15:43 / 14.05.2022
9189
AQSh xorij banklarini Rossiyaga yordam berish oqibatlari haqida ogohlantirdi 

Ta’kidlanishicha, banklar nafaqat o‘z pul oqimlarini nazorat qilishi, balki hamkorlari va mijozlaridan «rossiyalik oligarxlar yoki korxonalarni qo‘llab-quvvatlamasliklari»ni talab qilishi lozim.

Foto: Reuters

AQSh moliya vazirligi rossiyaliklarga cheklovlarni chetlab o‘tishda yordam berayotgan xorij banklariga nisbatan sanksiyalar kiritish bilan tahdid qildi, deb xabar berdi The New York Times.

Xabarda aytilishicha, AQSh moliya vaziri o‘rinbosari Adevale Adeyyemo banklar vakillari bilan qator yopiq uchrashuvlar o‘tkazgan hamda Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritmagan mamlakatlarning moliya tashkilotlari ham AQSh va Yevropa bozoridan mahrum bo‘lishi mumkinligini aytgan.

«Agar sanksiyalar ostidagi jismoniy shaxslar yoki tashkilotlarga moddiy yordam ko‘rsatsangiz, sizlarga ham cheklovlar qo‘llashimiz va sizlarni ta’qib qilish uchun vositalarimizdan foydalanishimiz mumkin», — degan Adeyyemo.

Uning qo‘shimcha qilishicha, banklar nafaqat o‘z pul oqimlarini nazorat qilishi, balki hamkorlari va mijozlaridan «rossiyalik oligarxlar yoki korxonalarni qo‘llab-quvvatlamasliklari»ni talab qilishi lozim.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, nafaqat banklar, balki rossiyalik biznesmenlarning yaxtalariga xizmat ko‘rsatadigan kompaniyalar ham sanksiyalarga tushishi mumkin.

«Biz bir nechta yaxta sanksiyalarga qo‘shilgan mamlakatlar portlarini tark etgani va sanksiya qo‘llamagan mamlakatlarga yo‘l olganini ko‘rdik», — degan Adeyyemo. 

Top