14:50 / 16.05.2022
6405

AQShdan nazar: O‘zbek paxta sanoati 13 yillik global boykotning tugashini olqishlamoqda 

Ta’kidlanishicha, o‘zbek paxtasiga xalqaro boykotning yakunlanishi O‘zbekiston uchun uzoq vaqt yopiq turgan bozorlar eshiklarini ochadi. 

Foto: Kun.uz

Amerikaning «Amerika ovozi» axborot xizmati “O‘zbek paxta sanoati 13 yillik global boykotning tugashini olqishlamoqda” maqolasini e’lon qildi, deb xabar berdi «Dunyo» AA muxbiri. 

Nashrda ta’kidlanishicha, o‘zbek paxtasiga 13 yillik xalqaro boykotning yakunlanishi dunyodagi eng yirik paxta ishlab chiqaruvchilardan biri uchun uzoq vaqt yopiq turgan bozorlar eshiklarini ochadi. 

O‘quvchilar e’tibori «Cotton Campaign» bayonotiga qaratilgan. Unda aytilishicha, ushbu tarixiy yutuq o‘zbek faollari, xalqaro faollar va transmilliy brendlarning ko‘p yillik mashaqqatli mehnati hamda O‘zbekiston hukumatining majburiy mehnatga chek qo‘yishi natijasidir. 

«Amerika ovozi» Xalqaro mehnat tashkilotining Toshkentdagi texnik maslahatchisi Yonas Astrupning so‘zlaridan iqtibos keltirarkan, o‘zbek paxtasining tizimli majburiy va bolalar mehnatidan ozod etilgani xalqaro hamjamiyat uchun emas, o‘z manfaatlari uchun boykotdan qutulgan O‘zbekistonning siyosiy g‘alabasi ekanini ta’kidlaydi. Qayd etilishicha, mas’uliyat va hisobdorlik pirovard natijada o‘zbek xalqi zimmasiga tushadi, ish o‘rinlari yaratish, iqtisodiy o‘sish, mamlakatga savdo va sarmoya jalb etishning iqtisodiy ustuvorliklaridan foydalanish vaqti keldi. 

«Cotton Campaign» hammuassisi Bennet Frimanning fikricha, «O‘zbekistonning navbatdagi vazifasi fuqarolik jamiyati uchun maydon ochish va global brendlarni jalb qiladigan hamda mehnat va inson huquqlarini himoya qiladigan yetkazib beruvchilarni topish uchun zarur bo‘lgan qulay muhitni yaratishdan iborat». 

Maqola so‘ngida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyevaning inson huquq va erkinliklari, ayniqsa, mehnat huquqlarini ta’minlash O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi haqidagi so‘zlari alohida keltirilgan. Senat rahbari ta’kidlaganidek, O‘zbekistonda qonunchilik bazasi xalqaro standartlar bilan muvofiqlashtirilgan holda mustahkamlanadi, qishloq xo‘jaligini isloh qilish davom ettiriladi va ishonchli ma’lumotlar va tadqiqotlarga asoslangan siyosatga erishish maqsadida monitoring institutlari rivojlantiriladi. 

Maqola muallifi Toshkent mustaqil fuqarolik jamiyatini yaratish borasidagi xalqaro chaqiriqlarni eshitayotgani, nodavlat notijorat tashkilotlarini ro‘yxatga olish bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqayotgani va nodavlat guruhlar bilan muzokaralar olib borayotganini olqishlaydi. 

Top