11:26 / 18.05.2022
34286

Mariupol himoyachilari «Azovstal»dan chiqmoqda. Bu kapitulyatsiyami yoki omon qolish operatsiyasi?

16-17 may kunlari frontda jiddiy o‘zgarish kuzatildi. Dastlab Rossiya propagandachi saytlari va telekanallarida «Azovstal»dan yaralangan harbiylar olib chiqila boshlagani xabar qilindi. Ko‘p o‘tmay Ukraina Mudofaa vazirligi bu ma’lumotni tasdiqladi. Prezident Zelenskiy odatiy kechki murojaatida ham evakuatsiya haqida ma’lumot berdi.

RUSSIAN DEFENCE MINISTRY/REUTERS

Ukraina bosh shtabi Mariupol himoyachilariga endi faqat tirik qolish topshirig‘i berilganini ma’lum qildi. «Azovstal» strategik muhim bo‘lgan Azov dengizi bo‘yidagi Mariupol shahrining omon qolgan yagona qal’asi edi. Aynan shu yerda ukrainalik askarlar, xususan, «Azov» polkining jiddiy qarshiligiga uchragan rus harbiylari ko‘p vaqt va askar yo‘qotishdi. Xo‘sh, zavod yerto‘lalaridagi barcha askarlar chiqib ketsa, Mariupol to‘liq Rossiya nazoratiga o‘tgan bo‘ladimi?

Eng ko‘p qiynalgan shahar qal’asi

24 fevral kuni Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirgandan buyon ko‘p minglab ukrainlar halok bo‘ldi. Eng og‘iri shuki, ukrainaliklar qancha odam o‘lganini hisoblab ham chiqolmayapti, chunki qurbonlar soni juda ko‘p bo‘lgani aytilayotgan hududlarning aksari hamon Rossiya armiyasi nazoratida. Vafot etganlarni dafn etish ham muammoga aylangan.

Tinch aholi vakillari eng ko‘p ezilgan shaharlardan biri Mariupol bo‘ldi. Bu shaharda deyarli butun bino qolmagan. Shaharda 20-25 ming atrofida odam qurbon bo‘lgani aytilmoqda. 24 fevral kuni Rossiya bosqini boshlangan bo‘lsa, 25 fevraldan «Azovstal» yerto‘lalarida bombapanagohlar tashkil etilib, tinch aholi vakillari shunday joylarda yashay boshladi. Bir necha qavatli yerto‘lalardan iborat zavod hududida esa jami 12 ming kishi bombalardan saqlanishi mumkinligi aytilgan.

«Azovstal» doimiy ravishda rossiyalik harbiylar tomonidan o‘qqa tutilgan

18 martdan boshlab rossiyalik harbiylar zavodga shturm uyushtirib, uni egallashga harakat boshladi. Ammo haligacha bu ishning uddasidan chiqa olishgani yo‘q. Putin 21 aprel kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguga «Azovstal»ni shturm qilishni bas qilishni, u yerdagi yerto‘lalarda emaklab yurish shart emasligi bo‘yicha topshiriq berdi. «Hududni bloklang, shunday qilingki, pashsha ham uchib o‘ta olmasin», dedi Rossiya prezidenti. Ammo bu buyruqdan keyin ham zavod hududida otishmalar to‘xtamadi.

