15:48 / 15.05.2022
21928

«Yurak transplantatsiyasi o‘tkazishga tayyormiz» - Amerikalik xirurglar e’tirof etgan o‘zbek kardiojarrohi

AQShda yurak xuruji bilan shifoxonaga yotqizilgan bemorga amerikalik shifokorlar unga hayoti xavf ostidaligi, unda yurak transplantatsiyasi amalga oshirilishi zarurligini aytishadi.

Bemor operatsiya uchun nisbatan kamxarjroq deb Turkiyani tanlaydi. Ammo bu mamlakatdagi shifokorlar ikkilanib qolishadi. Ular stentlash amaliyotini o‘tkazish mas’uliyatidan cho‘chishadi. Ilojsiz qolgan bemor O‘zbekistonga qaytishga majbur bo‘ladi. Biroq bu yerda navbatdagi yurak xurujini boshdan o‘tkazadi.

Asoratlar yanada xavfli tus oladi: yurakning qisqaruvchanlik faoliyati 4 barobar tushib, qon tomirlari yo‘li yopilish arafasiga kelib qoladi. Shu tariqa, ikki barobar kattalashib ketgan yurakda shoshilinch operatsiya amalga oshiriladi. Yurakning uchta tomiriga jarrohlik yo‘li bilan tomir ulanib, bemor hayoti saqlab qolinadi. 

Oradan uch yil o‘tadi. Bemor AQShda safardaligida kutilmaganda yana yurak xuruji qaytalaydi. Amerikalik jarrohlar yurakni ochishgach, buyurilgan dori vositalari vaqtida qabul qilinmagani uchun yana bir tomir berkilib qolgani aniq bo‘ladi. 

Operatsiyadan so‘ng amerikalik malakali xirurglar avvalgi jarrohlik amaliyoti mahorat bilan qilingani, ulangan tomirlar bekam-u ko‘st ishlab turganini e’tirof etishadi. Xirurgning ishiga «zargarona» deb tan berishadi. SSV matbuot xizmati bu noyob operatsiya muallifi tibbiyot fanlari doktori, kardioxirurg Alisher Meliqulov bilan suhbatlashdi.

«1000 dan ziyod yurak operatsiyasini mustaqil o‘tkazdim»

Alisher Meliqulov Rossiyaning A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazida 15 yil ishlagan. O‘sha yerda fan doktori va yetakchi xirurg darajasigacha yetgan. 

— 2004 yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini bitirib, Moskvadagi Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazida ordinaturada tahsil olgani ketganman. Tahsildan keyin aspiranturaga olib qolishdi. 2009 yilda «Ishlab turgan yurakda konversiya holatlarini o‘rganish» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasi yoqladim.

Keyingi rejalarim kutilmagan tomonga ketdi. Ilmiy rahbarim va muassasa direktori ilmiy va kasbiy faoliyatimni shu yerda davom ettirishni taklif qildi. Natijada faoliyatimni markazda davom ettirdim.

2018 yilda «Yuqori xavfli guruhlarda aorta-koronar shuntlash operatsiyalarini o‘tkazish» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildim. Ikki yil Germaniyaning Leypsig shahridagi dunyoga mashhur xirurgiya markazida malaka oshirib qaytdim. O‘tgan davrda 1000 dan ziyod yurak operatsiyalarini mustaqil o‘tkazdim. O‘nlab yurak transplantatsiya amaliyotlarida qatnashdim.

«Birga o‘qidik, birga o‘rgandik, birga ishlayapmiz»

Alisher Meliqulovning turmush o‘rtog‘i Madina Ahmedova ham shifokor, aniqrog‘i kardiolog. U ham A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazida ilm olib, o‘sha yerda uzoq yillar faoliyat yuritgan. 

—  Begona yurtda yashashning doim qiyinchiligi bo‘lgan. Lekin biz shu sohaning bor sir-sinoatini o‘rganishni oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Kezi kelganda moddiy qiyinchiliklarni ham boshdan o‘tkazdik. Barchasini turmush o‘rtog‘im bilan birga yengib, maqsad sari harakat qilishdan chekinmadik.

2019 yilda prezidentimiz Rossiyaga tashrifi chog‘ida Moskvada ishlayotgan bir guruh mutaxassislar bilan muloqot o‘tkazdi. Shundan so‘ng menda vatanga qaytish istagi kuchaydi. Barcha sharoitlari muhayyo bo‘lgan joy ham o‘z yurtingdek bo‘lolmas ekan. Ayniqsa, o‘zbek uchun kindik qoni to‘kilgan zamindan uzoq bo‘lish juda og‘ir. Dunyoning turli mamlakatlarida ishlayotgan hamyurtlarim ham, hech kim yurtini o‘zbekchalik sog‘inmasa kerak, deb aytishgan.

