19:11 / 11.05.2022
7244
Yevrokomissiya Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini tayyorlamoqda - OAV 

Qonun YeIning barcha mamlakatlarida kuchga kirishi uchun uni ittifoqning barcha a’zolari hamda Yevroparlament ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullashi kerak. 

Foto: Getty Images

Yevroittifoqda sanksiyalarni chetlab o‘tishni jinoyat deb hisoblash va sanksiyalar natijasida muzlatilgan aktivlarni musodara qilishni ko‘zda tutuvchi yuridik hujjat ishlab chiqilishi mumkin. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib Politico xabar berdi.

«Yevrokomissiya Yevroittifoqqa Rossiyaga qarshi sanksiyalar doirasida muzlatilgan aktivlarni musodara qilishga yordam beruvchi qonun loyihasini taqdim etadi. Taklif ikki hafta ichida ishlab chiqiladi. Hujjat bilan, sanksiyalarni chetlab o‘tish jinoyat deb hisoblanadi va aktivlarni musodara qilishning qonuniy asoslari taqdim etiladi», — deb yozadi nashr. 

Hozirda Yevroittifoqning barcha mamlakatlarida ham sanksiyalarni chetlab o‘tish jinoyat deb hisoblanmaydi. Politico suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, tashabbus «huquqiy boshboshdoqlikni muvofiqlashtirishga qaratilgan». Qonun YeIning barcha mamlakatlarida kuchga kirishi uchun uni ittifoqning barcha a’zolari hamda Yevroparlament ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullashi kerak.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya oltin-valuta zaxiralarining yarmiga yaqini - 300 mlrd dollar mablag‘ muzlatilgan.

Aprel boshlarida Yevroittifoq Rossiyaning 29,5 mlrd yevrolik aktivlari muzlatilganini ma’lum qilgandi. Ular orasida kemalar, vertolyotlar, san’at asarlari, ko‘chmas mulklar bor. Bundan tashqari, 196 mlrd yevrolik bank tranzaksiyalari bloklangan.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top