15:16 / 17.05.2022
20686

Bolalar namoyish uyushtirgan 21-son Mehribonlik uyi direktori ishdan bo‘shatildi. Prokuratura jinoiy ish qo‘zg‘atgan

Bundan tashqari, Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv davomida muassasa mansabdor shaxslarining noqonuniy xatti-harakatlari oqibatida ko‘p miqdordagi mablag‘lar talon-taroj qilinganligi ma’lum bo‘ldi.

Videodan kadr

Bosh prokuratura matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, Yunusobod tumani prokurori rahbarligida tuzilgan ishchi guruhi tomonidan 21-son Mehribonlik uyida norozilik namoyishi uyushtirilganligi haqida xabar yuzasidan tashkilot faoliyati tekshirilgan.

«Tekshirish davomida muassasada nosog‘lom va qoniqarsiz muhit tufayli ayrim tarbiyalanuvchilarda norozilik kayfiyati paydo bo‘lganligi va namoyish uyushtirilganligi aniqlandi. Shu sababli, 26 aprel kuni 21-sonli Mehribonlik uyi direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi», - deyiladi Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov taqdim qilgan ma’lumotda.

Bundan tashqari, tekshirish davomida muassasa mansabdor va moddiy javobgar shaxslarining noqonuniy xatti-harakatlari oqibatida o‘zganing ko‘p miqdordagi mablag‘lari o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilinganligi ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan 2022 yil 16 may kuni Jinoyat kodeksining 167, 205 va 207-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Top