17:50 / 11.05.2022
11131
«Qrim bilan bo‘lganidek»: Kreml Xerson oblastining Rossiyaga qo‘shilishi g‘oyasiga izoh berdi

11 may kuni Ukrainaning Xerson oblasti rahbari o‘rinbosari Kirill Stremousov region rahbariyati Vladimir Putindan oblastni Rossiyaga qo‘shib olishni so‘ramoqchiligini aytgan.

Foto: RIA Novosti

Xerson oblastining Rossiyaga qo‘shilish to‘g‘risidagi qaror region aholisi tomonidan qabul qilinishi kerak, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

11 may kuni Ukrainaning Xerson oblasti rahbari o‘rinbosari Kirill Stremousov region rahbariyati Vladimir Putindan oblastni Rossiyaga qo‘shib olishni so‘ramoqchiligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xerson oblasti ma’muriyati yil oxiriga qadar Rossiya tarkibiga kirish uchun qonunchilik bazasini tayyorlaydi, qaror ham o‘shanda qabul qilinadi. 

«Shubhasiz, bunday murojaat bilan chiqish-chiqmaslikni Xerson oblasti aholisi hal qilishi kerak. O‘z taqdirini ham Xerson oblasti aholisining o‘zi belgilashi kerak. Va albatta, bu masala yuristlar va huquqshunoslar tomonidan sinchiklab tekshirilishi va baholanishi lozim. Chunki taqdirni hal qiluvchi bunday qarorlar aniq yuridik asosga ega bo‘lishi, Krim bilan bo‘lgan holatdagi singari mutlaqo qonuniy bo‘lishi shart», — dedi Peskov. 

2 mart kuni Rossiya harbiylari Xersonni to‘liq nazoratga olganini ma’lum qilgandi. Aprel oxirlarida «RIA Novosti» shahar kengashi deputati Aleksandr Kobets Xerson meri etib saylangani, Vladimir Saldo Xerson oblastiga rahbar bo‘lganini yozgandi. «Avvalgi mer Kolixayev hamkorlik qilishni istamadi», — degan agentlik suhbatdoshi.

May oyi boshida «Yedinaya Rossiya» bosh kengashi kotibi Andrey Turchak Rossiya Xersonda butunlay qolishini va «o‘tmishga qaytish bo‘lmasligi»ni aytgan.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top