22:32 / 13.05.2022
44184
«Biz urushdan qo‘rqmaymiz. Biz tayyorlanyapmiz»: Finlandiya nega NATOga kirmoqda?

Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo va mamlakat bosh vaziri Sanna Marin mamlakat Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo bo‘lish uchun zudlik bilan ariza topshirishi kerakligi haqida qo‘shma bayonot berdi.

Niistyo va Marin mamlakat aholisiga bu masalani keng va batafsil muhokama qilish imkoniyatini berishni istashlari, ammo qaror qabul qilish vaqti kelganini aytishgan.

«Rossiya xalqaro huquqni hurmat qilmasligini ko‘rsatdi. U o‘zi ilgari qo‘llagan qoidalarni hurmat qilmaydi. Shuning uchun biz NATOga qo‘shilish imkoniyatlarini muhokama qilmoqdamiz, chunki Yevropada xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat o‘zgargan va gap Rossiyaga kelganda sodda bo‘lmasligimiz kerak», dedi Marin.

«NATOga a’zolik Finlandiya xavfsizligini mustahkamlaydi. Finlandiya ham NATOga qo‘shilish orqali butun ittifoqni mustahkamlaydi. Finlandiya NATOga a’zo bo‘lish uchun zudlik bilan ariza topshirishi kerak», deyiladi mamlakat yetakchilari bayonotida.

«Biz xalqaro qonunlarga amal qilmaydigan Rossiya qarshisida himoyasiz qola olmaymiz», degandi avvalroq bosh vazir Sanna Marin yapon nashrlariga bergan intervyusida.

Finlandiyaning alyansdagi elchisi Klaus Korxonen mamlakat hozirda Rossiya tomonidan xavf kutmayotgani, NATOga qo‘shilish istagi xavfsizlik sohasidagi o‘zgarishlar tufayli ekanini ma’lum qildi. «Bizning mudofaamiz kuchli, chegarani qo‘riqlash kuchlarimiz juda layoqatli va men o‘ylaymanki, biz hozir ogoh bo‘lganimiz tufayli chegaradagi vaziyat juda xavfsiz», deya qo‘shimcha qilgan u.

Finlandiya tashqi ishlar vaziri Pekka Xaavisto chegaradagi vaziyat tinch bo‘lib qolishiga umid qildirgan.

«Biz hech narsani kutmayapmiz, ammo hamma narsaga tayyormiz. Agar parlament biz ariza berishimiz kerak, degan xulosaga kelsa, kelasi hafta o‘rtalarida buni amalga oshiramiz», — dedi Xaavisto Yaponiyaning NHK telekompaniyasiga bergan intervyusida. 

Tez orada qo‘shni Shvetsiya ham xuddi shu kabi qadam tashlashi kutilmoqda.

Bu ikki davlat shu vaqtga qadar betaraflik siyosatiga amal qilib kelgan, biroq fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan tajovuzi har ikki davlatda ham jamoatchilik kayfiyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.

Kreml allaqachon Finlandiyaning alyansga a’zo bo‘lishi Rossiya uchun tahdid o‘laroq ko‘rilishini ma’lum qilib bo‘lgan.

Buyog‘iga nima bo‘ladi?

NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berish qarori finn parlamenti tomonidan ham qabul qilinishi kerak. Katta ehtimol bilan bu ro‘y beradi, chunki o‘tgan yillardagidan farqli o‘laroq mamlakat aholisining aksar qismi Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Ommaviy so‘rovlar ko‘rsatishicha, Finlandiyada bu g‘oya tarafdorlari 76 foizni tashkil etadi, qarshilar esa - atigi 12 foiz. Bu odatda aholining yarmiga yaqini alyansga qo‘shilishga qarshi chiqib kelgan mamlakatda jamoatchilik fikri keskin o‘zgarishidir. Fin qonun chiqaruvchilari bu qadar aniq ifodalangan jamoatchilik fikriga bee’tibor bo‘la olishmaydi.

Yetakchi fin siyosatchilari ham mamlakat NATO a’zosi bo‘lishini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Finlandiya bu qaror haqida rasman yakshanba kuni e’lon qilishi kutilmoqda. Yakshanba kuni Shvetsiyada ham xuddi shu kabi qaror haqida e’lon qilishlari mumkin.

