16:09 / 23.05.2022
39389

Ukrainaga G‘arb qurollari yetkazilishi jang maydonidagi vaziyatni qanday o‘zgartirmoqda?

Stinger bilan ketayotgan ukrain askari. Foto: Anadolu

Mutaxassislar baholariga ko‘ra, Ukrainadagi urushda sovetlar qurolli kuchlari ko‘rsatmalari va ustavlari bo‘yicha harakatlanayotgan Rossiya armiyasi yangicha tipdagi armiyaga qarshi turishiga to‘g‘ri kelmoqda. Ukraina qurolli kuchlari nisbatan moslashuvchan taktika va tashkilotchilikni ishlab chiqishga muvaffaq bo‘lgan, endilikda, Kiyevdagilar ularga yanada zamonaviy va takomillashgan qurollar kerak deb hisoblamoqda. Ammo yangi qurollar yetkazib berilishi ukrainaliklar qarshisida yangi muammolarni keltirib chiqarmoqda – bunday qurollardan foydalanishni ham o‘rganish kerak.

«Agar Ukraina hamkorlarimizda mavjud, Rossiya tomonidan qo‘llanayotgan qurollar bilan taqqoslash mumkin bo‘lgan barcha qurollardan foydalana olganida edi, biz bu urushni allaqachon yakunlagan bo‘lardik», degandi prezident Volodimir Zelenskiy aprel oyi oxiridagi murojaatlaridan birida.

Ukrainaga qurol yetkazib berish urushdan avvalroq boshlangandi, ammo urushga qadar va urushning ilk kunlarida G‘arb asosan piyodalar uchun qurollarni jo‘natgan – tankka qarshi qo‘lda olib yuriluvchi raketalar va zenit raketa majmualari, shuningdek turli harbiy yuklar – asosan, o‘q-dorilar, amunitsiya (askarning kiyim va quroldan boshqa anjomlari), tibbiy to‘plamlar, tungi ko‘rish vositalari. Bu jo‘natmalar urushning dastlabki davrida rossiyaliklar yurishini to‘xtatishga yordam berdi.

Urushning keyingi haftalarida, ayniqsa rossiyalik harbiylar Kiyevni egallay olmagach, bu yo‘nalishdan chekinib, asosiy kuchlarni Donbass va Ukrainaning janubiy hududlariga yo‘naltirganidan keyin Ukraina G‘arbdan nisbatan og‘ir qurollar so‘ray boshladi.

Endi Ukrainaga reaktiv va stvolli artilleriya, yuqori aniqlikdagi snaryadlar, zirhli texnika va havo hujumidan mudofaa majmualari, uchuvchisiz uchish qurilmalari, kemalarga qarshi raketalar kerak edi. Bundan tashqari, ekspertlar fikricha, Ukraina harbiy havo kuchlariga jangovar samolyotlar va vertolyotlar ham kerak.

Umuman olganda, ukrainlar armiyasi Rossiya kuchlariga butun front bo‘ylab emas, muhim nishonlarga aniq zarbalar berish orqali moslashuvchan taktika bilan qarshi turishga harakat qilmoqda. Bu esa rossiyalik harbiylarning joylashuvi va harakatlari to‘g‘risida eng so‘nggi ma’lumotlardan xabardorlikni talab etadi.

Javelin raketalari Ukrainaga urushdan ancha oldinroq kela boshlagandi. Foto: Getty Images

Aynan shuning uchun ukrainlar razvedka va nishonni belgilash vositalari – radarlar, batareyaga qarshi urush vositalari, dronlar va sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlariga muhtoj.

Ikki tomon ham aviatsiya qo‘llash imkoniyatlarini saqlab qolmoqda, ammo havo hujumidan mudofaa tizimlari havoda to‘liq ustunlikni qo‘lga kiritish imkonini bermayapti. Shu bilan birga, ikki tomonda ham havo hujumidan mudofaa tizimlari katta yo‘qotishlarga uchragan – bu yo‘qotishlar o‘rnini ham to‘ldirish kerak.

10 may kuni Pentagon Ukraina AQShdan olayotgan va olishda davom etadigan qurollar ro‘yxatini e’lon qildi. Bundan tashqari, Kiyev Yevropa davlatlaridan boshqa tizimlar yetkazib berilishini kutmoqda.

