22:13 / 24.05.2022
32831

Qozog‘iston TIV o‘z fuqarolariga nisbatan Samarqandda shoker qo‘llanganiga munosabat bildirdi

Vazirlik rasmiy vakili Aybek Smadiyarov voqea bo‘yicha keyingi jarayonlar kuzatib borilayotgani, Qozog‘iston fuqarolarining huquqlari himoya qilinishini ta’kidladi. “Videolar ostidagi izohlarda O‘zbekiston jamoatchiligining o‘zi huquqni muhofaza qiluvchilarning harakatlarini qoralayapti”, dedi diplomat.

Foto: Inform.kz

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarov Samarqand shahrida qozog‘istonlik sayyohlar va ularning o‘zbekistonlik hamrohlariga elektroshokerga qo‘llangani voqeasiga munosabat bildirdi. Bu haqda “Kazinform” xabar bermoqda.

“Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi vaziyatga oydinlik kiritish uchun xat bilan chiqdi. Fuqarolarimiz huquqlarini himoya qilamiz”, – dedi Aybek Smadiyarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik vakillari videoni o‘rganib chiqishgan.

Videodan kadrlar

“Qayd etish kerakki, O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari bizning fuqarolarimizga elektroshoker qo‘llagani aks etgan videolar ostidagi izohlarda O‘zbekiston jamoatchiligining o‘zi huquqni muhofaza qiluvchilarning harakatlarini qoralayapti. Shu bilan birga, biz ham vaziyat bo‘yicha nazorat qilib turibmiz”, – dedi diplomat.

“U yerda ichki tekshiruv boshlangan, xodimlar chetlatilgan. Jarayonga aralashmaslikka harakat qilyapmiz va faqat o‘z fuqarolarimizga oid qismini kuzatib boryapmiz”, – ta’kidladi Qozog‘iston TIV rasmiy vakili.

Eslatib o‘tamiz, 21 mayga o‘tar kechasi Samarqand shahrida PPX xodimlari xorijlik sayyohlarni to‘xtatib, ular pasportlarini ko‘rsatishganiga qaramay IIBga olib borgan, bunga majburlash uchun elektroshoker qo‘llagan. Xodimlardan biri bu harakatlarini ularga “plan” qo‘yilgani bilan izohlagan.

Ichki ishlar vazirligi ular mansabidan chetga chiqqanini tan olib, xizmat tekshiruvi natijasiga ko‘ra javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgan.

Top