Oxir-oqibat «Azovstal»da bo‘lgan «Azov» polki asarlari, Ukraina armiyasi harbiylari, chegarachilar va dengiz piyodalari zavod hududidan chiqishga majbur bo‘lishdi – ularning ko‘pchiligi yaradorlar. Chunki ularga boradigan ta’minot butkul uzilgan, dori-darmon, oziq-ovqat va ichimlik suvi bormay qo‘ygan. Zavod hududida bo‘lgan barcha kasalxonalar portlatilgan. Mariupol himoyachilari nomini olgan zavoddagi harbiylar Ukraina hukumati buyrug‘ini bajarib, Rossiya nazoratidagi Novoazovskdagi kasalxonaga borishga rozi bo‘lganini ma’lum qilishdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy harbiylarning zavoddan olib ketilishi – «ularni qutqarish operatsiyasi» doirasida amalga oshirilganini aytdi. Rossiya tomoni esa buni kapitulyatsiya deb atamoqda. Ikki tomondan yangrayotgan bayonotlar ham bir-biridan farq qiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, 17 may kuni yana 300 nafar ukrainalik harbiylar zavod hududidan olib chiqilgan. Ular orasida 50 nafar og‘ir yaradorlar ham bor. Ular ayni damda Rossiya nazorat qilayotgan Donetsk yaqinidagi Olenevka qishlog‘ida joylashgan qamoqxonaga olib ketilgan. Yaradorlar kasalxonaga olib ketilishi aytilmoqda, chunki ukrainalik harbiylar faqat shu shart bilan zavoddan chiqishga rozi bo‘lgandi.

17 may kuni kechqurun ham bir necha avtobusda ukrainalik harbiylar zavoddan rossiyaliklar qo‘riqchiligidagi olib ketildi
Foto: Reuters

«Azovstal»dan olib chiqilgan harbiylarning taqdiri esa noma’lumligicha qolmoqda. Avvalroq Ukraina ularni asirlar almashinuvi doirasida rossiyalik harbiy asirlarga almashishi ma’lum qilingandi. Ammo muzokaralarda Ukraina tomonidan qatnashgan Oliy Rada deputati Kira Rudikning aytishicha, almashish mexanizmi hali ishlab chiqilgani yo‘q.

Deputatning aytishicha, Ukraina harbiylarini uchinchi davlatga, masalan Turkiyaga olib ketishni istaydi, ammo Rossiya bunga rozi bo‘lmagan. Ukraina o‘z harbiylari bilan hech nima sodir bo‘lmasligi borasida Qizil Xoch va BMTdan kafolat olgan. «Bu yagona yo‘l edi, chunki askarlar oxirigacha turib berishmoqchi edi», deydi deputat.

Ukraina tomonining ma’lum qilishicha, zavod hududida qolgan yaradorlar jarohatini davolashga sharoit bo‘lmaganidan kasallik butun tanaga tarqalmasligi uchun ko‘pchilikning qo‘li yoki oyog‘i kesib tashlangan.

«Haqiqiy konslager»

Kechga borib Olenevkadagi qamoqxonaga ukrainalik harbiylar bo‘lgan yana yettita avtobus borgan.

Mariupol meri maslahatchisi Petro Andryushchenko o‘z telegram kanalida Olenevkadagi qamoqxonani «Rossiya XXI asr o‘rtasida Yevropa o‘rtasida yaratgan haqiqiy konslager» deb atagandi. Maslahatchining aytishicha, qamoqxonada ukrainaliklar noinsoniy sharoitlarda saqlanadi, tibbiy yordam ko‘rsatilmaydi, har kuni ovqat berilmaydi. «U yerda harbiylarning yaqinlari, sobiq harbiylar, faollar, jurnalistlar va shunchaki shubhali ko‘ringan odamlarni saqlashadi», deb yozgan Andryushchenko.

Rossiya tomoni hozircha bu ma’lumotlarga izoh bergani yo‘q.

Farqli bayonotlar

Ikki davlat «Azovstal»dan ukrainalik harbiylar chiqishini ikki xil talqin qilmoqda. Rossiya bu jarayonni asirga tushish deb ta’riflayapti. «Kecha «Azov» millatchi bo‘linmasi jangarilarining bloklangan «Azovstal» zavodidan asir tushish jarayoni boshlandi», dedi Rossiya mudofaa vazirligi rasmiy vakili Igor Konashenkov. Rossiya propaganda nashrlarida ham «kapitulyatsiya» va «ukrainalik harbiylar taslim bo‘lishdi» kabi iboralarni ko‘rish mumkin.

