07:34 / 13.05.2022
2121
Yo‘l qurilishi sohasida 3 mingdan ortiq qoida buzilish holati aniqlandi

2022 yilning o‘tgan davrida yo‘l qurilishi sohasida 3 mingdan ortiq qoida buzilish holati aniqlandi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda "O‘zyo‘linspeksiya" axborot xizmati rahbari  Komiljon Shamsiddinov ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Nazorat qilish ishlari natijasida 61 ta holat bo‘yicha umumiy summasi qariyb 1 mlrd 339 mln so‘mlik sifatsiz bajarilgan qurilish-montaj ishlar hajmini to‘lovdan chiqarish bo‘yicha buyurtmachilarga talabnomalar kiritilgan. 

Qayd etilishicha, Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi 4R199 avtomobil yo‘lining 0-37 kilometrlari oralig‘ida o‘tkazilgan joriy ta’mirlash natijasida 129,3 mln so‘mlik ishlar sifatsiz bajarilgan.

Bundan tashqari, Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi 53-maktabga olib boruvchi ichki yo‘lni ta’mirlashda – 112,9 mln so‘mlik, Buxoro viloyatidagi Vobkent va Romitan tumanlari hududida joriy ta’mirlash natijasida 47,2 mln so‘mlik ishlar sifatsiz bajarilgani, talabga mutlaqo javob bermagani uchun hisobdan chiqarilgan, ya’ni puli to‘lab berilmaydi.

35 ta holatdagi 406,33 million so‘m miqdorida bo‘lgan sifatsiz bajarilgan ishlar bartaraf etilishiga erishilgan. Qolgan 26 ta holatdagi 932,48 million so‘mlik sifatsiz ishlar masalasi hududiy davlat inspektorlarining nazorati ostiga olingan.

Bundan oldin O‘zbekistondagi ko‘priklarning qariyb 6 mingtasi ta’mirtalab ekani xabar qilingandi.

Top