09:04 / 23.05.2022
9217
Bayden: AQSh Shimoliy Koreyaning har qanday harbiy sinoviga tayyor 

AQSh prezidenti Jo Bayden Shimoliy Koreyaning yangi sinovlaridan xavotirlanmasligini aytdi. «Biz ular qilayotgan har bir narsaga qanday javob berishimiz haqida o‘ylab ko‘rdik», dedi Qo‘shma Shtatlar rahbari.

Foto: AP

Osiyo davlatlariga tashrif buyurayotgan AQSh prezidenti Jo Bayden Vashington Shimoliy Koreya tomonidan ehtimoliy yangi harbiy texnika sinovlariga tayyor ekanini aytdi. «Biz Shimoliy Koreya qiladigan hamma narsaga tayyormiz. Biz ular qilayotgan hamma narsaga qanday javob berishimiz haqida o‘ylab ko‘rdik», - deya 22 may, yakshanba kuni AQSh prezidentining so‘zlaridan iqtibos keltirgan AFP axborot agentligi.

Jurnalistlarning Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inga xabar yuborish istagi bormi, degan savoliga javob berar ekan, u ikki so‘z bilan cheklandi: «Salom. Nuqta». 

Qo‘shma Shtatlar bir necha haftadan beri Shimoliy Koreya 2017 yildan beri ilk bor yadroviy sinov o‘tkazishi mumkinligi haqida ogohlantirib kelyapti. Xalqaro izolyatsiyada bo‘lgan va qattiq sanksiyalarga uchragan mamlakat so‘nggi oylarda qator raketa sinovlarini o‘tkazdi. Baydenning Osiyoga safari chog‘ida yadro quroli sinovi o‘tkazilishi mumkinligi borasida xavotirlar bor edi. 

Juma kuni AQSh prezidenti Janubiy Koreyaga tashrif buyurdi va u yerda janubiy koreyalik hamkasbi Yun Suk Yol bilan KXDRni tiyib turish uchun qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi. Shu bilan birga, siyosatchilar Shimoliy Koreya rahbariyatiga koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan yordam taklif qildi. 22 may kuni Bayden Yaponiyaga borib, bosh vazir Fumio Kisida va imperator Naruxito bilan uchrashdi. 

Top