09:23 / 17.05.2022
4782

Xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha imtihon xarajatlarini qoplashga ariza yuborish tartibi e’lon qilindi

Xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha yuqori ball (daraja) olgan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini to‘liq qoplab berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibi ma’lum qilindi.

Imtihon topshirish paytida 31 yoshga to‘lmagan O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan jismoniy shaxs (16 yoshga to‘lmagan shaxs nomidan murojaat qilgan qonuniy vakil) xizmatdan foydalanishi mumkin.

Xizmatni ko‘rsatishda kerak bo‘ladigan hujjatlar:

  • so‘rovnoma;
  • imtihon topshirish xarajati to‘langanini tasdiqlovchi to‘lov kvitansiyasi;
  • xorijiy til bilish darajasini belgilovchi sertifikat.

Ariza beruvchi maxsus sertifikat berilgan sanadan boshlab 180 kalendar kun mobaynida istalgan tuman (shahar) DXMga murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro‘yxatdan o‘tib murojaat qoldiradi.

So‘rovnoma to‘ldirilib, unga tegishli hujjatlar (imtihon topshirish xarajati to‘langanini tasdiqlovchi to‘lov kvitansiyasi, maxsus sertifikat) elektron tarzda pdf formatda ilova qilinadi.

Murojaat qilish jarayonida ariza beruvchi kompensatsiyani olish uchun o‘ziga qulay hududdagi Xalq banki filialini tanlaydi.

Yoshlar ishlari agentligi ariza beruvchining murojaati YaIDXP orqali tushgan paytdan boshlab 15 kalendar kun mobaynida maxsus sertifikatni verifikatsiyadan o‘tkazadi. Maxsus sertifikatning haqiqiyligi verifikatsiya orqali aniqlash imkoni bo‘lmasa, maxsus sertifikatning haqiqiyligini tasdiqlashni so‘rab vakolatli xorijiy tashkilotga so‘rov yuboradi.

Maxsus sertifikatning haqiqiyligi tasdiqlanganda agentlik 15 kun mobaynida maxsus sertifikat egasi bo‘lgan ariza beruvchilarning reyestrini shakllantirib, unga muvofiq kompensatsiya mablag‘larini Xalq bankining hisobvarag‘iga moliyalashtiradi va xizmat natijasi bo‘yicha ariza beruvchiga SMS xabar yuboradi.

Xizmat natijasi bo‘yicha ariza beruvchiga SMS yuborilgandan so‘ng Xalq banki filiali ariza beruvchining kompensatsiya pulini olishga bo‘lgan huquqini tasdiqlagan holda belgilangan kompensatsiya to‘lovini amalga oshiradi. 

Xizmatni ko‘rsatish muddati: 30 kun mobaynida. Xizmat narxi: bepul.

Top