09:19 / 24.05.2022
16284

Yevrokomissiya rahbari Rossiya neftiga embargo qo‘yish xavfli ekanini bildirdi 

Agar Rossiya o‘z neftini Yevropa ittifoqiga sota olmasa, uni jahon bozoriga yo‘naltirishi va narxlarning ko‘tarilishi tufayli katta mablag‘larni qo‘lga kiritishi mumkin, deya ogohlantirdi Ursula fon der Lyayyen.

Foto: AP

Yevropa ittifoqining Rossiya neftini sotib olishdan to‘liq va zudlik bilan voz kechishi Moskvaga foyda keltirishi mumkin, dedi Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen 23 may, dushanba kuni Amerikaning MSNBC telekanaliga bergan intervyusida. Bu holatda Rossiya Yevropada sota olmagan neft hajmini jahon bozoriga olib chiqib, u yerda narxlar ko‘tarilishidan katta pul olishi mumkin bo‘ladi, deya ogohlantirdi siyosatchi.

Rossiyadan neft yetkazib berishga embargo qo‘yish masalasida Yevropa strategik o‘ylab ko‘rishi va Yevropa iqtisodiyotiga zarar yetkazmaslik uchun muvozanatni saqlashi kerak, dedi fon der Lyayyen. Shu bilan birga, u iqtisodiy sanksiyalar Bryusselning «Putin agressiyasiga qarshi eng kuchli dastagi» ekanligini ta’kidladi.

Yevrokomissiya raisining so‘zlariga ko‘ra, kelajakda Yevropa Rossiyaning qazib olinadigan energiya tashuvchilaridan butunlay voz kechadi va «hech qachon ularga qaytmaydi». 

Yevropa iqtisodiyoti nuqtayi nazaridan Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakati eng jiddiy oqibatlaridan biri Yevropa ittifoqini qayta tiklanadigan, toza energiya manbalariga o‘tishni tezlashtirishga «turtki bergani» bo‘ldi. Ursula fon der Lyayyen so‘zlariga ko‘ra, Yevropaning Rossiya energiya ta’minotiga qaramligini yanada kamaytiradigan boshqa omillar orasida AQShdan suyultirilgan gaz sotib olish bo‘yicha shartnomalar, shuningdek energiyani tejash bor.

Shu kuni, 23 mayda Germaniya iqtisodiyot vaziri Robert Habek ZDF jamoat va yuridik telekanali efirida Yevropa ittifoqi yaqin kunlar ichida Rossiyadan neft sotib olishga embargo qo‘yish bo‘yicha murosaga kelishi mumkinligini ma’lum qildi. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top