aksilterror boshqarmasi va BMT ning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi hamkorligida tashkil etilgan muloqot dasturidan o‘rin olgan ilmiy-amaliy sessiyada BMTning Aksilterror boshqarmasi va boshqa ixtisoslashgan muassasalari, jumladan Inson huquqlari bo‘yicha kengash, YUNISEF, YuNeSKO, Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarma, O‘quv va ilmiy-tadqiqotchilik instituti xodimlari, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari ekspertlari, huquq-tartibot organlari mutaxassislari, fuqarolik jamiyati vakillari qatnashdi.

Tadbir joriy yil 3-4 mart kunlari Toshkentda BMT va YeXHT shafeligida BMTning Markaziy Osiyoda Global aksilterror strategiyasi amalga oshirilishi 10 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar ijrosiga qaratildi.

Malagada BMT Aksilterror boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan terrorizmga qarshi kurashish, Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi kurashda inson huquqi va qonun ustuvorligini ta’minlash masalalari bo‘yicha elektron o‘quv kursi rasman ishga tushirildi. Keng qamrovli mazkur o‘quv kursi BMTning Aksilterror boshqarmasi va Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, eng yaxshi amaliyotlarni, xususan, mintaqa mamlakatlarining terrorizmga qarshi kurashdagi o‘ziga xos jihatlari va yondashuvlarini o‘zida jamlagan.

Moderator E. Aripov ishtirokchilarni O‘zbekistonning bu boradagi tajribasi, BMTning Markaziy Osiyoda Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasi ijrosi doirasida Markaziy Osiyo davlatlari erishayotgan yutuqlar bilan tanishtirdi. Markaziy Osiyo terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha milliy va xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirishda o‘ziga xos vosita sifatida e’tirof etilgan BMT aksilterror strategiyasini muvaffaqiyatli mintaqaviylashtirishning ilk namunasi ekani qayd etildi.

Toshkent xalqaro konferensiyasi esa mintaqadagi barcha mamlakatlarning bu boradagi hamkorligini davom ettirishdagi siyosiy irodasi, intilishini yana bir bor namoyon etgani ta’kidlandi.

SMTI direktori e’tiroficha, O‘zbekiston poytaxtida qabul qilingan va keyinchalik BMT Bosh assambleyasi rasmiy hujjati sifatida tarqatilgan Yangilangan Qo‘shma harakatlar rejasi va Toshkent deklaratsiyasi mintaqa davlatlari sa’y-harakatini birlashtirish jarayonini yangi bosqichga ko‘taradi.

E. Aripov yig‘ilganlar e’tiborini O‘zbekiston prezidentining Toshkent konferensiyasi doirasida taqdim etilgan va qo‘llab-quvvatlangan tashabbuslariga qaratdi. Xususan, Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda BMT Aksilterror boshqarmasi ofisini ochish haqidagi taklifi terrorizmga qarshi kurashda mintaqaviy va global darajadagi kuchlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston vakilining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentining 2023 yil O‘zbekistonda BMT shafeligi ostida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” mavzusidagi konferensiyani o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi terrorizmning asosiy manbalaridan biri bo‘lgan savodsizlik va jaholat, diniy va boshqa turdagi murosasizlikka barham berishga qaratilgan ishlarni rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shadi.

Anjuman doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari BMT Aksilterror boshqarmasi direktori V.Voronkov bilan uchrashdi. Muloqot davomida O‘zbekiston Prezidentining terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha bildirgan tashabbuslarini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqboli muhokama qilindi.

Mavzuga oid
Top