17:10 / 26.05.2022
54370

O‘zbekistonda rubl kursi sezilarli pasaydi

O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi qatorasiga to‘rtinchi kun pastladi.

Foto: Getty Images

Markaziy bank xorijiy valutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan 27 mayda amalda bo‘ladigan qiymatini belgiladi.

Unga ko‘ra, dollarning rasmiy kursi 17,76 so‘mga pastlab, 11 045, 25 so‘mni tashkil qildi. Yevro 23,02 so‘mga ko‘tarilib, 11 832,78 so‘m bo‘ldi.

25 may kuni dollar kursi ketma-ket uchinchi kun pastlab, 11 063, 01 so‘mni tashkil qilgandi.

O‘z navbatida rubl 20,82 so‘mga tushib, 176,65 so‘m bo‘ldi. O‘zbekistonda rubl kursi so‘nggi haftalar davomida muttasil mustahkamlanib kelayotgandi. Oxirgi marta jiddiy qulash 9 mart kuni kuzatilgan (-19,21), bundan ko‘proq qulash 1 martga to‘g‘ri keladi (-21,46).

Bu pasayish Rossiya Markaziy banki bir oydan ko‘proq vaqt ichida uchinchi marta foiz stavkasini pasaytirishi ortidan ro‘y berdi - 26 may kuni asosiy stavka 14 foizdan 11 foizga tushirildi. Regulyator bu qaror inflyatsion bosim kuchsizlanib borayotgani va aholi va biznesning inflyatsion kutilmalari sezilarli pasaygani kabi omillar bilan bog‘liq ekanini ma’lum qilgan. Shuningdek, rubldagi depozitlarga kirim oqimi davom etayotgani, lekin kredit faolligi o‘ta pastligi qayd etilgan.

Asosiy stavka pasayishi to‘g‘risidagi qarordan keyin Rossiyada rubl dollarga nisbatan 7,7 foizgacha zaiflashdi.

Top