22:09 / 12.05.2022
11606

Qashqadaryo, Samarqand va Jizzaxda do‘l yog‘ib, meva hosiliga zarar yetkazgan

Qashqadaryo, Samarqand va Jizzax viloyatining tog‘li tumanlarida yomg‘ir aralash do‘l yog‘ib o‘tdi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Bugun, 2022 yil 12 may kuni tushdan so‘ng Qashqadaryo, Samarqand va Jizzax viloyatining tog‘li tumanlarida yomg‘ir aralash do‘l yog‘gan.

Jumladan, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani, Samarqand viloyati Urgut va Bulung‘ur tumanlari, Jizzax shahri hamda viloyatning Baxmal tumanlarida do‘l yog‘gan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Shahrisabz tumanida joylashgan Sarchashma qishlog‘ida do‘l yerni oppoq qorday qoplab olgan.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Urgut tumanida yog‘gan do‘l juda katta hududda mevalarning qismini to‘kib tashlagan va uzum hosiliga qisman zarar yetkazgan.

Baxmal tumanining Muzbuloq tog‘li hududida do‘l olma hosilining bir qismiga zarar yetkazgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Shuningdek, Baxmal tumanida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik tufayli Sangzor daryosiga quyuluvchi soyda kuchli sel kelgan va Abay qishlog‘ida joylashgan ko‘prikka zarar yetkazgan. Oqibatda ko‘prikdan foydalanuvchi bir nechta qishloq aholisining boshqa hududlarga chiqish yo‘li yopilib qolgan.

Avvalroq, 2022 yil 10 may kuni kuchli sel Surxondaryoda ikki kishini oqizib ketgan va ularning jasadi 11 may kuni topilgandi.

Mavzuga oid
Top