14:40 / 11.05.2022
3034
«Qayerda urushlar bo‘layotgan bo‘lsa, u yerda oddiy insonlar o‘rtasidagi ishonch yo‘qolgan» – Xalq diplomatiyasi markazi direktori

Qayerda to‘qnashuv va urushlar paydo bo‘layotgan bo‘lsa, demak o‘sha davlatlarda xalq diplomatiyasi yetarli ishlamayapti va oddiy insonlar o‘rtasidagi ishonch yo‘qolgan. Bu haqda ShHTning O‘zbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov aytib o‘tdi.

Bugun, 11 may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning Xalq diplomatiyasi forumi doirasida jurnalistlar uchun brifing tashkil qilindi. Brifingda Kun.uz muxbiri ShHT asoschisi va yirik a’zolaridan biri hisoblangan Rossiyaning Ukraina bilan davom etayotgan qurolli mojarosini diplomatik yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha Xalq diplomatiyasi markazi qanday tavsiyalar berishi haqida so‘radi.

«Bizning markazimiz [ShHT Xalq diplomatiyasi markazi nazarda tutilmoqda – tahr.] siyosiy tashkilot emas. Biz davlatlarda ro‘y berayotgan qandaydir siyosiy kelishmovchiliklar, to‘qnashuvlar yoki nizolar bo‘yicha baho beruvchi tashkilot hisoblanmaymiz.

Lekin, bir narsani aytib o‘tishim mumkinki, qayerda to‘qnashuv, kelishmovchilik, nizolar – urushlar deymizmi yoki boshqalar paydo bo‘lyaptimi, demak o‘sha davlatlarda xalq diplomatiyasi yetarli ishlamayapti. Oddiy insonlar o‘rtasidagi ishonch yo‘qolgan.

Prezidentimiz doim ta’kidlaydiki, xalqaro munosabatlar negizida, birinchi navbatda o‘zaro ishonch tamoyili turishi kerak. Hurmat tamoyili, bir-birini tushunish tamoyili turishi kerak. Shu tamoyillar yo‘qoldimi, demak davlatlar o‘rtasida tushunmovchiliklar paydo bo‘ladi», – deya Qobiljon Sobirovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, xalq diplomatiyasi markazi Rossiya atrofidagi murakkab xalqaro vaziyatdan kelib chiqib, O‘zbekiston ShHT doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan 80 dan ortiq tadbirlar qisqartirilishi mumkinligi haqidagi savolga ham javob berdi.

«ShHTga raislik doirasida tadbirlarimiz davlat dasturi doirasida amalga oshiriladi. Tadbirlar bosqichma-bosqich, yil davomida o‘tkaziladi. Bu yerda siyosiy, xavfsizlik, iqtisodiy masalalarga bag‘ishlangan tadbirlar bor. Ya’ni yo‘nalishma-yo‘nalish amalga oshiriladi.

Endi madaniy gumanitar sohada tadbirlardan bittasi Xalq diplomatiyasi forumi. Men siyosiy vaziyatdan kelib chiqib, tadbirlar qisqarishi yoki o‘tkazilmasligi to‘g‘risida bayonot berolmayman. Chunki, bu davlat darajasida amalga oshiriladigan tadbirlar. Hozircha bu tadbirlarning hammasi amalga oshirib kelinyapti. O‘ylaymanki, qolganlari ham to‘liq amalga oshiriladi», dedi ShHTning O‘zbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi direktori.

Ma’lumot uchun, 11–12 may kunlari Toshkentda «Xalq diplomatiyasi – taraqqiyot yo‘lida o‘zaro hamjihatlik» shiori ostida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning Xalq diplomatiyasi forumi bo‘lib o‘tmoqda

Top