10:59 / 13.05.2022
3409
Yevroittifoqning beshta davlatida odam savdosida gumon qilingan 200dan ortiq kishi qo‘lga olindi 
Foto: AP

Yevropa ittifoqining beshta davlati – Avstriya, Vengriya, Slovakiya, Chexiya va Ruminiyada odam savdosida gumon qilingan 200dan ortiq kishi qo‘lga olindi.

Avstriya politsiyasi ikki muhojirning o‘limiga aybdor bo‘lgan kontrabandachilar jinoiy to‘dasini qo‘lga oldi. Avstriya, Slovakiya, Chexiya va Ruminiyada odam savdosida gumon qilingan jami 205 kishi hibsga olindi, dedi Avstriya ichki ishlar vaziri Gerxard Karner 12 may, payshanba kuni. 

Qayd etilishicha, ular Vengriyadan Avstriyaga 36 000 dan ortiq odamni yashirincha olib o‘tishgan.

Avstriya politsiyasi matbuot kotibi Yoxann Baumshlagning aytishicha, aksariyati suriyalik bo‘lgan muhojirlar kishi boshiga 3 000 dan 4 500 yevrogacha to‘lagan. Avstriya ichki ishlar vaziri Karnerning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchilar bundan jami 152 million yevroga yaqin daromad olishgan. 

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, muhojirlar Vena shahriga olib ketilgan, u yerdan ularning ko‘pchiligi kontrabandachilarning boshqa guruhlari yordamida Germaniya va Fransiyaga yetib borishni maqsad qilgan.

«Bu kontrabanda mafiyasiga qarshi kurashda so‘nggi yillarda erishilgan eng katta muvaffaqiyatlardan biri», dedi Karner xalqaro miqyosda muvofiqlashtirilgan tergov haqida. «Bu jinoiy guruhlar uchun inson hayoti umuman muhim emas, gap foyda, ochko‘zlik, shafqatsiz mafiya usullari haqida ketmoqda», - dedi vazir. 

2021 yil oktyabr oyida Avstriyaning Vengriya bilan chegarasi yaqinida politsiya 30ga yaqin odam bo‘lgan mashinani to‘xtatgandi, ulardan ikki nafari o‘lik bo‘lgan. Haydovchi voqea joyidan qochib ketgan, biroq keyinchalik Latviyada qo‘lga olingan va Avstriyaga ekstraditsiya qilingan. 

Rasmiylarning aytishicha, tashkilot yanvar oyida boshqa transport vositasini tekshirish uchun to‘xtatmoqchi bo‘lgan chegarachining otib o‘ldirilishiga ham mas’uldir. Shubhali haydovchi Vengriyada hibsga olingan. 

Top