10:56 / 23.05.2022
16644

Oltinko‘l tumaniga yangi hokim tayinlandi 

Hokim yordamchisi tuman hokimi bo‘ldi. U avvalroq viloyat miqyosida yuqori lavozimlarni egallagan.

Foto: Kun.uz

Andijon viloyatining Oltinko‘l tumani hokimi tayinlandi. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi xabar berishicha, Muhammadmuso Orifjonovich Obidov Oltinko‘l tumani hokimi sifatida ish boshladi.

Muhammadmuso Obidov 1984 yil Marhamat tumanida tug‘ilgan, 2005 yilda Andijon muhandislik iqtisodiyot instituti, 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.

U mehnat faoliyati davomida Markaziy bank Andijon viloyati Bosh boshqarmasi boshlig‘ining  o‘rinbosari, Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bank Andijon bo‘limi boshqaruvchisi sifatida ishlagan.

2022 yil yanvaridan Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani «Chorvador» mahalla fuqarolar yig‘ini tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi lavozimida edi.

  • Oltinko‘l tumaniga 2020 yilning oktyabr oyida hokim etib tayinlagan Iqbolbek Matro‘ziyev 2020 yil aprel oyida prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishida lavozimidan ozod etilgandi.
  • Ma’lumot o‘rnida, shu yilning mart oyida Mo‘ynoq tumaniga ham hokim yordamchisi hokim etib tayinlangan edi.
Top