Ayrim qurollar yetkazib berilishi boshlangan, ayrimlari bo‘yicha hali kelishuvga erishilmagan. Masalan, Kiyev hozircha G‘arb davlatlarini jangovar aviatsiya yetkazib berishga ko‘ndira olgani yo‘q. Ukraina faqat Mi-17 vertolyotlarini olgan, holbuki Polshadan MiG-29 rusumli qiruvchi samolyotlari ham kelishidan umid qilinayotgandi.

Aprel oyi o‘rtalarida Ukraina harbiy havo kuchlari AQSh vositachiligida aviatsiya uchun ehtiyot qismlar olgandi, buning evaziga bir qancha MiG qiruvchilarini havoga ko‘tarishga muvaffaq bo‘lingan, aynan qanchaligi – noma’lum. Ammo OAV ma’lumotiga ko‘ra, samolyotlar yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar hali tugamagan va Kiyev baribir qiruvchi samolyotlarga ega bo‘lish imkoniyatlarini izlamoqda.

Ukraina xorijdan ehtiyot qismlar yetkazib berilgach, jangovar samolyotlarining bir qanchasini ta’mirlashga muvaffaq bo‘ldi. Foto: Getty Images

Qurollar va harbiy texnikalar harbiy yordamning bir qismidir. Bundan tashqari, Ukrainaga tibbiy qurilmalar va dori-darmonlar, shaxsiy himoya vositalari, o‘q-dorilar va boshqa ko‘plab jo‘natmalar kelmoqda.

Eski va yangilar

Ukrainaga yordam berayotgan qurol va texnikalar turlicha – sovetlar davrida SSSR va sotsialistik lager mamlakatlarida ishlab chiqilganlari hamda G‘arb ishlab chiqarganlar, ularning orasida ham eski va yangi qurollar bor.

Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, Buyuk Britaniya butun dunyo bo‘ylab mudofaa vazirligi va o‘z harbiy attashelari orqali sovetlar davriga mansub bo‘lgan qurollarni izlamoqda. Britanlar mudofaa vaziri Ben Uollesning aytishicha, ko‘p hollarda Rossiya vakillari ham xuddi shu mamlakatlarda shunday qurollarni izlayotgani ma’lum bo‘lmoqda. Dunyoning 23 mamlakati armiyasida sovetlar yoki rossiyaliklar qurollari mavjud.

Sovetlarning eski qurollarini yetkazib berish – majburiy choradir, bu ukrainlarga yangi texnikalardan foydalana oladigan qismlar yetishtirilguniga qadar qarshilik ko‘rsatishda davom etishni ta’minlash uchun zarur.

Ukrainaga yetkazib berilayotgan sovetlar qurollari o‘z xususiyatlariga ko‘ra ayni vaqtda Rossiya armiyasi ixtiyoridagi ayni shu kabi qurollardan yomonroq holatda.

Endi urushda Javelin raketalaridan ko‘ra, artilleriya tizimlari zarurroq. Foto: AFP

Ammo tanklar, zirhli mashinalar, katta va kichik zenit-raketa majmualari shaxsiy tarkib va ekipajni ko‘p muddat davomida tayyorlashni talab etmaydi – bunday texnikalar ukrain harbiylariga yaxshi tanish. Bunday yetkazmalar Ukraina qurolli kuchlari yo‘qotishlari o‘rnini to‘ldirishga imkon bermoqda.

Yetkazmalarning ikkinchi turi – G‘arb qurollari. Ular ham eski yoki yangi bo‘lishi mumkin, ammo nima bo‘lganda ham bunday texnikalarga xizmat ko‘rsatish, ularni boshqarish va ularda jang qilishni o‘rganish talab etiladi.

G‘arbning ko‘plab qurollari masofa, aniqlik va umumiy samaradorlik bo‘yicha rossiyaliklarning qurollaridan ustunroq hisoblanadi.