Bu davlatlarning har biri NATOga qo‘shilish borasida mustaqil qaror qiladi, ammo Stokholm va Helsinki bu masala ustida yaqindan hamkorlik qilmoqda.

NATO rahbariyati Finlandiya va Shvetsiyaning arizalari juda qisqa muddatlar ichida ko‘rib chiqilishiga va’da bergan.

«Finlyandiya - NATOning eng yaqin hamkorlaridan biri, yetuk demokratiya, Yevropa ittifoqi a’zosi bo‘lib, yevroatlantika xavfsizligiga muhim hissa qo‘shmoqda», degan alyans bosh kotibi Yyens Stoltenberg.

Ariza avvaliga NATO kengashida ko‘rib chiqiladi, bu ikki davlatning alyansga qabul qilingani haqida yozda tashkilotning navbatdagi sammitida e’lon qilinishi mumkin.

Ammo bu tashkilotga uzil-kesil qabul qilinish yil oxirida rasmiylashtirilishi mumkin, zarur hujjatlar NATOning a’zolari bo‘lgan 30 mamlakat parlamentlari tomonidan ratifikatsiya qilinishi kerak.

Finlandiya NATOga a’zo bo‘lsa, Putin bunga qanday munosabatda bo‘ladi?
Frenk Gardner, BBC’ning xavfsizlik masalalari bo‘yicha korrespondenti, Estoniyadan

Putin Finlandiyani NATOga a’zo bo‘lish oqibatlaridan ogohlantirdi, ammo bu ish bermagan ko‘rinadi. Uning Ukrainaga hujumi aynan u hammasidan ham qo‘rqqan reaksiyani keltirib chiqardi: NATO chegaralari Rossiya tomon kengayishi.

U qanday munosabat bildiradi?

  • Militarizatsiya. Hozir prezident Putin Ukraina bilan band va Finlandiya yo‘nalishida qo‘qqisdan harakat qilishi dargumon. Finlandiya bilan 1300 kilometrlik chegara yaqinida turgan Rossiya qo‘shinlari janubga ko‘chirilgan. Ammo kelgusida u katta ehtimol bilan chegaraga ham harbiylarni, ham raketalarni joylashtirib, havo va dengiz orqali agressiv patrullikni kuchaytiradi. 
  • Gibrid urush. Ko‘p vaqtlardan buyon Yevropaning ko‘plab davlatlariga kiberhujumlar va kiberjosusliklar davom etmoqda. Endi NATOga kirgan holda Finlandiya va Shvetsiya bo‘yicha ham alohida yondashilishini kutish mumkin - odatdagi kabi Moskva buni tan olmaydi .
  • Buzg‘unchilik faoliyati. Putin uzoq davom etuvchi o‘yin o‘ynashni xush ko‘radi va u ko‘p vaqtlardan buyon betaraflik saqlab kelgan shimoldagi bu ikki davlat hozirda NATOga kirsa ham, kelgusida qayta o‘ylab ko‘radi, degan qarorga kelgan bo‘lishi mumkin. Qanchadir vaqtdan keyin u internet-trollar fabrikasi va soxta akkauntlar orqali Finlandiyada NATOga qarshi kayfiyat uyg‘otishga urinib ko‘radi.

Rossiyaning reaksiyasi

Ukrainaga bosqindan oldin prezident Putin NATO chegaralari Rossiya tomon surilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, bu mamlakat xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf solishini aytib keldi.

Finlandiya NATOga a’zo bo‘lib kirishi alyans bilan umumiy chegaralarni 1340 kilometrga yetkazadi, NATOdan Sankt-Peterburggacha masofa 150 kilometrgacha qisqaradi.

Finlandiya yetakchilarining qo‘shma bayonotini sharhlarkan, RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu mamlakatning NATO a’zosi bo‘lishi Rossiyaga xavf solishini ta’kidladi.

