12:07 / 12.05.2022
4249
Slovakiya va Polsha Ukraina uchun Yevropa ittifoqiga nomzod maqomi berilishini talab qildi

Slovakiya va Polsha Ukrainaga Yevropa ittifoqiga a’zolik nomzodi maqomini berishga chaqirdi va bu jarayonni tezlashtirish uchun hamkorlik qilishga va’da berdi. Ukraina iyungacha nomzod maqomini olishi mumkin.

Foto: AP

Slovakiya va Polsha Ukraina imkon qadar tezroq Yevropa ittifoqi (YeI) a’zoligiga nomzod maqomini olishini ta’minlash uchun harakat qilish niyatida. Bu haqda Slovakiya prezidenti Zuzana Chaputova va uning polshalik hamkasbi Anjyey Duda 11 may, chorshanba kuni Bratislavada ma’lum qildi. 

«Yevropaning kelajagi va Yevropada tinchlik uchun Ukrainaning kelajakdagi maqomi haqida gapirish muhim», - dedi Chaputova. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «avtomatik ravishda to‘liq a’zolikni anglatmaydi». Lekin Slovakiya, deya qo‘shimcha qildi Kaputova, Ukrainaga nomzod maqomini berishni mamlakatdagi qiyin vaziyatda «tabiiy holat» deb biladi. 

Chaputova va Duda o‘z mamlakatlari o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik doirasida kelishuv tuzilganini, unga ko‘ra Polsha Slovakiya havo hududini nazorat qilishi, shunda Bratislava MiG-29 qiruvchilarini Ukrainaga o‘tkazishi mumkinligini ta’kidladi. 

Ukraina 2022 yil 28 fevralda Yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan. 18 aprel kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yevropa ittifoqiga a’zolik uchun ariza bergan har bir davlat to‘ldirishi kerak bo‘lgan so‘rovnomaning birinchi qismini Yevropa ittifoqi rasmiylariga topshirdi. Ukraina 9 may kuni so‘rovnomaning ikkinchi qismi topshirilishini e’lon qildi. 

Endi Yevropa komissiyasi olingan javoblar asosida o‘z xulosasini tayyorlashi kerak. Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen jarayonni «iloji boricha tezlashtirishga va bir vaqtning o‘zida barcha shartlar bajarilishiga» va’da berdi. 

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba 10 may kuni Financial Times’ga bergan intervyusida Ukraina iyun oyida YeI a’zoligiga nomzod maqomini olishni kutayotganini ma’lum qildi.

Top