Gaubitsalar va raketalar urushi

Rus qo‘shinlari Kiyev, Chernigov va Sumidan chekingach, urushning tabiati o‘zgardi. Endi rossiyaliklar armiyasi zich artilleriya ko‘magisiz, shuningdek, aviatsiya qo‘llab-quvvatlovisiz ancha ichkari kirib borishga intilmayapti. Shu bilan birga, muhim yo‘nalishlardagi hujumlar ikkinchi darajali faol harakatlar bilan kuzatib borilmoqda – bu esa Ukraina qurolli kuchlarining frontning boshqa uchastkalaridan qo‘shimcha kuchlar olib kelishini murakkablashtiradi.

AQSh Ukrainaga 90 dona M777 gaubitsalari yubordi. Foto: AFP

Ammo yurish tempi pastligicha qolmoqda. Alohida rayonlarda esa umuman olg‘a siljish kuzatilmayapti, boshqa joylarda rossiyalik harbiylar bir necha kilometrgina ilgarilay olishgan. Xarkov oblastida ukrain harbiylari javob zarbalari berib, front chizig‘ini shahardan uzoqlashtirishdi, ayrim joylarda esa davlat chegaralariga chiqishdi yoki yaqin kelishdi.

Endi urush tabiati o‘zgargan, rossiyaliklar tankka qarshi zamonaviy raketalar va zenit qurollarga ega bo‘lgan ukrainalik harbiylardan cho‘chib, ehtiyotkorlik bilan harakatlanishmoqda. Zirhli texnikalar va Javelin’lar urushi endi tanklar, gaubitsalar va raketalar urushiga aylanmoqda. Shuning uchun Ukrainaga tobora ko‘proq artilleriya va ular uchun o‘q-dorilar yetkazib berila boshlandi.

Ukrainaga nimalar yetkazib berildi?

  • Chexiya – RM-70 raketa qurilmalari - sovetlarning BM-21 «Grad» tizimining mahalliylashtirilgan varianti. Bir necha o‘n dona
  • Polsha – BM-21 «Grad», aniq soni ma’lum emas
  • AQSh – M777 gaubitsalari. 90 dona
  • Polsha – «Gvozdika» o‘ziyurar artilleriya qurilmalari. 20 dona atrofida
  • Estoniya – D-30 gaubitsalari. Bir necha dona
  • Chexiya – ShKH vz. 77 DANA o‘ziyurar gaubitsalar. 20 dona.

Yana nimalar yetkazib berilishi kutilmoqda?

  • Fransiya – Caesar g‘ildirakli o‘ziyurar artilleriya qurilmasi. 10-12 dona
  • Germaniya – gusenitsali PzH 2000 o‘ziyurar artilleriya qurilmasi. Yetti dona
  • Niderlandiya – PzH 2000 o‘ziyurar artilleriya qurilmasi. Besh dona
  • Norvegiya – gusenitsali M109A3GN o‘ziyurar artilleriya qurilmasi. 20 dona
  • Avstraliya – M777 gaubitsalari. Olti dona
  • Kanada – M777 gaubitsalari. To‘rt dona.

Ukraina AQSh M142 HIMARS va M270 MLRS rusumli uzoq masofaga otuvchi reaktiv tizimlari yetkazib berishidan umid qilmoqda, bu qurollar mos ravishda 300 va 80 kilometrdagi nishonlarga zarba berishi mumkin.

Politico nashri manbalariga ko‘ra, AQSh Kiyev so‘ragan baravar o‘t ochuvchi tizimlarni berishga shoshilmayapti, Oq uy bunday qurollar Rossiya hududiga zarba berish uchun qo‘llanishidan, bu esa mojaroni faqat kengaytirishi va cho‘zishidan xavotirda.

5 may kuni Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy o‘z telegram-kanalida uzoq masofaga o‘t ochuvchi bunday reaktiv tizimlar Ukraina qurolli kuchlariga qanotli raketalar uchirilishiga qarshi kurashish uchun zarurligini aytgandi.

Ikki tomon ham ko‘plab zirhli texnikalaridan ayrilgan - suratda yo‘l bo‘yida qolgan ukrainlarning T-64 tanki. Foto: AFP

Ayni vaqtda britanlarning dengizdagi nishonlar uchun mo‘ljallangan va aviatsiya orqali qo‘llanadigan Brimstone raketalari Ukrainaga olib kelingan va quruqlikdagi qurilmadan quruqlikdagi nishonlarga zarba berish uchun moslashtirilgan. Britaniya bunday qurollarni Ukrainaga yetkazib berishi haqida xabarlar Birlashgan Qirollik bosh vaziri Boris Jonsonning Kiyevga tashrifidan keyin paydo bo‘lgandi. Bunday raketalar Ukrainada may oyi boshlarida qo‘llangan, 15 may kuni esa bunday raketalar quruqlikdagi qurilmadan uchirilayotgani ask etgan video paydo bo‘ldi.