«NATOning kengayishi va bizning chegaralarimizga alyans harbiy infratuzilmalarining yaqinlashuvi tinchlik o‘rnatmaydi, balki bizning Yevroosiyo mintaqamiz beqarorlik va xavfsizligini yo‘qotadi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Finlandiya NATOga a’zo bo‘lib kirsa, o‘z xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni ishlab chiqish uchun maxsus tahlil o‘tkazadi.

«Barchasi [NATO]ning kengayishi qay tariqa yuz berishiga, harbiy infratuzilmalar qanday harakatlanishi va bizning chegaralar tomon qanchalik yaqinlashtirilishiga bog‘liq», deya qayd etgan u.

Rossiya avval ham bir necha bor betaraf Shvetsiya va Finlandiyadagi siyosatchilarning ushbu mintaqa xavfsizligini ta’minlash uchun NATOga a’zo bo‘lib kirish zarurligi to‘g‘risidagi bayonotlariga norozilik bildirgan.

«Helsinkidagilar bunday qadamning mas’uliyati va oqibatlarini anglashi kerak. Finlandiyaning NATOga qo‘shilishi rus-fin munosabatlariga, Shimoliy Yevropa mintaqasidagi barqarorlik va xavfsizlik saqlanishiga jiddiy putur yetkazadi. Rossiya javob choralari ko‘rishga majbur bo‘ladi, ham harbiy-texnik, ham o‘z milliy xavfsizligiga tahdidlarni to‘xtatish bilan bog‘liq boshqa choralarni», deyilgan Rossiya TIV saytida 12 may kuni e’lon qilingan bayonotda.

Yanvar oyida ham Dmitriy Peskov bu ikki mamlakat qarama-qarshilik instrumenti sifatida foydalanilayotganini aytgandi.

«NATOning har qanday kengayishi Rossiyani tashvishlantiradi. NATO - rivojlanish instituti emas. NATO - konfrontatsiya instrumenti. Alyans shunday o‘ylangan, shunday loyihalashtirilgan, shunday mavjud. Bu mutlaqo ravshan fakt. Kengayish biz uchun xavf tug‘diradi», degandi o‘shanda Kreml vakili.

Keyinroq Rossiya shimoldagi ikki davlat NATOga a’zo bo‘lib kirgan taqdirda harbiy-texnik xarakterdagi choralar ko‘rilishini ma’lum qildi, ammo aynan qanday choralar nazarda tutilganiga aniqlik kiritilmadi.

Amalda bu Kareliyadagi, xususan Finlandiya bilan chegaradosh hududlardagi Rossiya harbiy kontingentining kuchaytirilishini anglatishi mumkin. Bundan tashqari, Rossiya Boltiq dengizi hududini yadrodan xoli maqomidan voz kechishi mumkin.

Finlandiyalik diplomat, Vashingtondagi Yangi Amerika xavfsizligi markazi xodimi Heli Hautala Associated Press uchun bergan intervyusida Finlandiya ham Rossiyaning dezinformatsion kampaniyalari, kiberhujumlari, iqtisodiy qasoslari va hatto chegara orqali migrantlar oqimini tashkillashtirishidan (o‘tgan yili bunday holat Belarus va Polsha chegarasida sodir etilgandi) xavotirdaligini ma’lum qilgan.

Finlandiyaliklar tayyor

Rossiya bilan chegara hududlarida yashovchi aholi oziq-ovqat g‘amlay boshlagan, bombapanagohlar tayyorlamoqda va rossiyaliklarning ehtimoliy hujumini qaytarishga ruhan tayyorlanmoqda.

Parlament tez kunlarda o‘z pozitsiyasini e’lon qiladi. Ammo Finlandiyaning chegara hududlaridagi odamlar o‘zlari uchun allaqachon belgilab olishgan.

«Rossiya Ukrainada urush boshlaganida, keyingisi biz bo‘lishimiz mumkinligini his qildik. Men fin armiyasida xizmat qilganman. Agar vatanni himoya qilish kerak bo‘lsa, biz buni qilamiz, tariximizda bunaqasi bo‘lgan», degan Yuso ismli mahalliy aholi vakili BBC bilan suhbatda.

