07:49 / 24.05.2022
13775

AQSh Xitoy va Tayvanga nisbatan siyosatini o‘zgartirmasligi ma’lum qilindi

Baydenning Tayvanga Pekin tomonidan hujum qilingan taqdirda yordam berish haqidagi va’dasini izohlar ekan, AQSh mudofaa vaziri Ostin Lloyd Qo‘shma Shtatlar yagona Xitoy siyosatini davom ettirishini ta’kidladi.

Foto: Getty Images

Vashington Xitoy va Tayvanga nisbatan siyosatini o‘zgartirmadi, deya ma’lum qildi 23 may, dushanba kuni AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin. Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden, agar Xitoy Tayvanga qarshi qurolli tajovuz qilsa, mamlakat unga harbiy yordam ko‘rsatishiga va’da bergan edi.

Tokioda Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida bilan uchrashuv chog‘ida jurnalistning AQSh Tayvan Pekin tomonidan hujumga uchragan taqdirda unga «harbiy yordam ko‘rsatishi» haqidagi savoliga Bayden «Ha», deb javob berdi. «Bu biz olgan majburiyat», deya qo‘shimcha qildi u.

«Bizning siyosatimiz o‘zgarmadi, - dedi Ostin 23 may kuni kechqurun AQSh rahbarining bayonotlarini sharhlar ekan. - Prezident aytganidek, bizning «yagona Xitoy» siyosatimiz o‘z kuchida qoladi».

Hozircha AQSh Tayvanga nisbatan «strategik noaniqlik» tamoyiliga amal qilgan. Bir tomondan Vashington Tayvanga mudofaa qobiliyatini rivojlantirishga yordam berdi. Boshqa tomondan, u urush bo‘lsa, unga yordam ko‘rsatish borasida aniq va’da bermagan.

Pekin Tayvanni o‘zining ajralib chiqqan provinsiyasi, deb hisoblaydi, u materik bilan – kerak bo‘lsa, harbiy kuch yordamida birlashtirilishi kerak. AQSh 1979 yildan beri Pekin rahbariyatini Xitoyning yagona hukumati sifatida tan oladi. Biroq, Bayden 23 may kuni ta’kidlaganidek, bu Xitoy Tayvanni kuch bilan egallashi mumkin, degani emas.

Baydenning so‘zlariga munosabat bildirgan Pekin rasmiylari «milliy manfaatlarni himoya qilish» haqida bayonot berdi. «Xitoy xalqining suverenitet va hududiy yaxlitligini himoya qilishdagi qat’iyati, irodasi va qobiliyatini e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak», - dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbin.

Top