Raketalar, snaryad va minalar yetkazib berilishi allaqachon Ukrainaga rossiyaliklar bosqinini to‘xtatishda yordam bermoqda. Isroillik harbiy ekspert David Gendelman BBC bilan intervyuda bunday o‘q-dorilar hal qiluvchi rolni o‘ynayotgani haqida gapirgan. «Ukraina nafaqat qurollar, balki o‘q-dorilar ham olmoqda. Buning evaziga ular shu kunga qadar qarshilik ko‘rsatmoqda. O‘nlab gaubitsalarsiz ham ular shu vaqtgacha jang qilib turishardi, ammo bunday keng ko‘lamli urushda o‘q-dorilar juda tez sarflanib ketadi», degan u.

Artilleriya yetkazib berilishi nimani o‘zgartiradi?

Ukrainaning o‘z artilleriyasi bor, ammo uning katta qismi sovetlar mahsuloti va xususiyatlariga ko‘ra Rossiya tizimlariniki bilan bir xil. Boshqacha aytganda, ukrainlar batareyasi zarbalari rossiyaliklar pozitsiyalariga yeta olsa, qarshi tomondan ham shunday javob bo‘ladi.

Infografikadagi ma’lumotlar oddiy snaryadlar bo‘yicha

Ukraina qurolli kuchlarida – «Grad» raketa ustanovkalari, uzoqroq masofaga zarba beruvchi «Uragan» va «Smerch»lar bor. Shuningdek o‘ziyurar «Msta-S», «Giatsint-S», «Akatsiya», «Gvozdika» va 203-millimetrli «Pion» o‘ziyurar artilliya qurilmalari (sanoqli) mavjud. Ukraina armiyasida sovetlar davridan «Msta», «Giatsint», D-20 va D-30 kabi oddiy gaubitsalar ham qolgan.

G‘arbning uzoq masofalarga otuvchi artilleriya tizimlarini olib, ukrain harbiylari rossiyaliklar artilleriyasi yeta olmaydigan pozitsiyadan turib zarbalar yo‘llashi mumkin bo‘ladi.

Ammo standartlardagi farqlar tufayli ular uchun alohida o‘q-dorilar ham sotib olishga to‘g‘ri keladi va bu alohida logistik muammoga aylanadi. Pentagon jo‘natmalari ro‘yxatida 155-millimetrlik qurollar uchun 200 ming dona snaryad ham keltirilgan. Jon Kirbining so‘zlariga ko‘ra, shundan 120 mingtasi allaqachon Ukrainaga yetkazilgan.

Bundan tashqari, ko‘plab parametrlar, jumladan aniqlik yoki masofa uzunligi Ukrainaga yetkazilayotgan snaryadlarga bog‘liq. Bunday o‘q-dorilardan yetarlicha ko‘p ishlab chiqilgan, yo‘naltiruvchi va korreksiya qiluvchi tizimlarga ega bo‘lgan maxsus yuqori aniqlikdagi va uzoq masofaga yetib boruvchi snaryadlar mavjud va ularning narxi juda qimmat.

Ukrainaga maxsus snaryadlardan foydalanish mumkin bo‘lgan, modifikatsiya qilingan M777 gaubitsalari yetkazib berilgan. Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan fotosuratlardan birida muallif juda uzoq masofaga uchuvchi va vayronkor zarba beruvchi M795 hamda M549A1 snaryadlarini ko‘rsatgan.

Zirhli texnika

Urushdan oldin va urushning birinchi bosqichida faol yetkazib berilgan tankka qarshi ko‘chma raketa majmualari ukrain piyodalariga Rossiya qo‘shinlarining tarqoq va himoyasiz kolonnalari hujumiga qarshi turishda yordam berdi.

