10:13 / 24.05.2022
18483

Abdulaziz Komilov Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri bilan muloqot qildi

Joriy yilning 22 may kuni O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdulaziz Komilov Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal ibn Farhan ibn Abdulla bilan telefon orqali muloqot qildi.

Foto: TIV matbuot xizmati

Ikki davlat rasmiylari orasidagi muloqot haqida Saudiya rasmiy axborot agentligi xabar bermoqda. Agentlik Abdulaziz Komilovni prezidentning maxsus vakili sifatida tanishtirgan.

Xabarda yozilishicha, suhbat davomida ikki tomonlama munosabatlar, ularning ikki davlat rivojlanishiga xizmat qilish yo‘llari ko‘rib chiqilgan, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi so‘nggi voqealar, umumiy manfaatdor masalalar muhokama qilingani aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, Abdulaziz Komilov 2022 yilning 27 aprelidan beri O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

Top