«Men har ehtimolga qarshi tayyorgarlik ko‘rib qo‘yganman va vaqti kelsa vatanni himoya qilishga boraman», deya qo‘shimcha qiladi u.

Yuso - chegaradagi Lappenrant shaharchasidagi bar boshqaruvchisi. Bu yerdan Rossiya chegarasigacha - 25 kilometr. U o‘z tanishlarining ko‘p qismi Finlandiya NATOga kirishi tarafdori ekanini aytadi.

Uning o‘zi avval ikkilangan, ammo Ukrainada urush boshlangach, NATO uchun «ha» argumentlari ko‘paygan. «Bizning qo‘shnimiz - Rossiya va hech qachon ular nima qilmoqchiligini bilmaysan», deydi u.

Finlandiyada Yuso kabilar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Urushdan oldingi davr bilan taqqoslanganda Finlandiyaning NATOga a’zo bo‘lishi tarafdorlari soni 2,5 barobarga oshgan. Helsingin Sanomat nashri va Kantar TNS kompaniyasi o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, yanvar oyida mamlakat aholisining 28 foizi NATOga qo‘shilish tarafdori bo‘lgan, martda bu ko‘rsatkich 54 foizga yetgan, may oyiga kelib esa bu g‘oya tarafdorlari aholining uchdan bir qismini tashkil eta boshlagan (73 foiz).

NATOga a’zo bo‘lishga qarshilarning asosiy argumenti esa - Rossiya bilan munosabatlar buzilishidan xavotirlanuvchilardir. Chunki, bu holda mamlakat turizm va xizmatlar sohasi uchun katta yo‘qotishlar bo‘lishi mumkin.

«Qishki urushni eslang»

Rossiya bilan urush bo‘lishi borasidagi xavotirlar finnlar uchun vahima emas, balki tarixiy tajribadir.

Xarik Rossiya bilan chegaradan 200 metr masofada istiqomat qiladi. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, uning rossiyaliklar bilan hech qanday aloqasi yo‘q. NATOga a’zo bo‘lish  borasida ham pozitsiyaga ega emas: «NATO - mening ishim emas».

«Men o‘ylaymanki, Rossiya chegaradan o‘tmaydi. Menimcha, ular Qishki urushni yaxshi eslashadi», degan u.

Mamlakatni himoya qilish qobiliyatiga bo‘lgan ishonch deyarli barcha finnlar uchun xos hodisa bo‘lib, bu ham o‘sha Qishki urush bilan izohlanadi. Aynan o‘sha urush NATOga a’zolik masalasida uzoq vaqt betaraflikka sabab bo‘lgan va endi aynan o‘sha urush mahalliy aholi orasida alyans tarafdorlari soni keskin o‘sishiga sabab bo‘ldi.

Qishki urush 1939 yilda boshlangan, o‘shanda SSSR Finlandiyaga hujum qilgandi. Yakunda bu mamlakat o‘z hududining o‘ndan bir qismini boy bergan, ammo son jihatdan keskin farqqa qaramay, Qizil armiya yurishlariga qarshi tura olgandi.

Finlandiyada buni barcha darajada yodda tutishadi: Chegaraga yaqin yashashiga qaramay, Xarik urush bo‘lishidan qo‘rqmaydi, chegaradagi Lappenranta shahri meri esa Qishki urush va Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan finn askarlari uchun yodgorlik o‘rnatilgan maydon ko‘rinib turadigan kabinetda ishlaydi.

«Finlandiya mustaqilligini saqlab qolgan, buning o‘zi g‘alaba edi. Boltiqbo‘yidagi boshqa davlatlardan farqli o‘laroq okkupatsiya qilinmadi», deydi BBC rus xizmati bilan suhbatda finlandiyalik politolog Tuomas Forsberg. 

Professor Yuhan Aunesluomning so‘zlariga ko‘ra, finnlar shunchalik qattiq qarshilik ko‘rsatishganki, SSSR mamlakatni egallab olish uchun buncha ko‘p yo‘qotish berish arzimaydi deb hisoblagan.

«Buning o‘rniga SSSR e’tiborini Berlin va Markaziy Yevropaga qaratgan, Finlandiyani esa shunchaki o‘z holiga qo‘ygan», deydi tarixchi.