Javelin’lar ukrain armiyasiga urushning ilk davrida katta yordam berdi, endi esa artilleriya kerak. Foto: AFP

Internetda yondirib yuborilgan ko‘plab texnikalar fotosuratlari va videoyozuvlari paydo bo‘ldi va bu granatomyot tankka qarshi kurashdagi mukammal vosita ekani haqida taassurot uyg‘otdi. Tanklar universal va yuqori samarali harbiy harakatlar olib boriluvchi vositadan ko‘ra Javelin, NLAW, «Stugna» va boshqa tankka qarshi raketa komplekslari uchun harakatlanuvchi nishonga o‘xshab qoldi.

Ko‘p jihatdan bunday taassurot aynan shunday video va fotolar tufayli yuzaga kelgan. Ekspertlar qayd etishicha, ko‘plab tanklar va boshqa zirhli mashinalar nafaqat ko‘chma granatomyotlar va tankka qarshi boshqariluvchi raketalar orqali, balki artilleriya bilan ham nishonga olingan va Rossiya Kiyev atrofidan chekinib, asosiy e’tiborini Donbassdagi yurishlarga qaratgach, aynan artilleriya tizimlari tanklar va boshqa zirhli texnikalarga qarshi kurashishda asosiy vositaga aylandi.

Birinchidan, rossiyalik harbiylar taktikani o‘zgartirdi, endi ular birgalikdagi jang olib borishga harakat qilmoqda, bunda tanklar piyodalar, yengil zirhli texnikalar va artilleriya ko‘magida olg‘a harakatlanadi. To‘g‘ri foydalanish orqali tanklar jangovar guruhning asosiga aylanadi va hujumni kuchaytiradi, piyodalar esa ularni granatomyotchilardan himoyalab boradi.

Ukrain tanklari ham mudofaada faol ishtirok etmoqda va yo‘qotishlarga uchramoqda, urush sharoitida buni aniq baholashning imkoni yo‘q. Ukraina armiyasi tank parkini to‘ldirishga muhtoj va hozirgacha xorijdan bir necha yuz mashina yetib kelgan.

M113 - Vetnam urushi davridan buyon Amerika armiyasida «ishchi ot» hisoblanadi, u Iroq urushida ham xizmat ko‘rsatgan

Yengil zirhli texnikalar jangda yanada ojiz, ayniqsa sovetlarning piyodalar jangovar mashinalari, zirhli transportyorlari va desant mashinalari himoyani kamaytirish hisobiga yengillashtirilgani bilan ajralib turadi.

Ikki tomon ham ko‘plab yengil zirhli texnikalaridan ayrilgan va parkini to‘ldirishga katta ehtiyoj sezadi. Ammo Rossiyada bunday texnikalar zaxirasi Ukrainadagidan kattaroq va shu tufayli Ukraina qurolli kuchlariga har qanday zirhli transportyorlar va BMPlar asqotadi.

Ukrainaga qanday zirhli texnikalar yetkazilgan yoki yetkazish jarayonida?

  • Polsha – T-72M1 tanklari. 240 dona
  • Chexiya – T-72M1 tanklari. Aniq miqdori noma’lum
  • AQSh – M113 gusenitsali zirhli transportyorlar. 200 dona
  • Daniya – M113. 50 dona
  • Polsha – BMP-1. O‘nlab
  • Chexiya – 50 Pbv 501A (BMP-1). 56 dona
  • Avstraliya – Bushmaster zirhli mashinalari. 20 dona
  • AQSh – M1114 HMMWV Humvee zirhli mashinalari. 100 dona atrofida
  • Buyuk Britaniya – Mastiff, Wolfhound va Husky patrul zirhli mashinalari. 80 dona
  • Kanada – Roshel Senator zirhli mashinalari. Sakkiz dona
  • Ispaniya - URO VAMTAC zirhli mashinalari. Aniq miqdori noma’lum
  • Buyuk Britaniya – FV103 Spartan gusenitsali zirhli transportyorlar. 35 dona
  • Daniya – Piranha III g‘ildirakli zirhli transportyorlar. 25 dona.

Nima yetkazib berilishi mumkin, ammo hozircha kelishuvga erishilmagan?

  • Germaniya – Leopard-1A5 tanklari. 88 dona
  • Germaniya – Marder piyodalar jangovar mashinalari. 100 dona.

Zirhli texnikalar yetkazib berilishi nimani o‘zgartiradi?