Otam Moskvaga kelganida «O‘g‘lim, mana shuncha natijaga erishibsan, obro‘-e’tibor topibsan, endi o‘z xalqingga ham xizmat qil», degach, yurtga qaytish qarorim qat’iylashdi. Turmush o‘rtog‘im biroz ikkilangani ham bor gap. Chunki qaytganimizdan keyin qanday sharoitda ish boshlashimiz haqida tasavvurimiz yo‘q edi. Hozir, yaxshiyam yurtga qaytgan ekanmiz, deb shukr qilaman. Oilam xursand, bolalarim xursand, yaqinlarim, qarindoshlarim yonimda. Bu yerda ham turmush o‘rtog‘im bilan bir jamoada mehnat qilyapmiz.

«Operatsiyalarimizda o‘lim ko‘rsatkichi — 0 foiz»

— O‘zbekistonda faoliyat boshlaganimdan beri qariyb 500 ta operatsiyaga boshchilik qildim. Qo‘l ostimdagi jamoaga ishonaman. Shogirdlar tayyorlayapman. Bakulevda o‘qigan, menga ustozlik qilgan olimlardan saboq olgan mutaxassislarni jamoaga yig‘ganmiz. Erishiladigan muvaffaqiyatda jamoaning professionalligi juda muhim. Misol uchun, butun dunyoda, tibbiyoti taraqqiy etgan davlatlarda ham aorta-koronar shuntlash operatsiyalarida o‘lim ehtimoli 1-2 foizni tashkil qiladi. Xudoga shukr, shu paytgacha o‘tkazgan birorta operatsiyamizdan keyin o‘lim holati qayd etilmadi.  

«100 qadam yurishga kuchim etmasdi, operatsiyadan keyin velosiped minib yuribman»

Mutaxassisning qabulidan bemorlar arimaydi. Ulardan biri, Bozorboy Halilov — 54 yoshda. Bir oy oldin yuragi og‘rib, qon bosimi oshib shifokorga murojaat qilgan.

— Tekshiruvlardan so‘ng do‘xtirimiz «operatsiya qilish kerak dedi», rozi bo‘ldim. Amaliyotdan ikki kun o‘tib yura boshladim, — deydi Bozorboy Halilov. — Ahvolim yaxshilanib boryapti. shifokorga telefon qilib, holatim haqida ma’lumot berib turaman. Velosiped haydashga ruxsat berdi yaqinda. Mana, bugun ko‘rikka keldim, agar ruxsat bersa, jismoniy ishlarga ham kirishmoqchiman.

—  Har kuni 2-3 kishida amaliyot o‘tkazamiz, — deydi shifokor. — Oxirgi operatsiyalarimizdan birida bir bemor og‘ir yurak yetishmovchiligi bilan yotqizilgan. Yurak qisqaruvchanligi ikki barobar kamayib ketgan, bir oy oldin insult va infarktni boshdan kechirgan. Boshqa birida yurakning yarmi trombga to‘lib ketgan edi. Ishlab turgan yurakda jarrohlik yo‘li bilan ularni olib tashladik. Bu operatsiyani ham Moskvada o‘qib kelgan shogirdlarimiz bilan birga amalga oshirdik.

«Yurak transplantatsiyasi o‘tkazishga tayyormiz»

Alisher Meliqulov dunyo ko‘rgan malakali shifokor sifatida O‘zbekistonda xirurgiya sohasidagi yangilanishlarni revolyutsion deb ta’riflaydi. O‘zbek mutaxassislari yurakda o‘tkaziladigan barcha operatsiyalarni amalga oshira olishi, ular dunyoning kardiojarrohlik yo‘nalishidagi ilg‘or klinikalarida o‘tkaziladigan amaliyotlardan qolishmasligini e’tirof etadi.

— A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazi mutaxassislari dunyoda birinchi bo‘lib ishlab turgan yurakda jarrohlik amaliyoti o‘tkazishgan. Bu ilmiy yangilik ularning nomiga patentlangan. Biz ustozlardan bu amaliyotning barcha sir-asrorlarini o‘zlashtirganmiz. Bugun O‘zbekistonda bunday operatsiyalarni o‘tkazishga qodir mutaxassislar yetarli. 

Yurtimizda yurak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotlariga ham ruxsat berilsa, o‘zim va jamoam bunday operatsiyalarga tayyormiz, deya olaman. Moddiy-texnik baza mustahkam, mutaxassislar malakali bo‘lsa, nimadan cho‘chiylik?! Albatta, uddalaymiz! Shunda yuragida shikoyat bilan chet ellarda yurtdoshlarimizning sarson bo‘lib yurishlariga butkul chek qo‘yiladi. Mening ham maqsadim shu: hech bir hamyurtimiz dardiga shifoni chetdan izlamasin. 

Top