09:01 / 16.05.2022
15390

NATO Turkiyaning Shvetsiya va Finlandiya bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarishini ma’lum qildi

NATOga a’zo ko‘plab davlatlar Shvetsiya va Finlandiyaning alyansga qo‘shilishini tezlashtirilgan tartibda ratifikatsiya qilishga va’da bermoqda. Blok bosh kotibi Yyens Stoltenberg Turkiyaning e’tirozlari olib tashlanishiga ishonch bildirdi.

Foto: Getty Images

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Shimoliy Atlantika alyansi davlatlari Turkiyaning Shvetsiya va Finlandiya a’zoligiga doir e’tirozlarini bartaraf eta olishiga ishonch bildirdi. Bu haqda u 15 may, yakshanba kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan NATO tashqi ishlar vazirlari norasmiy uchrashuvi yakunida ma’lum qildi, deb xabar berdi DW.

Qayd etilishicha, rasmiy Anqara «niyati a’zolikka to‘sqinlik qilish emasligini aniq tushuntirdi», deya ta’kidlab o‘tgan Stoltenberg.

Turkiya tomoni Stokholm va Helsinkining Turkiyada taqiqlangan deb tan olingan kurd tashkilotlariga munosabatini nomaqbul deb hisoblaydi. NATOga yangi davlatlarning kirishi esa faqat barcha amaldagi a’zo mamlakatlarning bir ovozdan roziligi bilan amalga oshiriladi. 

NATO bosh kotibi Finlandiya va Shvetsiyaning Rossiyaning ehtimoliy harakatlari tufayli alyansga kirish to‘g‘risida ariza berishdan yakuniy ratifikatsiya qilishgacha bo‘lgan davr bo‘yicha xavotirini tushunishini bildirdi. «Biz bu jarayonni imkon qadar tezlashtirishga harakat qilamiz. NATOga a’zo ko‘plab davlatlar tezlashtirilgan tartib ishga tushirilishini bildirdi», - dedi Stoltenberg. 

NATO bosh kotibi o‘tish davrida alyansning Shvetsiya va Finlandiyaga amaliy yordam ko‘rsatishi haqidagi savolga ehtiyotkorlik bilan javob berdi. «Biz xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash yo‘llarini ko‘rib chiqamiz, jumladan, NATOning Boltiqbo‘yi mintaqasida, Finlandiya, Shvetsiya va uning atrofidagi ishtirokini oshirish nazarda tutiladi», - dedi Stoltenberg. 

Ayni paytda, Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbokning aytishicha, agar Shvetsiya va Finlandiya a’zolik uchun ariza topshirsa, ittifoq mamlakatlari ularni tezlashtirilgan tartib asosida ko‘rib chiqadi. Berbok Germaniya Skandinaviyadagi ikki davlatni qabul qilish to‘g‘risidagi qarorni ratifikatsiya qilgan dastlabki davlatlardan biri bo‘lishini va’da qildi. «Shvetsiya va Finlandiya, agar siz tayyor bo‘lsangiz, biz ham tayyormiz», dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri. 

«Rossiyaning bosqinchilik urushi Rossiya prezidenti doim chetlab o‘tishni xohlagan narsaga olib keldi», dedi Berbok. Uning so‘zlariga ko‘ra, alyansning roli NATO mamlakatlarida yanada yaxshi tushunilmoqda. Bundan tashqari, endi NATOga «buni 24 fevralgacha rejalashtirmagan ikki davlat katta ehtimol bilan qo‘shiladi», deya qo‘shimcha qildi Germaniya tashqi siyosat idorasi rahbari. 
 
Bundan oldin Turkiya Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga kirishiga e’tiroz bildirgandi.

Mavzuga oid
Top