Ukrainaga amalda tanklarning faqat bitta modeli – sovetlarning T-72M1 tanklari yetkazib berildi. Ular hozircha ikki mamlakatdan (Polsha va Chexiya) kelmoqda va jihozlanishi bo‘yicha biroz farqli, ammo umuman olganda bu tanklar, BBC bilan suhbatda ukrainalik harbiy ekspert, zirhli texnikalar bo‘yicha mutaxassis hisoblangan Andrey Tarasenkoning aytishicha, ukrain tankchilariga yaxshi tanish.

Bu tanklarning kamchiligi – dinamik himoya bloklari (DZ) yo‘qligi, ekspertning aytishicha, ular Ukrainaga keltirilgach, qayta jihozlashni talab etadi. Bunday himoya bloklari ishlab chiqarilishi Ukrainada urushdan oldinroq yo‘lga qo‘yilgandi. Tarasenko qisqa vaqt ichida bunday ko‘lamdagi modernizatsiya o‘tkazish qiyin kechishini tan olgan.

Germaniyaning Marder piyodalar jangovar mashinalari kelajakda Ukrainada paydo bo‘lishi mumkin. Foto: Getty

Yengil texnikalar orasida Amerikaning M113 va Humvee zirhli avtomobillari ko‘proq, bu ularga xizmat ko‘rsatish va ehtiyot qismlar bilan ta’minlashni osonlashtiradi. Ammo ulardan tashqari bir necha mamlakat Ukraina armiyasi uchun turli zirhli mashinalar partiyalarini yetkazib bergan yoki yetkazib berishga hozirlanmoqda. Ularga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash – logistika nuqtayi nazaridan nisbatan murakkab vazifadir.

Ammo, Andrey Tarasenkoning fikricha, «harbiy harakatlar sharoitida texnikalar iste’moli shunday kattaki, ekipaj hayotini saqlashi mumkin bo‘lgan har qanday mashina zarur va dolzarbdir». «Ularni ta’mirlash va ta’minlash muammolari ikkinchi planga chiqadi, chunki [texnikalar] ishlatilishi, yo‘qotishlar soni va nosozliklar juda katta», degan u.

Bundan tashqari, Ukraina xorij mashinalari uchun ham, sovetlarga mansub eski mashinalar uchun ham ekipajlarni tayyorlashi talab etiladi.

«Mavjud tanklar imkoniyatlaridan ham tegishli tayyorgarlik, trenajyorlar, o‘quv parki, metodik materiallarsiz hatto 60-70 foizga foydalanilmayapti», deydi ekspert. «1989 yilda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, ekipaj tayyorligi darajasining 25 foizga oshishi jangovar mashinalar va tanklar parkining 60 foizga o‘sishiga mos keladi», deya qo‘shimcha qilgan u.

Andrey Tarasenkoning so‘zlariga ko‘ra, Amerikaning o‘qitish tizimi sovetlarnikidan ustun, chunki u yerda nisbatan zamonaviy trenajyorlar mavjud. Ukraina ham zamonaviy o‘quv mashg‘ulot komplekslariga ega, ammo tankchilarni o‘qitish kamida bir necha hafta vaqt oladi.

Dronlar

Uchuvchisiz uchish qurilmalari so‘nggi yillarda zamonaviy harbiy mojarolarning asosiy ramziga aylanayozdi.

Ammo xuddi tanklarga qarshi majmualar bilan bo‘lgani kabi, dronlarning samaradorligini baholashda ham media va blogosfera katta ta’sir ko‘rsatdi – Tog‘li Qorabog‘ yoki Ukrainadagi urushda dronlar kameralari orqali tasvirga olingan, harbiy texnikalarning yakson etilishi aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda ancha mashhur.

Turklarning «Bayraktar» razvedkachi droni zarba berishi ham mumkin. Foto: Getty

Mutaxassislar baholariga ko‘ra, dronlarning jang maydonidagi haqiqiy o‘rni aslida boshqacha. Ular chindan ham zarbalar berishi mumkin va ba’zida buni muvaffaqiyatli bajarishadi. Ammo ular boshqa kuchliroq zarba berish vositalari uchun nishonlarni belgilab berish va yo‘naltirishda yanada foydaliroq.

