13:05 / 12.05.2022
8082

Samarqandda ikki qavatli savdo majmuasi yonib ketdi

Yong‘in oqibatida majmuaning 250 metr kvadrat shift, tom qismi, oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy texnikalar va boshqa turdagi jihozlar yonib ketgan.

Foto: Samarqand viloyati FVB

Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, bugun, 2022 yil 12 may kuni tungi soat 00:33 da Qo‘shrabot tumani “Namuna” MFY Ergash Jumanbulbul ko‘chasida joylashgan “Entrogroplyus” MChJga qarashli ikki qavatli savdo majmuasida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida tuman FVBga xabar kelib tushgan.

Voqea joyiga zudlik bilan 7 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etilgan. Ular hodisa joyiga soat 00:42 da yetib borgan va soat 03:52 da yong‘in to‘liq bartaraf etilgan.

Yong‘in oqibatida savdo majmuasining taxminan 250 metr kvadrat maydonida shift, tom qismi va birinchi qavatda oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy texnikalar hamda boshqa turdagi jihozlar yonib zararlangan.

Qayd etilishicha, hodisa oqibatida hech kim halok bo‘lmagan va jabrlanmagan. Hozirda yong‘in kelib chiqish sababi va keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Avvalroq, Oqdaryo tumanida mashina-traktor parki binosi yonib ketgandi.

Top