Ukraina tomoni esa bu holatni harbiylar hayotini qutqarish operatsiyasi demoqda. Zelenskiy «Azovstal»dan olib chiqilgan harbiylarni qahramonlar deb atadi. «Ukraina harbiylari – Qurolli kuchlar, razvedka va xalqaro Qizil Xoch, BMT tashkilotlari yordamida yigitlarning jonini saqlab qolishga umid qilamiz. Ukraina qahramonlari mamlakatga tirik holatda kerak. Bu bizning prinsipimiz, sog‘lom fikrlaydigan har qanday odam buni tushunadi», dedi Zelenskiy.

Ukraina prezidentining so‘zlaridan ham askarlar kelajakda tirik qolishi 100 foiz aniq emasligi bilinadi. Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Irina Vereshchuk asirlar almashinuvi bo‘yicha Ukraina tomonidan mas’ul hisoblanadi. Uning aytishicha, «Azovstal»dan olib chiqilganlar bo‘yicha asirlar almashinuvi doirasida ishlar davom ettiriladi. Zavod hududida 1000 nafardan ortiq ukrainalik harbiy qolgani aytilgandi.

Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar harbiylarni shu tarzda olib chiqish yagona yo‘l bo‘lganini aytdi. Chunki ular oddiy birlamchi tibbiy yordam ham ololmay uzoq vaqtdan buyon qiynalayotgan edi. «Afsuski, «Azovstal»ni harbiy yo‘l bilan qaytib olish imkonsiz», dedi vazir o‘rinbosari.

«Azovstal»dan olib chiqilgan ukrainalik harbiylar taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Foto: EPA

Rossiya nima qilmoqchi?

Kremlning bu borada rejalari aniq emas. Putinning rasmiy vakili Dmitriy Peskov harbiylarga xalqaro huquqlarda belgilangan tartibda tibbiy yordam ko‘rsatilishini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, mamlakatdagi yuqori minbarlarda ularni otib tashlash ham taklif qilinmoqda. Vafot etgan Jirinovskiy o‘rniga LDPR partiyasini boshqarib turgan Leonid Slutskiy «Azovstal»dan olib chiqilgan harbiylarga nisbatan Rossiyada mavjud bo‘lmasa-da, istisno tariqasida o‘lim jazosi qo‘llash kerakligini aytdi. Davlat Dumasi spikeri Vladimir Volodin esa «Azovstal»dan chiqqanlar asirlar almashinuvi jarayoniga kiritilmasligi kerakligini ta’kidladi.

Mariupol qo‘ldan ketdimi?

Rossiya qo‘shinlari katta kuch tashlangan bo‘lsa-da, «Azovstal»ni ikki oy davomida qo‘lga kirita olmadi. Shu sabab ular Mariupol to‘liq egallangani haqida e’lon qila olishmayotgandi. Zavod hududidan Mariupol himoyachilari olib chiqila boshlagani esa amalda rus armiyasi shahar ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishini anglatadi. Ruslar Mariupolni «ozod qilishgani» haqida hozircha e’lon qilishmadi, ammo zavod hududidan oxirgi askar olib ketilsa, bu katta voqelik sifatida nishonlanishi haqiqatga yaqin.

Ukraina hukumati Xarkovda muvaffaqiyat qozongan bo‘lsa-da, amalda strategik muhim shahar bo‘lmish Mariupolni boy berdi. «Azovstal»da ikki oy mudofaani ta’minlab turgan ukrainalik harbiylar esa Ukraina armiyasi uchun juda kerak bo‘lgan vaqtni yutib berishdi. Bu vaqtda mamlakat G‘arbdan qurol oldi, qo‘shimcha harbiylarni tayyorlashga ulgurdi. Shu bilan birga janubdagi muhim yo‘lak to‘liq Rossiya armiyasi nazoratiga o‘tishiga yo‘l qo‘ymadi. Qo‘shimchasiga doimiy tarzda bir guruh rus harbiylari zavod atrofida turishga majbur bo‘ldi. Shu sabab qariyb 100 yillik tarixga ega, 2014 yilgi urushda Ukraina harbiylari tomonidan muvaffaqiyatli mudofaa qilingan «Azovstal» bu galgi katta urushda bosqinga qarshi chiqayotgan Ukraina armiyasining ramziy qal’asiga aylandi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top