Turklarning «Bayraktar» nomini olgan TB2 dronlari ijtimoiy tarmoqlarning haqiqiy yulduziga aylangan. Turkiya ularni Suriyada 2020 yil fevralida «Bahor qalqoni» amaliyoti chog‘ida, undan oldinroq Liviyada Haftar armiyasiga qarshi muvaffaqiyatli qo‘llagan. Ulardan Qorabog‘da ham keng foydalanilgan, endi Ukrainada ham foydalanilmoqda.

Aslida Ukraina armiyasi ancha vaqtdan buyon foydalanayotgan «Bayraktar» yoki kamikadze dronlarning samaradorligini baholash qiyin – ijtimoiy tarmoqlarda faqat muvaffaqiyatli chiqqan zarbalar videolari tarqaladi, qolaversa, bunday zarbalarning oqibatlarini ham doimo aniq baholab bo‘lmaydi.

Ammo «Bayraktar» - bu razvedka ham olib boradigan zarbdor dron emas, balki zarba ham bera oladigan razvedka droni hisoblanadi. Va shuning uchun uning asosiy ahamiyati kuzatuv, razvedka va nishonni belgilab berishdadir.

May oyi boshida ukrain uchuvchisiz uchish qurilmalari Ukraina aviatsiyasi bilan birgalikda Qora dengizdagi Zmeiniy oroliga zarbalar yo‘lladi. O‘shanda «Bayraktar»lar quruqlik va dengizdagi nishonlarga zarba beribgina qolmasdan, orol va uning atrofidagi rossiyalik kuchlar joylashuvini kuzatish va razvedka qilish ishlarini ham amalga oshirgandi.

Ukrainaga qanday dronlar yetkazib berildi?

  • AQSh – Phoenix Ghost taktik dronlari. 121 dona
  • AQSh – Switchblade (kamikadze dronlar). 700 dona
  • AQSh – RQ-20 Puma - taktik razvedkachi dronlar. Soni aniq emas
  • Turkiya – TB2 Bayraktar razvedkachi zarbdor dronlari. Soni aniq emas, yetkazib berish davom etmoqda
  • Daniya – Heidrun razvedkachi dronlari. 25 dona.

Dronlar yetkazib berilishi nimani o‘zgartiradi?

AQSh yetkazmalari ro‘yxatida kamikadze dronlar deb ham ataladigan «osmondagi snaryadlar» bir talay.

Razvedkachilardan farqli o‘laroq, bu bir martalik qurol bo‘lib, ularni amalda havoda uzoq vaqt harakatlanishi mumkin bo‘lgan taktik qanotli raketalar deyish ham mumkin. Ular ukrain qismlarining imkoniyatlarini oshiradi, ammo bu razvedkachi dronlar o‘rnini bosa olmaydi.

Ukrainlar faqat yirik hajmli «Bayraktar»lardan foydalanayotgani yo‘q. Ko‘pincha razvedka va artilleriya uchun nishonlarni belgilab berish bir nuqtada turib tasvirga oluvchi va kartinkani real vaqt rejimida operatorga uzatuvchi kichik kopterlar orqali amalga oshiriladi.

Dronlar zarba berish imkoniyatlari ancha yuqori bo‘lgan aviatsiya o‘rnini bosa olmaydi. «Bayraktar» - shturmovik yoki bombardimonchi samolyotlar uchun muqobil vosita emas. Ammo uchuvchisiz uchish qurilmalarining o‘z afzalliklari bor. Dronlar ixcham uchish-qo‘nish yo‘laklaridan havoga ko‘tarila oladi, ayrimlarini esa dala maydonida turib ham uchirish mumkin.

Ukrainlar artilleriyadan yoppasiga o‘t ochishga emas, zarbalar aniqligiga e’tibor qaratayotgani, Ukraina armiyasida turli bo‘linmalarning ishini muvofiqlashtirish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani sababli dronlarning Ukraina qurolli kuchlaridagi rolini e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi.

Harbiy ekspertlar hisoblashicha, Rossiya armiyasi texnika va askarlarini bo‘lib-bo‘lib joylashtirishga e’tiborsiz bo‘lgani va bu ukrainlarga dronlarning aniq yo‘naltirishi evaziga ta’sirchan zarbalar yo‘llashga imkon berganidan kelib chiqqan holda, dronlarning roli yanada ahamiyatli bo‘lgan.