Ammo Ikkinchi jahon urushi yakunlariga ko‘ra, Finlandiya mag‘lublar tomonida bo‘lgan va sovetlar ittifoqi ta’sir doirasiga kirgan.

«SSSRning pozitsiyasi Finlandiya ichki siyosatida muhim ahamiyatga ega edi. Sovetlar ittifoqi doimo Finlandiya o‘z o‘rnini bilishini nazorat qilib kelgan. Masalan, Finlandiya SSSR qulamaguncha Yevroittifoqqa kirish to‘g‘risida o‘ylay ham olmasdi», deya davom etadi Yuhan Aunesluom.

SSSR parchalangach Finlandiya satellit bo‘lishni to‘xtatdi, 1995 yilda YeI a’zosiga aylandi, bu orqali o‘z-o‘zidan xavfsizlik kafolatiga ega bo‘ldi.

Boltiqbo‘yi davlatlari va Varshava blokining sobiq a’zolari 90-yillardayoq NATOga a’zo bo‘lish istagini bildira boshlagandi. Finlandiya esa o‘z qurolli kuchlarini rivojlantira boshladi.

«O‘zimizni himoya qilishdan qo‘rqmaymiz»

«Finlandiya ma’lum sabablarga ko‘ra muddatli harbiy xizmatdan voz kechmadi. Hamon Rossiyaga nisbatan shubhalar saqlanib qolgandi. Sovuq urush yakunlangach Finlandiya qurollardan xalos bo‘lishni istagan davlatlardan juda arzon narxlarda qurollar xarid qildi», deydi Tuomas Forsberg. 

Chegaradagi shaharda bar menejyeri bo‘lgan Yuso zarurat tug‘ilsa jang qilishga tayyor ekanini aytadi

Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, finnlarning siyosati mamlakat ehtimoliy inqirozni mustaqil ravishda yengib o‘tish imkoniyatini saqlab qolishga qaratilgan. Lappeyenrantada yashovchi Yuso - urush boshlansa qurol olishga tayyor bo‘lgan yagona finn emas.

Mamlakat aholisining bir milliondan ortig‘i harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan, yana uch yuz ming kishi zaxiradagi kuchlar sanaladi va vaqti-vaqti bilan yig‘inlarga yuboriladi. 30 ming kishi - professional armiya - muddatli xizmatga chaqirilganlar bilan birga; muddatli xizmat bir yilgacha davom etadi.

Natijada hatto 5,5 mln aholiga ega finnlar har qanday hujumni qaytara olishiga ishonchi komil.

«NATOga a’zo bo‘lishning afzalligi shundaki - biz harbiy yordam olishimiz mumkin. Ammo Finlandiya yordam olish-olmasligidan qat’i nazar, biz o‘zimiz himoyalanishdan qo‘rqmaymiz», deydi Tuomas Forsberg.

Mantiqiy savol tug‘iladi: unda NATOga a’zolik nega kerak? Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, finnlar Rossiya prezidenti Vladimir Putinning NATO ochiq eshiklar siyosatini to‘xtatishi kerakligi haqidagi bayonotidan g‘azabga tushishgan.

«Kim qaror qilishi juda muhim. Shunday ko‘rindiki, Rossiya o‘z chegarasi bo‘ylab ta’sir doirasini tiklashga urinmoqda. Bizda esa ular bilan umumiy chegara bor. Shunday tuyg‘u paydo bo‘ldiki, Rossiya o‘zining yo‘qotganlarini tiklamoqchi, bu esa, bizga, finnlarga noqulaylik tug‘dirdi», degan Yuhan Aunesluom.

Finnlarning ko‘pchiligi kabi u ham NATOga qo‘shilishga qarshi edi. Ammo 24 fevral barchasini o‘zgartirdi.

«Agar Putin bunga qodir bo‘lgan bo‘lsa, u yana nimalar qilishi mumkin? Biz hozirgacha imkonsiz bo‘lib tuyulgan narsaga - ikki tomonlama mojaroga tayyor turishimiz kerak», degan tarixchi.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top