13:57 / 13.05.2022
9383
Jizzaxda boshqaruvni yo‘qotib YTHga uchragan Cobalt yonib ketdi

Hodisa oqibatida kuyish tan jarohatlari olgan haydovchi shifoxonaga yotqizilgan.

Foto: Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi

Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, bugun, 2022 yil 13 may kuni soat 5:16 larda G‘allaorol tumani “Lalmikor” MFY hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lining 43-kilometrida Cobalt mashinasi yo‘l-transport hodisasiga uchrab yonib ketgan.

1994 yilda tug‘ilgan fuqaro U.A. Cobalt mashinasi bilan ketayotib boshqaruvni yo‘qotgan. Oqibatda Cobalt yo‘ldan chiqib pastlikka ag‘darilib ketgan va mashinada yong‘in chiqqan.

Hodisa haqida xabar olingach, G‘allaorol tumani FVB yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi voqea joyiga soat 6:35 da yetib borgan va soat 6:38 da yong‘in bartaraf etilgan.

Qayd etilishicha, yong‘in oqibatida haydovchi yelka, o‘ng qo‘l kafti va yuz qismi kuyishi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Mashina esa yonib ketib yaroqsiz holga kelgan. Hozirda hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Avvalroq, Samarqand viloyati Nurobod tumanida sodir bo‘lgan YTHda Nexia mashinasida sodir bo‘lgan yong‘inda 4 kishi yonib ketgandi.

Mavzuga oid
Top