Uchuvchisiz uchish qurilmalari ikki tomondan ham faol qo‘llanmoqda, ularning aniq sonini aytish imkonsiz, birinchidan, ikki tomon ham buni ochiqlamaydi, ikkinchidan, qancha dron urib tushirilganini aniqlash qiyin, chunki deyarli har kuni dronlardan foydalanilgani haqidagi videolar bilan birga ularning yo‘q qilingani haqidagi xabarlar ham keladi.

Nazorat va razvedka

Batareyalarga qarshi urush olib borish, ya’ni artilleriya pozitsiyalarini nishonga olishga yordam beruvchi yana bir tizim artilleriya radarlari hisoblanadi. Artilleriya front ortidagi yopiq pozitsiyalardan turib qo‘llanishi inobatga olinsa, batareyalarning joylashuvini aniqlash ancha qiyin kechadi.

Batareyalarga qarshi radar snaryadlarning uchish trayektoriyasini kuzatish orqali batareya pozitsiyasini hisoblab chiqadi. Bu artilleriya qurilmasi o‘z pozitsiyasidan olib ketilgunicha unga qarata tezkorlik bilan o‘t ochishda yordam beradi. Bunday radarlar ayniqsa tezda joyini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan o‘ziyurar artilleriya ustanovkalari bilan kurashda qo‘l keladi. Rossiyada ham «Zoopark-1» nomli batareyalarga qarshi radarlar mavjud.

Ukrainaga qanday radarlar yetkazib berilgan yoki yetkazib berishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda?

  • AQSh. Minomyotlarni kuzatish uchun batareyaga qarshi radarlar. To‘rt dona
  • AQSh. Batareyaga qarshi radarlar. 17 dona
  • Niderlandiya. AN/TPQ-36 batareyaga qarshi radarlari. Besh dona
  • Niderlandiya. Quruqlikdagi Thales Squire Ground Surveillance Radar taktik radarlari. Ikki dona
  • AQSh. AN/MPQ-64 Sentinel havo hujumidan mudofaa tizimi radari.

Bundan tashqari, matbuotda Buyuk Britaniya va AQShdan Ukrainaga boshqa turdagi batareyaga qarshi radarlar yetkazib berilishi haqida xabarlar chiqqan.

Batareyalarga qarshi radarlar nimani o‘zgartiradi?

Bunday tizimlar razvedkachi dronlar bilan yaqindan hamkorlik qilib, Ukraina artilleriyasini yanada kuchaytiradi.

Radar nafaqat raqib batareyasi joylashuvini aniq aniqlaydi, balki bu ishni juda tez amalga oshiradi ham.

Artilleriya, ayniqsa o‘ziyurar qurilmalar, javob zarbasidan qochish uchun tezda pozitsiyasini o‘zgartirishi mumkin va zarbaga reaksiya tezkor bo‘lishi juda muhim rol o‘ynaydi.

Ukraina qo‘shinlari intilayotgan aniq zarbalar berish taktikasi uchun o‘ta muhim bo‘lgan yana bir narsa - razvedka ma’lumotlari taqdim etilishidir. Tijoriy sun’iy yo‘ldosh tasvirlari dushmanning front ortidagi vaziyatini nazorat qilishda yordam beradi.

Xorijiy davlatlar Ukrainaga yana nimalar yetkazib bergan yoki yetkazib bermoqda?

  • AQSh – Mi-17V5 vertolyotlari. 16 dona
  • AQSh – Stinger ko‘chma zenit raketa majmualari. 1400 dona
  • AQSh – turli tankka qarshi majmualar (Javelin’lardan tashqari). 14 ming
  • AQSh – Javelin majmualari. 5500 dona
  • AQSh – sohil mudofaasi katerlari. Soni noma’lum
  • Slovakiya – S-300PMU zenit-raketa kompleksi. Bitta batareya
  • Buyuk Britaniya – Stormer HVM zenit-raketa komplekslari. Soni noma’lum
  • Buyuk Britaniya – Starstreak zenit-raketa komplekslari. Soni noma’lum
  • Germaniya – Gepard zenit ustanovkalari. 50 dona.
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top