09:06 / 14.05.2022
38190

Toshkent tumanida qaynona va kelin o‘rtasidagi janjal o‘lim bilan yakun topdi 

Ijtimoiy tarmoqlarda qaynona kelinini o‘ldirganligi haqida xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura matbuot xizmati hodisa yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, 5 may kuni soat taxminan 10:00 larda Toshkent tumani, Chinor 7-tor ko‘chasida yashovchi, 1955 yilda tug‘ilgan ayol 1985 yilda tug‘ilgan, 3 nafar farzandi bor kelini bilan o‘zaro oilaviy kelishmovchilik sababli janjallashgan. 

Xabarda aytilishicha, janjal davomida ayol oshxona pichog‘i bilan kelinining chap ko‘krak qismiga bir marotaba zarba bergan.

Olgan tan jarohati tufayli jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgan.

Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan zarur tibbiy muolajalarga qaramasdan 9 may kuni kelin shifoxonada vafot etgan.  

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ayblanuvchi ayolga nisbatan "qamoqqa olish" ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, deyiladi xabarda.

Toshkent tumani IIB TB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Top